Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Farg‘ona viloyatining 13 ta tumanida “Hunarmandlar markazi”ning ochilish marosimi o‘tkaziladi

Farg‘ona viloyatining 13 ta tumanida “Hunarmandlar markazi”ning ochilish marosimi o‘tkaziladi

2021 yil 26 avgust kuni Farg‘ona viloyat hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatining 13 ta tumanida eng ulug‘, eng aziz bayram mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi oldidan qisqa muddatda qurilgan “Hunarmandlar markazi” ning ochilish marosimi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning 2021 yil 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga tashriflarida viloyatning barcha tumanlarida ishsiz fuqarolar ayniqsa, ayollar va yoshlarni bandligini ta’minlash maqsadida “Hunarmandlar markaz”larini tashkil etish topshirig‘i berilgan edi.

“Hunarmandlar markaz”lari Toshloq, Bag‘dod, Quva, Yozyovon, Dang‘ara, Beshariq, O‘zbekiston, Farg‘ona, Furqat, Buvayda, Uchko‘prik, Oltiariq, Rishton tumanlarida barpo etildi.

Ushbu markazlarning birinchi qavatida milliy matolarimiz, ushbu matolardan tayyorlangan milliy liboslar va boshqa hunarmandchilik maxsulotlaridan iborat galeriya, ikkinchi qavatida milliy matodan milliy liboslar ishlab chiqarish hamda uchunchi qavatida shu matolarni an’anaviy uslubda to‘qish dastgoxlari ishga tushirilgan.

Tashkil etilayotgan “Hunarmandlar markaz”larini samarali faoliyat yuritishi bo‘yicha tashabbus ko‘rsatayotgan nomdor hunarmandlar va salohiyatli tadbirkorlar ro‘yxati shakllantirilib biriktirilgan.

13 ta yangi ishga tushiriladigan “Hunarmandlar markaz”larida 4000 nafar ishsiz fuqarolar ayniqsa, ayollar va yoshlarning bandligini ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Author: Uyushma axborot xizmati