Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Xalqaro festivallar > 2022 yilda Respublikada qanday hunarmandchilik festivallari o‘tkaziladi?

2022 yilda Respublikada qanday hunarmandchilik festivallari o‘tkaziladi?

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda “Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati rahbari Nilufar Hotamova shu haqda  ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, 2022 yil 10 — 15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida II Xalqaro Hunarmandchilik festivali o‘tkaziladi. Festivalga iqtidorli hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb qilish maqsadida “Men Qo‘qonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat ko‘rgazma va ko‘rik-tanlov tashkil etiladi. 2022 yildan…

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda “Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati rahbari Nilufar Hotamova shu haqda  ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2022 yil 10 — 15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida II Xalqaro Hunarmandchilik festivali o‘tkaziladi. Festivalga iqtidorli hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb qilish maqsadida “Men Qo‘qonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat ko‘rgazma va ko‘rik-tanlov tashkil etiladi. 2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marta sentyabr oyida Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 29 apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2022 yildan boshlab har ikki yilda may oyida Buxoro shahrida Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali hamda uning doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, ko‘rik-tanlov, taqdimot va ko‘rgazmalar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkaziladi.

“Hunarmand” uyushmasi, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi, Badiiy akademiya, Turizm va sport vazirligi, Buxoro viloyat hokimligi vakillaridan iborat hakamlar hay’ati tuzilib, festival logotipi uchun ijodiy tanlov e’lon qilindi. Ijodiy tanlovga 58 ta logotip loyihalari taqdim etilib, hakamlar hay’ati 5ta logotip loyihasini tanladi. Ushbu logotip loyihalarini ko‘rib chiqib, tasdiqlash uchun tashkiliy qo‘mitaga taqdim etildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmog‘i vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda “Uzbek Jewellery Fair” zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi. Buxoro shahrida “Ipak va ziravorlar” an’anaviy xalqaro festivali ham o‘tkaziladi

Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2022 yildan boshlab “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida “Craft fair Uzbekistan” xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasi tashkil etiladi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Sayilgoh ko‘chasida har yili mustaqillik bayrami arafasida «Toshkent suvenirlari» ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etiladi.

Yosh hunarmandlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va sog‘lom raqobatni yo‘lga qo‘yish maqsadida «Yosh hunarmandlar» festivalini o‘tkaziladi. Bunda, mazkur festivalning tuman va shahar hamda viloyat bosqichlarida saralangan yosh hunarmandlar ishtirokida respublika bosqichini Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yuksak darajada o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

2022 yil fevral oyida Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan “Hikmatlar olami” II xalqaro hattotlik festivalini o‘tkaziladi.

Author: Uyushma axborot xizmati