Nodir Rasulov buxorolik zardo‘zlik san’ati ustasi

Mashhur “Homo Faber Guide” sayyohlik qo‘llanmasida “O‘zbekistonga oid bob” nashr yuzini ko‘rdi: mamlakatimizning an’anaviy san’at va badiiy hunarmandchiligi sharafini munosib himoya qiluvchi 11 nafar usta jahonda o‘z iqtidori bilan dovrug‘i chiqqan hunarmandlar qatoridan o‘rin oldi. Nodir Rasulov buxorolik zardo‘zlik san’ati ustasi. Hunarmand oilasida tavallud topgan: uning padari buzrukvori yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha o‘z kasbining mohir ustasi,…

Mashhur “Homo Faber Guide” sayyohlik qo‘llanmasida “O‘zbekistonga oid bob” nashr yuzini ko‘rdi: mamlakatimizning an’anaviy san’at va badiiy hunarmandchiligi sharafini munosib himoya qiluvchi 11 nafar usta jahonda o‘z iqtidori bilan dovrug‘i chiqqan hunarmandlar qatoridan o‘rin oldi.

Nodir Rasulov buxorolik zardo‘zlik san’ati ustasi. Hunarmand oilasida tavallud topgan: uning padari buzrukvori yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha o‘z kasbining mohir ustasi, onasi va opa-singillari esa gilam kashtado‘zi bo‘lganlar. Bolaligidanoq turli qo‘l mehnati kasblarini sinab ko‘rgan Nodir usta zardo‘zlik ishiga alohida mehr bilan yondashadi. Bugungi kunda ayollar va erkaklar liboslaridan tortib, yostiq jildlari, parda kabi uy-ro‘zg‘or buyumlarigacha turli-tuman betakror gazlama namunalarini yaratib kelmoqa.

Nodir Rasulov doimiy ijodiy izlanishda: muzey sara to‘plamlari va ilmiy izlanishlardagi an’anaviy naqsh bezaklariga murojaat etadi, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilib, zardo‘zlikning hududlarga xos xususiyatlarini tadqiq etadi. U XXI asrda zarbof kashtachiligining dolzarbligini asrab-avaylash maqsadida burungi ajdodlarning boy tajribasini zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtiradi.
Endilikda Nodir Rasulov ijodi tafsilotlari bilan “Homo Faber Guide” qaydnomasida tanishish mumkin.

Author: Uyushma axborot xizmati