Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yer masalasida tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yer masalasida tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi

Murojaatda aytilishicha, hozirda yer uchastkalari faqat elektron onlayn-auksion orqali ajratilmoqda, tuman (shahar) hokimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer maydoni ajratish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati bekor qilingan. Shunga qaramasdan, joylarda hanuzgacha yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilmalarni qurish, yengil qurilmalarni o‘rnatish, avtobus bekatlari o‘rnida hech bir ruxsatsiz savdo do‘konlarini qurish kabi salbiy holatlar…

Murojaatda aytilishicha, hozirda yer uchastkalari faqat elektron onlayn-auksion orqali ajratilmoqda, tuman (shahar) hokimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer maydoni ajratish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati bekor qilingan.

Shunga qaramasdan, joylarda hanuzgacha yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilmalarni qurish, yengil qurilmalarni o‘rnatish, avtobus bekatlari o‘rnida hech bir ruxsatsiz savdo do‘konlarini qurish kabi salbiy holatlar ko‘plab uchramoqda.

So‘nggi vaqtlarda o‘zining tanishlari orqali yer olib berishni va’da qilayotgan yoki turli soxta “qarorlarni” ko‘rsatib, kadastr hujjatini keyin hal qilib berishga ishontirib, yer sotib olishni taklif etayotgan shaxslar ko‘payib ketgan. Ularga ishonmang.

«Tadbirkor mulkini buzish, unga zarar yetkazish bizning maqsadimiz emas», – deyiladi murojaatda.

Ammo o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerda qurilgan bino va inshootlarning mulk huquqi e’tirof etilmaydi. Aksincha, ushbu yerni davlat zaxirasiga qaytarish uchun qurilgan binolar hech qanday kompensasiya to‘lanmasdan buziladi hamda aybdor shaxslar jazoga tortiladi.

Ortiqxo‘jayev poytaxt aholisi va deputatlarga ham murojaat qilib, o‘zlari yashayotgan hududlarda noqonuniy ravishda o‘rnatilayotgan yengil qurilma do‘konlar, fast-fud shoxobchalari va avtobus bekatlari o‘rnida qurilayotgan do‘konlar haqida o‘z vaqtida vakolatli idoralarga xabar berishlarini, befarq bo‘lmasliklarini iltimos qilgan.

«Tadbirkorlik bilan shug‘ullanar ekansiz, o‘z mablag‘ingizni ehtiyot qilib, yer olish uchun auksionda ishtirok etib, yerning qonuniy egasi bo‘ling. Noqonuniy harakatlarga aralashib mablag‘ingizga kuyib qolmang, aldanmang, sarmoyangizni to‘g‘ri sarflang!», – deyiladi hokimning murojaatida.

https://t.me/poytaxt_uz/18477

Author: Uyushma axborot xizmati