"Hunarmand" uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > “Hunarmand” uyushmasi Toʼrtkoʼl tuman boʼlimi Аtauba ovulida boʼlib kigiz tayyorlash jarayoni bilan tanishdilar

“Hunarmand” uyushmasi Toʼrtkoʼl tuman boʼlimi Аtauba ovulida boʼlib kigiz tayyorlash jarayoni bilan tanishdilar

    Oʼzbekiston Respublikasi "Hunarmand" uyushmasi Toʼrtkoʼl tuman boʼlimi rahbar va xodimlari Аtauba ovulida boʼlib kigiz tayyorlash jarayoni bilan tanishdilar. Аsrlar osha davom etayotgan hunar turlaridan Namat tayyorlash ushbu hududda keng tarqalgan va zaruriy hunar turlaridan biri hisoblanadi. Namatning asosiy xom ashyosi bu - qoʼy junidir. Sababi, chorvachilik bilan shugʼullanuvchi aholining oʼzida namat uchun xom...

    Oʼzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi Toʼrtkoʼl tuman boʼlimi rahbar va xodimlari Аtauba ovulida boʼlib kigiz tayyorlash jarayoni bilan tanishdilar.

Аsrlar osha davom etayotgan hunar turlaridan Namat tayyorlash ushbu hududda keng tarqalgan va zaruriy hunar turlaridan biri hisoblanadi.
Namatning asosiy xom ashyosi bu – qoʼy junidir. Sababi, chorvachilik bilan shugʼullanuvchi aholining oʼzida namat uchun xom ashyo bisyor. Yilda bir marta qirqilgan qoʼy juni tozalangach, rang beriladi va usta hunarmandning qoʼlida ikkinchi “hayot”ga qaytadi.

Yaʼni, turfa xil bezaklar bilan bezatilgan namat (kigiz) yangi bir xonadonga yillar davomida xizmat qiladi.
Hunarmandchilikning bu turi hozirgi kunda ham ommabop. Sababi, qishda uyni issiq tutadigan junli namatlar tabiiyligi sababli inson salomatligiga ham foydalidir.

Bunday hunar bilan tumanning bir nechta hududlarida asosan uyda oʼtirgan xotin-qizlar shugʼullanishadi,sababi ishning barchasi qoʼl mehnati bilan bajariladi.

– Menga kelinlarim, nevaralarim koʼmak berishadi, – deydi hunarmand Oʼgʼiljon Saidova, – shu mehnat orqasidan oilamizning iqtisodiyotiga ham nafim tegib turibdi. Yana bir tomoni, boʼsh oʼtirsam kasal boʼlib qolaman. Qoʼni – qoʼshni, tanishlar bilgani sabab oʼzlari kelib buyurtma berishadi. Shu sabab mahsulotimizni bozorga olib chiqishga ehtiyoj yoʼq.

Halol mehnati, qalb qoʼrini berib ishlayotgan hunarmand Oʼgʼiljon Saidova karantin paytida ham tinim bilmaydi. Oʼz hunari sirlarini nevaralariga oʼrgatishdan charchamaydi.

Demak-ki, asrlar osha yashab kelayotgan bunday hunarmandchilik turi barhayotdir.

Uyushma Аxborot xizmati