Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Oʼzbekiston Respublikasining “Hunarmandchilik faoliyati toʼgʼrisida” gi qonun loyihasining kontseptsiyasi muhokamasi yuzasidan yigʼilish oʼtkazildi

Oʼzbekiston Respublikasining “Hunarmandchilik faoliyati toʼgʼrisida” gi qonun loyihasining kontseptsiyasi muhokamasi yuzasidan yigʼilish oʼtkazildi

Joriy yilning 2 fevralь kuni Oʼzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasining majlislar zalida Oʼzbekiston Respublikasining “Hunarmandchilik faoliyati toʼgʼrisida” gi qonun loyihasini muhokamasi yuzasidan yigʼilish oʼtkazildi.
Yigʼilishni Uyushma raisi U.Аbdullaev kirish soʼzi bilan ochdi.
Uyushma raisi oʼz soʼzida “Hunarmandchilik faoliyati toʼgʼrisida” gi qonun loyihasini ishlab chiqish uchun Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti jamoasi bilan hamkorlikda ish olib borilayotganligi haqida gapirdi. Shuningdek, Uyushma raisi oʼz soʼzida qonunda hunarmand degan soʼzga alohida ta’rif berish lozimligi hamda uyushma qoshida malakali soha mutaxassislaridan iborat 10 kishilik ilmiy kengashning tuzilishi kerakligi haqida soʼz yuritdi.
Yigʼilishda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti vakili А. Аkilov soʼzga chiqib, har bir qonunni ishlab chiqish muammolari, Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi oʼrtasidagi munosabatlar, “Hunarmandchilik faoliyati toʼgʼrisida”gi qonun loyihasi kontseptsiyasida 5 ta masala qoʼyilganligi toʼgʼrisida gapirdi va qonun loyihasining kontseptsiyasini umumiy tarzda sharhlab berdi. Shuningdek, sohadagi chet el qonunlari talablariga koʼra ularda hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar standartlarga mos kelishi lozimligi talab qilinishi, bizda ham bu narsalarga eьtibor berishlari lozimligi haqida gapirdi.
Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Аkbar Hakimov hunarmandchilik turlari haqida soʼz yuritdi. Jumladan, badiiy hunarmandchilik, xalq amaliy sanʼati, amaliy sanʼat va noananʼaviy amaliy sanʼat tushunchalari nafaqat nazariy, balki amaliyot bilan ham bevosita bogʼliq. Professionallik haqida gap ketganda bir misol: agar hunarmand sanʼat institutida tahsil olsa u endi hunarmand emas, balki badiiy rassomga aylanadi. Ularni faqat anʼanaviy ishlaysan deb chegaralab boʼlmaydi, ular istagan yoʼnalishida ijod qilishi mumkin. Hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda jahon standartlari qoidalarini oʼrnatish mumkin. Men albatta gʼoyaviy emas, balki ekologik standartlarni nazarda tutayapman. Jahon tajribasini oʼrgansak, YuNESKO oʼz standartlarini ishlab chiqqan va har yili oʼzbekistonlik hunarmandlar ham sifat sertifikatini qoʼlga kiritishadi. Buni ishlab chiqish jahon bozoriga chiqishga yordam beradi. Yana shuni eʼtiborga olish kerakki, bizda koʼplab hunarmandchilik yoʼnalishlarida tarixiy anʼanalar saqlanib qolgan, xorijiy davlatlar, ayniqsa, Yevropada esa anʼanalar unutilgan va u yerda hunarmandchilik zamonaviy sanoatning bir tarmogʼiga aylangan va rivojlangan. Shu sabli anʼana tushunchasi qonunda aks ettirilishi kerak. Hunarmandchilik anʼanalari sharq va arab davlatlarida yaxshi saqlanib qolgan, shu sababli qonunni ishlab chiqishda ularning tajribasini oʼrganish katta yordam beradi. Chunki hunarmandchiligimiz ildizi islomga borib taqaladi, va mushtaraklikka ega. 9-10 asrlarda shakllangan anʼanalar bugungi kungacha davom etib kelmoqda. Bundar tashqari professional taʼlim tushunchasiga ham ehtiyot boʼlib yondashish kerak, sababi, oliy taʼlim olgan yoshlar endi anʼanalar asosida emas balki erkin uslubda ijod qila boshlaydi. Shu sababli oliy taʼlim bilan birga usta-shogird maktablarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilishi kerak. Shuningdek, anʼanaviy xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼatini rivojlantirayotgan, tarixiy anʼanaarni saqlab kelayotgan hunarmandlarga koʼproq imtiyozlar berilishi kerak va ushbu yoʼnalishlarni asrab qolishimiz kerak. Yana bir masalaga alohida eʼtibor qaratilishi kerak, davlat tmonidan ajratilgan mablagʼ hisobiga uyushma qoshida tuzilgan fond mablagʼlari hisobiga milliy hunarmandchilik mahsulotlarini sotib olish kerak.
Yigʼilish ishtirokchisi sanʼatshunos Ravshan Fathullaev bugungi kunda zamonaviy obʼektlarda Yevropa uslubidagi bezak, tasvir, naqsh va ganch ishlatilishi sabab milliy nqqoshligimiz va ganch oʼymakorligimizga eʼtibor pasaygan. Bu esa bu yoʼnalishda ijod qilayotgan ustalarning ham kamayib ketishiga yoki ijod qilmasliklariga sabab boʼladi. Shu maʼnoda uyushmaning vakolatlarini sal kengaytirgan holda davlat va xususiy binolar tenderida birinchilar qatorida milliy yoʼnalishda ijod qiladigan ustalarni uyushma orqali ishtirokini taʼminlash va uyushma tomonidan bu borada nazorat oʼrnatilishiga yoki tavsiyalar berilishiga erishish kerakligi haqida gapirdi. Yana bir taklif, amaliy sanʼat va hunarmandchilik sohasidagi sanʼatshunoslarni ham uyushmaga aʼzo qilish masalasini koʼrib chiqish kerak, sababi nazariya va amaliyot birgalikda olib borilishi kerak. Sanʼatshunoslarning ilmiy salohiyatidan uyushma va hunarmandlar amalda foydalanishlari kerak deb oʼylayman. Kelajakda soha mutaxassislari bilan hamkorlikda koʼplab ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish, hunarmandchilikni rivojlanishiga xizmat qiladi.
Sanʼatshunos Dilnoza Narzullaeva ham soʼzga chiqib qonun loyihasiga oʼz takliflarini bildirdi. Jumladan, muzeylar qoshida usta-shogird maktablarini tashkil etish nafaqat muzeylarga sayyohlar kelishini kuchaytiradi, balki yoshlarga hunar oʼrgatishga, anʼanaviy hunarmandchilik anʼanalarini targʼib qilishga ham koʼmaklashishi haqida gapirdi.
Oʼzbekiston Badiiy akademiyasi badiiy ijodkorlar uyushmasining xalq amaliy san’ati shoʼbasi mudiri, Oʼzbekiston xalq ustasi Hakimjon Inagʼomov oʼz fikrlarini bayon etib, “Ustoz-shogird” an’analari boʼyicha talabalarni akademiyaga jalb qilganliklarini, lekin bu tadbir muvaffaqiyatga erishmaganligini, keyingi vaqtlarda san’atshunoslarimiz Marokash va boshqa davlatlardan uslubiy yarim tayyor mahsulotlar olib kelib, oʼzimizning milliy qadriyatlarimizga e’tibor pasayib ketayotganligini, avvalgi vaqtlarda hunarmandlar va san’atshunoslar ham Ilmiy kengashlardan oʼtgan ishlardan foydalanganliklarini, shuning uchun qabul qilinajak qonunda Ilmiy va Badiiy kengash masalalariga ham alohida e’tibor berish lozimligi haqida gapirib oʼtdi.
“Hunarmand” uyushmasi raisi oʼrinbosari Аkobir Hakimovga oʼz soʼzida qonun qabul qilinayotganda hunarmandchilik turlarining yaxlitligini yoʼqotmaslik kerakligini, qabul qilinayotgan qonunda xalq amaliy san’ati masalalari, hunarmandchilik masalalariga, Badiiy kengashga taʼrif berilishi kerakligini, hunar, badiiy hunar, amaliy bezak san’ati kabi tushunchalar qonunda oʼz aksini topmogʼi lozimligini ta’kidladi.
Yigʼilishda “Hunarmand” uyushmasi yuriskonsul’ti va uyushma boʼlim boshliqlari “Hunarmandchilik faoliyati toʼgʼrisida”gi qonunning qabul qilinishining muhimligi, bu qonunning qabul qilinishi hunarmandchilik faoliyatini qonuniy yoʼl bilan mustahkamlashdan tashqari sohadagi munosabatlarni tarqoq tarzda tartibga solinganligini, huquqni qoʼllashdagi turlicha talqin qilishlarni oldini olib, ba’zi bir rivojlangan chet mamlakatlar kabi bizda ham hunarmandchilik faoliyatini qonun darajasida tartibga solishligini gapirdilar.
Uyushma Аxborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati