Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Quroq tikish san’ati

Quroq tikish san’ati

Hozir ham yurtimizning deyarli har bir xonadonida quroq san’ati yordamida tayyorlangan buyumlar mavjuddir. Ayniqsa, kelinlarning kelinlik seplarida albatta bunday buyumlar bo‘lishi urf hisoblanadi. Bu ramziy ma’noda yosh kelin-kuyovlar turmushi to‘kin – sochin bo‘lib, farzandlari-yu avlodlari ko‘p bo‘lsin degan ma’noni anglatadi. Quroqlarning barchasi shakli, bezaklariga ko‘ra o‘ziga hos bo‘lgan ma’no, mazmunga ega bo‘lsada, aslida ular barchasining…

Hozir ham yurtimizning deyarli har bir xonadonida quroq san’ati yordamida tayyorlangan buyumlar mavjuddir. Ayniqsa, kelinlarning kelinlik seplarida albatta bunday buyumlar bo‘lishi urf hisoblanadi. Bu ramziy ma’noda yosh kelin-kuyovlar turmushi to‘kin – sochin bo‘lib, farzandlari-yu avlodlari ko‘p bo‘lsin degan ma’noni anglatadi. Quroqlarning barchasi shakli, bezaklariga ko‘ra o‘ziga hos bo‘lgan ma’no, mazmunga ega bo‘lsada, aslida ular barchasining tub negizida xalqimizga xos bo‘lgan yagona ezgu- maqsad yotadi, u ham bo‘lsa momolarimiz ta’biri bilan aytganda, “yurtimiz insonlari ulashib, qurashib, farzandlari esa bir – birini quvlashib yursin”. Demak, quroq yordamida yaratilgan amaliy san’at namunalari shunchaki buyum emas, balki xalqimiz ezgu maqsad va tilaklarining ramziy belgisi ham bo‘lib xizmat qiladi. 

Quroq tikish san’atini o‘rganish o‘zbek xalq hunarmandchiligi maktablarining o‘ziga xosligi, hududlar an’analari va kasanachi ustalar didini yaxshi bilishga, uni alohida badiiy jarayon sifatida zamonaviy xalq amaliy san’ati taraqqiyotida tutgan o‘rni va rivojlanishiga qo‘shgan hissasini aniqlashga xizmat qiladi. O‘zbek xalq amaliy san’at tarixidan quroq tikish san’ati xalqimizning nafaqat estetik did sohibi, balki isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaydigan, tejamkor va san’atga oshno qalb egasi ekanligidan ham dalolat beradi. Shuni a’lohida ta’kidlab o‘tish joizki, xalqimiz yaratgan har bir quroq san’ati asari namunalaridagi belgilar, bezaklar va ramzlar so‘zlaydi. Chunki, san’at namunalarining hech bir qismi shunchaki emas, ulardagi har bir detal va ko‘rinish xalq turmush tarzi, orzu umidlari va an’analarini o‘zida aks ettiradi.

Author: Uyushma axborot xizmati