Hunarmand uyushmasi > Uyushma haqida

Uyushma haqida

Tarixga nazar tashlab

Hunarmandchilik insonning ishlab chiqarish faoliyati bilan vujudga kelib, jamiyat rivojlanishi davomida asta-sekin dehqonchilik va chorvachilikdan ajralib chiqdi, turli ijtimoiy-tarixiy davrlar doirasida texnika rivoji bilan aloqador holda takomillasha bordi, turli ixtisosliklar (kulollik, duradgorlik, temirchilik, miskarlik, binokorlik, toshtaroshlik, oʼymakorlik, kashtadoʼzlik, koʼnchilik, tikuvchilik, toʼquvchilik, zargarlik, degrezlik, rixtagarlik, zardoʼzlik, boʼyoqchilik, kemasozlik, tunukasozlik va boshqalar)ga ajraldi. Hunarmandchilik qanday tabiiy resurslarning mavjudligiga qarab, masalan, paxta va pilla bor yerda toʼqimachilik, sifatli xomashyo bor yerda (masalan, Rishtonda) kulolchilik, jun va teri koʼp yerda toʼqimachilik va koʼnchilik, shunga qarab kosibchilik, oʼrmonlar koʼp yerda yogʼochsozlik, maʼdanlarga boy yerlarda metall ishlab chiqarish va temirchilik, dengiz va daryo boʼylarida kemasozlik va boshqalar rivoj topgan. Jamiyat taraqqiyoti bosqichlari, mehnat taqsimoti bilan aloqador holda hunarmandchilikning 3 turi shakllangan: 1) uy hunarmandchiligi; 2) buyurtma bilan mahsulot tayyorlaydigan hunarmandchilik; 3) bozor uchun mahsulot tayyorlaydigan hunarmandchilik.

Uy hunarmandchiligi oʼrta asrlarda hunarmandchilikning eng koʼp tarqalgan turi boʼldi. Hunarmandchilikning bu turi natural xoʼjalikning ajralmas qismi hisoblanadi. Shaharlar rivoji buyurtma bilan hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlash va bozorga hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishning jadal oʼsishi bilan uzviy bogʼliq. Natijada hunarmandchilik mahsulotlari tovarga aylandi, tovar ayirboshlash uchun ishlab chiqarildi. Davr taqozosi bilan hunarmandchilikning yangi-yangi turlari vujudga keldi. Hunarmandlar ham turli mahsulotlar tayyorlash boʼyicha ixtisoslasha bordilar. Shaharlardagi mahallalar hunarmandlarning kasb-koriga qarab shakllangan (masalan, 20-asrning boshlarida Toshkentda koʼnchilar, kulollar, egarchilar, beshikchilar, oʼqchilar, kosiblar mahallalari boʼlgan). Аyrim mahalla, kvartal, shahar, oʼlkalar hunarmandchilikning maʼlum mahsulotlari bilan shuhrat qozona boshladilar.

Hunarmandchilik tovar – pul munosabatlariga kengroq va chuqurroq tortilganligi sari tabaqalashdi. Uddaburon va serharakat hunarmandlar boyib dastlabki kapital jamgʼarilishi tufayli kapital sohibiga aylandi va ularning ustaxonalari negizida kichik zavod va fabrikalar vujudga keldi. Hunarmandchilik Yevropa shaharlarida sanoat rivojiga ham oʼz hissasini qoʼshdi (toʼqish dastgohlari takomillashdi, 14-asr oʼrtalarida Germaniyada domna pechlarining paydo boʼlishi metallurgiyada jiddiy oʼzgarishlarga olib keldi. Kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari hunarmandchilikning keyingi taraqqiyotiga zarba berdi, hunarmandchilikning koʼpgina sohalari tushkunlikka uchradi. Sanoat toʼntarishi oqibatida tez va arzon ommaviy ishlab chiqarila boshlagan fabrika, zavod mahsulotlari hunarmandchilik mahsulotlarini bozordan siqib chiqardi.

Rivojlangan mamlakatlarda yakka buyurtmalar va qimmatbaho badiiy buyumlar tayyorlaydigan hunarmandchilik sohalarigina (tikuvchilik, etikdoʼzlik, gilamchilik, zargarlik, oʼymakorlik va boshqalar) saqlanib qoldi.

20-asrning boshlarida esa mashinalashgan ishlab chiqarish keng yoʼlga qoʼyilishi bilan hunarmandchilik mahsulotlarining tur tarkibi va ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi. 20-asr davomida va 21-asr boshlariga kelib yirik industrial ishlab chiqarish qaror topgan boʼlsa-da, hunarmandchilikning mavqei saqlanib qoldi. Hunarmandchilikning bozorda segmenti kichik boʼlganidan yirik ishlab chiqarish egallay olmaydigan, talab individuallashgan oʼz oʼrni bor. Mini texnologiyaning paydo boʼlishi hunarmandchilikda tovarlarni yakka tartibda va sifatli ishlab chiqarish imkonini beradi. Bunga milliy ust-boshlar, milliy cholgʼu asboblari, mayda asbob-uskunalar, turli yodgorlik buyumlari ishlab chiqarish va xizmat koʼrsatishni kiritish mumkin. Hozirgi hunarmandchilik kichik biznes tarkibidagi yakka mehnat faoliyati va oilaviy korxonalardan iborat.

Oʼzbekiston hududida neolit davridayoq hunarmandchilikning dastlabki muhim tarmogʼi hisoblangan sopol buyumlar ishlab chiqarish va toʼqimachilik vujudga keldi (Xorazm vohasidagi Kaltaminor madaniyati, Surxondaryodagi Sopollitepa va boshqalar). Mil. av. 2-asrdan boshlab hunarmandchilik mahsulotlari savdosida Buyuk ipak yoʼli muhim ahamiyatga ega boʼldi. Oʼrta asrlarda Sharq mamlakatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (Аrab xalifaligida poʼlat, Oʼrta Osiyo va Hindistonda shoyi, chinni, qogʼoz) Yevropa bozorlarida qadrlandi. Hindistonda paxtadan nafis mato, Xitoyda ipak mato toʼqiydigan dastgohlar vujudga keldi, Xitoy va Oʼrta Osiyoda shisha tayyorlash texnologiyasi takomillasha bordi.

9–10-asrlarda Oʼrta Osiyoda yirik hunarmandchilik markazlari paydo boʼldi. Ip mato, gilam (Urganch, Shosh), shoyi (Marv), mis va temirdan yarogʼ-aslaha, pichoq tayyorlash (Fargʼona), shoyi matolar, shisha mahsulotlari tayyorlash (Buxoro) avj oldi. 13-asrda moʼgʼullar bosqini hunarmandchilik rivojiga zarba berdi. Temuriylar davlatining vujudga kelishi hunarmandchilik rivojiga juda katta ijobiy taʼsir koʼrsatdi.

Oʼrta Osiyoda hunarmandchilikning barcha turlari 20-asrning 20-yillarigacha saqlandi. Buxoro, Samarqand, Qoʼqon, Xiva, Toshkent kabi shaharlarning ishlab chiqarish munosabatlarida hunarmandchilik katta rolь oʼynadi (mas., 19-asrning 60-yillarida Xivada hunarmandchilikning 27 turi rivoj topgan, shahardagi bozorlarda hunarmandlarning 556 doʼkoni boʼlgan, 80-yillarda shaharda 2528 xoʼjalik hunarmandchilik bilan shugʼullangan).

Oʼzbekistondagi hunarmandchilik chuqur ixtisoslashgan boʼlib, oʼzida xilma-xil kasb-korlarni birlashtirgan. Masalan, terini qayta ishlash sohasida koʼnchilar, etikdoʼzlar, maxsidoʼzlar, kovushchilar, egar-jabduqchilar, telpakchilar, poʼstinchilar, kamarchilar; toʼqimachilik sohasida boʼzchilar, atlaschilar, gilamchilar, sholcha va namatchilar; metallni ishlash sohasida temirchilar, taqachilar, miskarlar, chilangarlar, zargarlar kabi kasblar boʼlgan. Bular hunarmandchilikning tarmoq strukturasini belgilangan.

Sharqdagi musulmon ustaxonalarida boʼlgani kabi Oʼzbekistonda chevarlik, kashtachilik bilan ayollar uyda oʼtirib shugʼullanishgan. Hunarmandchilikning ijtimoiy strukturasida usta, xalfa va shogird kabi ijtimoiy toifalar mavjud boʼlgan. Hunarmandchilikning ichki tartib va qoidalarini uning nizomi sifatidagi «Risolalar» belgilab bergan. Har bir kasbning oʼz rahnamosi, yaʼni piri va «Risolasi» boʼlgan, avloddan-avlodga oʼtuvchi odatlari va udumlariga rioya etilgan. Masalan, ish boshlashdan oldin usta oʼz pirini yodga olib undan madad soʼrash, shogirdiga fotiha berish kabi odatlarga amal qilingan.

Oʼzbekiston Rossiya mustamlakasiga aylangach, hunarmandchilik monopoliya sanoatining raqobatiga duch kelib, oʼzining ilgarigi mavqeini yoʼqotgan boʼlishiga qaramay, uning koʼp tarmoqlari saqlanib qoldi, chunki u milliy ehtiyojni qondiradigan tovarlarni, chunonchi, kiyim-kechak, idish-tovoq, turli uy-roʼzgʼor buyumlari, mayda mehnat qurollarini yaratib, ularni mahalliy bozorga yetkazib berdi. Hunarmandchilikning yashovchanligini taʼminlashda chet eldan keltirilgan xomashyo, materiallar, kichik uskunalar muhim rolь oʼynadi. Mas., АQShdan keltirilgan teri boʼyogʼidan foydalanib koʼnchilar amirkon deb nomlangan yupqa charm ishlab chiqara boshladi. Shu munosabat bilan amirkon etik, mahsi va kovushlar paydo boʼldi. Germaniyadan «Zinger» firmasining tikuv mashinalari keltirilishi bilan tikuvchilik (chevarlik) keng yoyildi.

20-a.ning 20-yillarida shoʼrolar hokimiyati qaror topishi bilan hunarmandlarning asosiy qismi dastlab artellarga, keyinchalik, zavod, fabrikalarga, badiiy buyumlar korxonalariga jalb qilindi. Ularga xomashyo, material, asbob-uskunalar davlat tomonidan yetkazib beriladigan, yaratilgan mahsulotlar doʼkonlar va matlubot kooperatsiyasi orqali sotiladigan boʼldi.

Oʼzbekiston mustaqillikni qoʼlga kiritgandan soʼng hunarmandchilik rivojida yangi davr boshlandi, xalq hunarmandchiligi bozor qoidalari zamirida qaytadan tiklandi. Oʼzbekistonda mahalliy sanoat korxonalarining birinchilar qatori xususiylashtirilishi natijasida mayda davlat korxonalari hunarmandlarning xususiy korxonalariga aylantirildi, yangi hunarmandchilik korxonalari ochildi. Hunarmandchilik faqat ichki bozorga emas, balki eksportga ham ishlay boshladi. Hunarmandchilikning tashkiliy shakli ham oʼzgardi: kichik oilaviy korxona, yakka tartibdagi mehnat faoliyati shaklida rivojlana bordi. 1995 y. 24–25 okt.da Toshkentda BMTning Oʼzbekistondagi doimiy vakolatxonasi bilan amaliy hamkorlikda Oʼzbekiston xalq ustalari va hunarmandlari 1-Respublika yarmarkasi oʼtkazildi.

1997-yilda respublika xalq amaliy san’ati va hunarmandlari ustalarining “Usto” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi tashkil topdi.

Mustaqillik yillarida xalq amaliy sanʼatiga alohida eʼtibor berildi. Xalq ustalarining mehnatlari qadr topdi. Sanoatlashuv sabab yoʼqolib ketish darajasiga kelgan hunarmandchilik turlari qayta tiklandi, bir necha yuz yillik sulolalar davomchilariga alohida eʼtibor koʼrsatildi, hunarmandchilik markazlari boʼlgan shaharlarimizda usta-shogird maktablari tashkil etildi.

Milliy hunarmandchilik va amaliy sanʼatni yanada rivojlantirish, xalq ustalarini qoʼllab-quvvatlash, ularning mehnatlarini munosib ragʼbatlantirish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi xalq ustalari, hunarmandlari va musavvirlari “Hunarmand” uyushmasi tashkil qilindi. Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1997 yil 31 martdagi «Xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy sanʼatini rivojlantirishni davlat yoʼli bilan qoʼllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi 1741-sonli Farmoni asosida tashkil etilgan uyushma dastlab «Musavvir» ilmiy ishlab chiqarish markazi tarkibida boʼlgan (1997–2008). 2008 yil 5 mayda uyushma Nizomi Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligida P–265-raqam bilan nodavlat notijorat respublika tashkiloti sifatida qayta roʼyxatdan oʼtkazilgan.

Uyushmaning faoliyatiga doir

“Hunarmand” uyushmasining tashkil etilishi mamalakatimizda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, noyob va yoʼqolib ketgan hunarlarni qayta tiklash, mavjud resurslardan foydalangan holda qoʼl mehnati ila sanʼat asari yaratayotgan hunarmandlarimiz ishlarini munosib baholash, ular yaratgan badiiy ijod namunalarini nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham namoyish etish, mehnat va ijod qilishlari uchun sharoit yaratish, mehnatlarini ragʼbatlantirish, qoʼllab-quvvatlash borasida muhim qadam boʼldi. Oʼtgan yillar davomida 22 mingga yaqin hunarmandlar uyushma aʼzolari boʼldilar. Bu koʼrsatkich yildan-yilga ortib bormoqda.

Hunarmandlarimiz koshinkorlik, ganchkorlik, yogʼoch oʼymakorligi, zargarlik, zardoʼzlik, kashtadoʼzlik va kandakorlik yoʼnalishlarida muvaffaqiyatlarga erishishdi. Birgina zardoʼzlik yoʼnalishida naqshlarning 50 dan ortiq turlari qayta tiklandi. Ipak va paxtadan tayyorlangan gazlamalar, kashta va gilam toʼqish uchun moʼljallangan iplar, kulollik buyumlari va koshinkorlik mahsulotlarini ranglash borasida olib borilgan izlanishlar natijasida oʼsimliklardan tabiiy rang olish texnologiyalari yaratildi.

Bugungi kunda har bir hudud oʼziga xos zardoʼzlik, zargarlik, misgarlik, temirchilik, miniatyura, kashtadoʼzlik, kulollik kabi turli hunarmandchilik maktablariga mavjud. Bu maktablar mustaqillik yillarida yanada rivojlandi, ularni avloddan-avlodga meʼros qilib olib, davom ettirib kelayotgan usta-hunarmandlarimiz, buvi-onalarimiz hunarlari sirlarini yoshlarga oʼrgatmoqda. Ushbu hunarlar sulolalar davomchilari tomonidan davom ettirilmoqda.

Hunarmandlarimiz oʼz ustaxonalarida “Usta-shogird” maktablari tashkil etib, koʼplab yoshlarga hunar sirlarini oʼrgatdmoqdalar.

Oʼzbekiston «Hunarmand» uyushmasining Аndijon viloyat boshqarmasi qoshida milliy qoʼgʼirchoqlar ishlab chiqarish korxonasi, Toshkent viloyati Parkent tumani «Hunarmand» boʼlimi qoshida milliy gilam toʼqish, chokli buyumlar tikish sexi, Surxondaryo viloyati Denov tumani «Hunarmand» boʼlimi qoshida gilam va eshik-rom ishlab chiqarish sexlari tashkil etilgan. Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlar tikuvchi mini fabrika faoliyati yoʼlga qoʼyilgan. Uyushmaning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan Samarqand shahar hokimining 214–K qarori bilan «Samarqand hunarmandlari markazi» tashkil qilindi (2010). Bugungi kunda “Samarqand hunarmandlar markazi”da Habib Turdialiev (naqqosh), Zarif Muxtorov (Samarqand qogʼozi), Bobomurod Haydarov (cholgʼu asboblari ustasi), Nutfillo Saidov (kandokor), Mavluda Hamdamova (kashtadoʼz), Jamol Esanov (yogʼoch oʼymakori), Bahrom Berdiev (kulol), Xudoyberdi Haqberdiev (kulol), Oybek Tillaev (zargar)lar faoliyat koʼrsatmoqda. Marakazda hunarmandchilik mahsulotlari doimiy koʼrgazmasi tashkil qilingan.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoevning 2016 yil 27 dekabrdagi PQ–2699-sonli qaroriga asosan Hunarmandchilik faoliyatining asosiy oʼynalishlari, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan buyumlar va tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlarining 34 yoʼnalishdagi roʼyxati tasdiqlandi. Hunarmandchilik mahsulotlarini xorijiy davlatlarga olib chiqish borasida ham hunarmandlarimizga talay imtiyozlar berilgan, jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 26 apreldagi 245-sonli Qaroriga asosan 24 yoʼnalishdagi hunarmandchilik mahsulotlari ekspertiza yigʼimidan ozod etildi. Hunarmandlarimiz ushbu imtiyozlardan munosib ravishda foydalanib, ishlab chiqargan mahsulotlari bilan xalqaro festivalь, koʼrgazma-tanlovlarda ishtirok etmoqdalar. Milliy hunarmandchilik mahsulotlarimizni xorijiy davlatlarda ham namoyish etish va hunarmandlarimiz tomonidan yaratilayotgan mahsulotlarga chet elliklarning qiziqishini inobatga olib, dunyoning 30 ga yaqin davlatlarida 100 dan ortiq hunarmandlarimizning hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etilgan. Dunyo miqyosida oʼtkazilayotgan koʼplab nufuzli koʼrgazma va festivallarda hunarmandlarimiz ishtiroki taʼminlanmoqda. Bu tadbirlarda usta-hunarmandlarimizning munosib ishtiroki tashkilotchilar tomonidan eʼtirof etilib, ular diplomlar, sertifikatlar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Oʼnga yaqin hunarmandlarimizning shaxsiy koʼrgazmalari tashkil qilingan. Har yili uyushma aʼzolaridan 10 dan ortigʼi Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʼllab-quvvatlash Fondidan grant mablagʼlari olib, oʼz faoliyatlarini rivojlantirishga sarflamoqdalar.

Bu kabi imtiyozlardan munosib foydalanayotgan hunarmandlar Navroʼz, Mustaqillik bayramlari munosabati bilan oʼtkazib kelinayotgan tadbirlarda va turli koʼrik-tanlovlarda faol ishtirok etishmoqda (Prezident sovrini uchun har yili oʼtkaziladigan «Tashabbus» koʼrik-tanlovi; «Yosh ijodkorlar», «Usta-shogird» koʼrgazmalari; «Oʼzbekiston xalq amaliy sanʼati – dunyo nigohida», «Mustaqillik nafasida kamol topgan hunarmandlar», «Xalq isteʼmol tovarlari koʼrgazma savdosi», «Yosh kulollarning respublika koʼrgazmasi», «Mustaqil yurt hunarmandlari», «Ipak va ziravorlar», «Аtlas bayrami» festivallari; «Vatanim taraqqiyotiga mening hissam», «Yurt istiqboli», «Yosh tadbirkor – yurtga madadkor», «Yilning eng faol yosh mutaxassisi», «Mening biznes gʼoyam» kabi tanlovlar).

Muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 17 noya­br­dagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlan­ti­rish va hunarmandlarni har tomonlama qoʼllab-quv­­vatlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Far­moni oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik bi­lan shugʼullanayotgan insonlarga shart-sha­roit­lar yaratishga yanada keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu tarixiy hujjat xalq amaliy sanʼatini yangi bosqichga olib chiqish bilan birga aholi da­­­­­­romadlarining oshishiga turtki boʼldi. Аzaldan hunarmand va yaratuvchan boʼlgan xal­qi­mizning mehnati mahsuli boʼlgan kashtachilik, zargarlik, oʼymakorlik, zardoʼzlik, haykal­ta­rosh­­lik nafaqat shu yurtda yashaydigan odam­lar­ni, balki butun dunyoni oʼziga rom etib kelgan. Mazkur farmonda “Hunarmand” uyushmasi aʼzo­­­­­­­­lariga imtiyozli kreditlar berish koʼzda tu­­til­ganligi esa soha rivojiga xizmat qilish bi­lan bir­ga uyushmaning oʼrni va nufuzini ham oshirdi.

Darhaqiqat, hunarmand kishi hech qa­chon kam boʼlmaydi. Ular faoliyati mustaqillik yarat­­­gan imkoniyatlar tufayli davlatimiz to­mo­ni­dan har tomonlama qoʼllab-quvvat­la­na­yot­ganligi xal­qi­mizning boy madaniy mero­sini saqlash va ri­vojlantirishga hissa qoʼsh­moqda, yangi tur­dagi hunarmandchilik mahsulot­lari yaratili­shi­ga yoʼl ochib, “Ustoz-shogird” anʼ­ana­larining uzviy­li­gi­ni taʼminlamoqda. Ustozi­dan biror buyum yasashni oʼrgangan oddiy kollej biti­ruv­chisi er­taga oʼzi mus­taqil ish bosh­laydi, yangi tad­bir­kor­lik subʼ­ekti tashkil etib, daromad ola­di. Soha sir­lari­ni u ham sho­gird­lariga oʼr­ga­tadi. Mana shuning oʼziyoq far­monning naqadar hayo­tiy­ligini, odam­larning farovon hayot kechi­rishini taʼminlashga hissa qoʼshayotganining isbotidir. Bir soʼz bilan aytganda, farmon milliy hu­nar­­mandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishga hissa qoʼshayotgani bi­lan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu Farmon va Qaror oʼz navbatida, zimmasizga bir qator muhim vazifalar va ulkan masʼuliyatni yuklaydi.Uning ijrosini oʼz vaqtida taʼminlash, belgilangan topshiriqlarni amalga oshirish yuzasidan Davlatimiz tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash va koʼrsatilgan yuksak eʼtiborning qadriga yetish, xalqimiz oldidagi burchimizni astoydil ado etish bizning bosh maqsadimizdir. Xalqimizning asrlar boʼyi qilgan ijodiy mehnati natijasida yaratilgan va yaratilayotgan oʼzbek xalq hunarmandchiligi va amaliy sanʼatini koʼz qorachigʼidek asrash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish, yoshlarga oʼrgatish orqali ularning estetik didini oʼstirish hamda yuksak madaniyatli kishilar qilib tarbiyalash xam asosiy vazifalarimizdan xisoblanadi.

Maʼlumki yurtimizda hunarmandchilik qadimdan taraqqiy etgan ajdodlarimiz ushbu sohaning koʼplab turlari bilan faol shugʼullangan xalqimiz hunar oʼrganib, turli bejirim buyumlar yaratish, kudalik hayotda asqatadigan jihozlar tayyorlash, shu orqali oʼz mehnati bilan odamlarga naf keltirishni qadriyat darajasiga koʼtargan. Hunarmandchilikning u yoki bu yoʼnalishi bir oila vakillarining asosiy mashgʼulotiga aylanishi natijasida mohir hunarmandlar sulolasi vujudga kelgan. Joylarda oʼziga xos maktablar shakllangan. Bugungi kunda mamlakatimizda hunarmandchilikning 34 ta yoʼnalishi mavjud.

Biz bilan bog‘laning