Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Nurota kashtachiligi

Nurota kashtachiligi

Nurota kashtachilik maktabi bu zamin ayollarining qoʻl mehnati mahsuli boʻlgan soʻzana, nimsoʻzana, takiyapoʻsh, yostiqpoʻsh, zardevor, belbogʻ, peshonaband, oyna-xalta, darpardalar va boshqa kashtachilik namunalari Yaponiya, Koreya, AQSH, Fransiya, Italiya va boshqa mamlakatlar koʻrgazmalarida namoyish qilinayotganligi ham mazkur hunarmandchilikning bardavom ekanligidan dalolatdir. Nurota kashtachiligida boshqa maktablaridagi kabi shox, novda, barg singari naqshlar qoʻshimcha bezaklar sifatida kiritilsa, kashtachilikning…

Nurota kashtachilik maktabi bu zamin ayollarining qoʻl mehnati mahsuli boʻlgan soʻzana, nimsoʻzana, takiyapoʻsh, yostiqpoʻsh, zardevor, belbogʻ, peshonaband, oyna-xalta, darpardalar va boshqa kashtachilik namunalari Yaponiya, Koreya, AQSH, Fransiya, Italiya va boshqa mamlakatlar koʻrgazmalarida namoyish qilinayotganligi ham mazkur hunarmandchilikning bardavom ekanligidan dalolatdir.

Nurota kashtachiligida boshqa maktablaridagi kabi shox, novda, barg singari naqshlar qoʻshimcha bezaklar sifatida kiritilsa, kashtachilikning asosiy mohiyatini ochib berish turfa gullar yordamida amalga oshiriladi.  Ayniqsa “Guli savsar”, “Guli xafrang”, “Guli lola”, “Chinnigul”, “Anor”, “Bodom” singari falsafiy ramziy va estetik maʼnoga ega naqshlar tushirilgan kashtachilik juda yuqori baholanadi. Nurotada kashta tikmagan xotin-qizni uchratmaysiz. Har bir oilada bu hunar ardoqli. Xonadonga yangi tushgan kelinchakni uyiga bir bor nigoh tashlasangiz, goʻzal bir manzaraga shohid boʻlasiz.

Yuksak did  va tafakkur mahsuli boʻlgan kashtachilik namunalari bilan bezatilgan uyning tafti hayratingizni oshiradi. Hunarmand ustalarning aytishicha,  kashtachilikda har millatning oʻziga xos naqshlari mavjud. Aynan oʻzbek milliy kashtachiligida oʻsimliksimon, geometrik shakl hamda gul naqshlari koʻp  qoʻllaniladi. Avvalo, mato tanlanib, kerakli oʻlchamda bichiladi.  Soʻngra naqshlar chizilib, unga mos choklar solinadi. Har bir naqsh unsurlarini qunt bilan urganib, anʼanaviy kashtachilik maktabini davom ettirishadilar. Nurota kashtalaridagi turli naqshlar, ranglar jilosi nurotalik kashtachilarning oʻlmas sanʼati asrlar osha sanʼat shaydolariga zavq-shavq ulashadi.

Author: Uyushma axborot xizmati