"Hunarmand" uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > 10-11 aprel kunlari poytaxtimizdagi “Navro‘z” etnografik bog‘ida “Kulollar sayli” milliy kulolchilik mahsulotlari auksion savdosi xayriya tadbiri tashkil etdi

10-11 aprel kunlari poytaxtimizdagi “Navro‘z” etnografik bog‘ida “Kulollar sayli” milliy kulolchilik mahsulotlari auksion savdosi xayriya tadbiri tashkil etdi

Joriy yilning 23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi 5033-sonli qarori qabul qilindi. Qarorda milliy hunarmandchilikning muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan kulolchilik san’atini rivojlantirish, kulolchilik an’analarini milliy iftixor ramzi sifatida har bir xonadon, mahalla hamda idora va tashkilotlarda keng targ‘ib qilish belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan…

Joriy yilning 23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi 5033-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorda milliy hunarmandchilikning muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan kulolchilik san’atini rivojlantirish, kulolchilik an’analarini milliy iftixor ramzi sifatida har bir xonadon, mahalla hamda idora va tashkilotlarda keng targ‘ib qilish belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan joriy yilning 10-11 aprel kunlari poytaxtimizdagi “Navro‘z” etnografik bog‘ida “Kulollar sayli” milliy kulolchilik mahsulotlari auksion savdosi xayriya tadbiri tashkil etdi.

Kulolchilik mahsulotlari auksion savdosi sotuvidan tushgan mablag‘ning bir qismi mehribonlik uylariga xayriya tarzida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbar va xodimlari, yurtimizdagi barcha kulolchilik maktablarining vakillari bo‘lgan usta kulollar, hunarmandlar, tadbirkorlar, mutasaddi vazirlik idora va tashkilotlar vakillari, san’atkorlar va ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, va blogerlar ishtirok etdi.

Xayriya tadbirida kulolchilik maktablari vakillari bo‘lgan usta kulollar, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan sulola vakillari, xalq ustalarining mahsulotlari ko‘rgazmasi, mahorat darslari namoyishi, sumalak sayli va xalqimiz sevgan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

“Kulollar sayli” tadbirining ochilish marosimi 10 aprel kuni soat 11.00 da boshlanadi. Ochilish marosimini Jahon Hunarmandlar Kengashi – Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasi raisi, O‘zbekiston Savdo – sanoat palatasi raisi Adham Ikramov, O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev Kirish so‘zi bilan ochib berdi.

So‘zga chiqqanlar “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining asosiy yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdilar. Jumladan, 16 ta tuman va shaharlarda 20 ta kulolchilik markazlarini tashkil qilish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yangi turmush qurayotgan 100 ming nafar xotin-qizlarga reja bo‘yicha “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasi hisobidan kulolchilik mahsulotlari to‘plamini sovg‘a qilish tizimi, hunarmandchilik markazlari, yirik savdo majmualari, turistik marshrutga kiritilgan ob’yektlar va bozorlarda kulolchilik mahsulotlari savdosini tashkil qilish, Milliy kulolchilik mahsulotlarini tashqi bozorlarda keng targ‘ib etish va savdosini oshirish, kulollarga shogirdlarni tayyorlash, zarur xomashyolarni sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratish kabi muhim yo‘nalishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Ta’kidlaganidek, “Hunarmand” uyushmasi tomonidan 2020 yilda usta-hunarmandlarni jalb qilgan holda kulolchilik yo‘nalishida 256 ta o‘quv kurslari tashkil etilib, 1 mingdan ortiq shogirdlar kasb-hunarga o‘rgatildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2018-2020 yillarda 32,6 mlrd so‘mlik 1 126 ta kulolchilik loyihalari amalga oshirildi.

Kulolchilik yo‘nalishida band bo‘lgan ustalar soni 1 582 nafarga hamda shogirdlar soni 4 902 nafarga yetdi.

Ochilish marosimida kulollar ham so‘zga chiqadilar. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, akademik, kulollar sulolasi 5-avlod vakili Akbar Raximov so‘zga chiqib, tarixiy qaror qabul qilinganligi bilan kulollarni qolaversa, barcha hunrmandlarni tabrikladi.

Tadbirning Madaniy qismida “O‘zbekiston” ashula va raqs ansambli xonanda, sozanda va raqqosalari ijrosida konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. Kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, sumalak sayli boshlanadi. Kulollar saylida kulolchilik maktablarining usta kulollari, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan sulola vakillari, xalq ustalarining mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, mahorat darslari namoyishi bo‘lib o‘tdi.

10 aprel kuni soat 14.00 da “Kulollar sayli” tadbiri doirasida milliy kulolchilik mahsulotlari auksion savdosi xayriya tadbiri o‘tkazildi.

Ushbu auksion savdoda 20 nafar kulollarning 30 dan ortiq ijodiy ishlari sotuvga qo‘yildi. Kulolchilik mahsulotlari auksion savdosidan tashgan mablag‘larning bir qismi mehribonlik uylariga xayriya tarzida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi
“Hunarmand” uyushmasi Axborot xizmati