Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Farg‘ona viloyati > Qo‘qonda yog‘och o‘ymakor ustalarining festivali o‘tkaziladi

Qo‘qonda yog‘och o‘ymakor ustalarining festivali o‘tkaziladi

Bu haqda «Hunarmand» uyushmasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Mirzaahmedov jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

O‘tgan yili Qo‘qon shahrida birinchi xalqaro hunarmandchilik festivali yuqori saviyada tashkil etilib, unda dunyoning 78 ta davlatidan 370 dan ziyod mohir hunarmand, taniqli madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qo‘qon shahriga «Jahon hunarmandlari shahri» degan yuksak unvon berildi. Ya’ni, Qo‘qon shahri dunyo hunarmandchilik xaritasida ham munosib va mustahkam o‘rin egalladi. Joriy yilda mazkur shaharda yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha festival o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan bo‘lib, unda qo‘shni davlatlardan ham hunarmandlar qatnashadi.

Viloyatda bugungi kunda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Shahar va tumanlarda 5 mingdan ziyod hunarmandlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, joriy yilda hunarmandchilik yo‘nalishida 1 ming 698 ta loyihalar amalga oshiriladi. Buning uchun tijorat banklari tomonidan 57,5 milliard so‘m kreditlar ajratiladi.

Farg‘ona shahrida tashkil etilgan tadbirda 2019-yilda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash dasturlarining ijrosi, ipakchilik, hunarmandchilik, urbanizasiya, sog‘liqni saqlash va maktabgacha ta’lim sohalarida amalga oshirilgan ishlar va 2020-yildagi istiqbolli vazifalar haqida so‘z yuritildi. Soha mutasaddilari bu haqda axborot berdi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samarasida chekka hududlarda ham tibbiy xizmat sifati yaxshilanmoqda. Birgina o‘tgan yilda So‘x tumani, Farg‘ona tumanining Shohimardon va Yordon qishloqlaridagi tibbiyot maskanlari zamonaviy tibbiy xizmat avtomashinalari bilan ta’minlandi. O‘tgan yil Investisiya dasturi doirasida viloyatdagi 14 ta davolash-profilaktika muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlariga olib borilib, buning uchun 50,9 milliard so‘m sarf etildi. “Salomatlik-3” loyihasi asosida 19 ta tuman, shahar tibbiyot birlashmalari zamonaviy o‘ta sezuvchan UTT (UZI) apparatlari bilan ta’minlandi, ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalar esa 13 turdagi 1 ming 214 dona tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

– Ayollar o‘rtasida uchraydigan onkologik kasalliklarni oldini olish, ona va bola salomatligini mustahkamlash, viloyatda mehnat migrantlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularning salomatligini tiklash, tibbiyotda korrupsiyani oldini olish kabi qator masalalar ham bugun diqqat markazimizda turibdi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov. – Joriy yilda tibbiyotda jiddiy yangilanishlarga qo‘l uriladi. Pirovard maqsadimiz aholining salomatligidir.

Viloyatda maktabgacha ta’lim tizimida ham ko‘plab amaliy ishlarga kirishilgan. Qamrov ko‘rsatkichlarni 49,1%ga yetkazilishi belgilab berilgan bo‘lib, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 55, 4% ga oshirildi.

Shuningdek, 2020 yil yakuniga qamrov ko‘rsatkichlarini 61 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Bugungi kunda 84 ta xususiy, 40 ta davlat xususiy sherikchilik hamda 733 ta oilaviy shakldagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. O‘tgan yilda 42 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari filiallariga yuridik maqom berilib, alohida maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Viloyatda bandlik, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosini ta’minlashga ham muhim e’tibor qaratilmoqda.

M.SULAYMONOV, M.QODIROV (surat), O‘zA

Author: Uyushma axborot xizmati