Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Yog‘och va suyak o‘ymakori, xalq amaliy san’ati ustasi Ortiq Fayzullayev 90 yoshda vafot etdi

Yog‘och va suyak o‘ymakori, xalq amaliy san’ati ustasi Ortiq Fayzullayev 90 yoshda vafot etdi

Yog‘och va suyak o‘ymakori, xalq amaliy san’ati ustasi, O‘zbekiston Respublikasi”Hunarmand” uyushmasi faxriy a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faxriy a’zosi, Ortiq Fayzullayev 90 yoshda vafot etdi. Yog‘och o‘ymakor usta Ortiq Fayzullayev to‘qson yillik hayotining yetmish yilini yurtimiz an’anaviy yog‘och o‘ymakorligi san’ati ravnaqiga sarfladi. Ortiq Fayzullayev 1933 yilda Toshkent…

Yog‘och va suyak o‘ymakori, xalq amaliy san’ati ustasi, O‘zbekiston Respublikasi”Hunarmand” uyushmasi faxriy a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faxriy a’zosi, Ortiq Fayzullayev 90 yoshda vafot etdi.

Yog‘och o‘ymakor usta Ortiq Fayzullayev to‘qson yillik hayotining yetmish yilini yurtimiz an’anaviy yog‘och o‘ymakorligi san’ati ravnaqiga sarfladi.
Ortiq Fayzullayev 1933 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Ortiq Fayzullayevning asarlari badiiy yetukligi, mazmunan teranligi, usulining yuksakligi bilan ajralib turadi, yog‘och o‘ymakorligi an’analaridan keng foydalanib, zamon ruhiga monand o‘ziga xos yangi jilo va bezaklar yaratdi. Kursi, xontaxta, qutichalar, lavhlar, sandiqchalar va stollarni o‘yma naqshlar bilann bezagan, namoyon panjaralari bejirim, nafisligi bilan ajralib turadi.

Ortiq Fayzullayev – o‘zbek ustalari orasida suyak o‘ymakorligi bilan shug‘ullangan yagona usta. «Cho‘pon», «Lazgi o‘yini», «Kurant», «Navoiy haykali», «Qalamdon», «Paxta o‘yini», «Yakkama-yakka» va b. asarlari ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.
100 dan ortiq asarlari bilan Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Belgiya, Latviya, Shvesiya, Italiya, Kipr, Avstraliya va O‘zbekistonda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etgan.

Ustaning asarlari O‘zbekiston xalqlari tarixi, Xalq amaliy san’ati, O‘zbekiston davlat san’at muzeylarida, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondi, Rossiya, Polsha, Bolgariya, Germaniya, Turkiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Malayziya, Gruziya, Ar­ma­niston, Qozog‘iston, Hindiston kabi davlatlardagi muzeylar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanmoqda.

F. Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi (1968), «Moviy gumbazlar» choy­xonasi (1970), Alisher Navoiy nomidagi San’at saroyi, «Istiqlol» san’at saroyi (1981–82), Chatqol tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi tabiat muzeyi (Par­kent, 1979–1981), Kislovodskdagi «O‘zbekiston» sanatoriysi (1982), «O‘zbekiston» mehmonxonasi (1983) va boshqa binolarni an’anaviy bezashda faol qatnashgan.

Usta shogirdlari bilan 1996–2011 y.larda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis binosi, Imom Buxoriy majmuasi, Xotira va qadrlash maydoni va Hazrati Imom majmuasi (2007), O‘zbekiston xalqaro anjumanlar saroyi (2009) va b. istiqlol davri shaharsozlik madaniyatining eng nodir namunalarini barpo etishda ishtirok etgan.

Ortiq Fayzullayev 200 nafarga yaqin yosh hunarmandlarga ustozlik qilib, ularni o‘z kasbining yetuk va mohir ustalari qilib yetishtirgan ustoz-murabbiy sanaladi.

Ijodkor shogirdlarining ko‘pchiligi davlatimiz mukofoti va unvonlari bilan taqdirlangan.
Poytaxtimizda go‘zal me’moriy binoslar sirasiga kiradigan, ichki va tashqi bezaklari milliyligi bilan o‘ziga xos go‘zallikga ega “O‘zbekiston” Xalqaro anjumanlar saroyidagi “Bahor quyoshi” nomli 6 ta milliy o‘ymakor eshiklar to‘plami yaratilishida Ortiq Fayzullayev bosh-qosh bo‘lib, o‘zidan muhtasham meros qoldirdi.

O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi jamoasi ustoz-murabbiy Ortiq Fayzullayev vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolariga, yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Author: Uyushma axborot xizmati