Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > O‘rta Osiyoning boy bezakli ipak matosi Zandaniychi haqida ma’lumot

O‘rta Osiyoning boy bezakli ipak matosi Zandaniychi haqida ma’lumot

Zandaniychi, Zandanechi — O‘rta Osiyoning boy bezakli ipak matosi, u Gʻarbda eng keng tarqalgan bo‘lib, bir vaqtlar mashhur to‘qimachilik ishlab chiqarish markazi bo‘lgan — Buxoro yaqinidagi Zandana qishlog‘ida ishlab chiqarilgan va u “Zandanada ishlab chiqarilgan” degan ma’noni beradi. Keyinchalik mamlakat bo‘ylab zandaniychi matosi ishlab chiqaruvchi markazlar paydo bo‘lgan va rivojlangan. Shunday bo‘lsa-da, boshqa joylarda ham…

Zandaniychi, Zandanechi — O‘rta Osiyoning boy bezakli ipak matosi, u Gʻarbda eng keng tarqalgan bo‘lib, bir vaqtlar mashhur to‘qimachilik ishlab chiqarish markazi bo‘lgan — Buxoro yaqinidagi Zandana qishlog‘ida ishlab chiqarilgan va u “Zandanada ishlab chiqarilgan” degan ma’noni beradi.

Keyinchalik mamlakat bo‘ylab zandaniychi matosi ishlab chiqaruvchi markazlar paydo bo‘lgan va rivojlangan. Shunday bo‘lsa-da, boshqa joylarda ham uning asl nomi saqlanib qolavergan.

Narshaxining yozishicha, bu mato Hindiston va Iroqqa yuborilgan, chunki u o‘ta pishiqligi, harir va go‘zalligi bilan o‘sha davr zodagon tabaqalari tomonidan yuqori baholangan. Hatto Yevropa qirolichalari ham Zandaniychi matosidan ko‘ylak kiyishni yaxshi ko‘rganlar. Ular uchun maxsus qimmatbaho mato yetkazib turilgan.

 Narshaxiyning xabar berishicha, hatto arab xalifasi ma’murlari soliqlarni pul bilan emas, mashhur Zandana matosi va va gilam bilan olishgan.

 Aslida ipakning vatani Xitoy bo‘lsa ham Zandanichi ipak matolari Gʻarb va Sharqqa sotilishi bilan birga Xitoyning o‘ziga ham tarqalib ketgan. Xususan, parcha deb nomlanuvchi Zandana matosi 718-719 yillarda Buxoro shahridan Xitoy imperatoriga yuborilganligi haqida ma’lumotlar bor.

VI — VIII asrlarda ishlab chiqarilgan Zandaniychi matolari parchalari Gʻarbiy Yevropaning bir nechta muzeylarida bugungi kunda saqlanib qolgan. Belgiyadagi Yun shahri soborida saqlanayotgan ushbu noyob ipak mato parchasini o‘rganayotgan san’atshunos olim, fransuz tadqiqotchisi D. Shepard unda siyohda bitilgan bojxona yozuvi va muhrini topdi va uni o‘qishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu parchada so‘g‘d yozuvida bo‘lib, matoning uzunligi, hajmi, vaqti haqidagi ma’lumotnoma bor.Ushbu muhrning o‘qilishi ko‘p noaniqliklarga oydinlik kiritdi. U Yevropaning qator mamlakatlarida saqlanayotgan Zandaniychi matosini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. U Sharqiy Turkistondagi Dun-Xuan manzili topilmalari orasida shunday matolar borligini aniqladi.

 Zandanachi matosi ko‘ndalang qatorlarda joylashgan medalonlardan iborat naqshlar bilan bezatilgan. Medalonlar oralig‘iga o‘simlik tasviri tushirilgan. Boshqa turdagi bezaklar romb, kvadrat, geometrik ifodalangan gullar va hokazolardan iborat. D. Shepered “zandanachi” matosining tillarang, to‘qsariq, oq, ko‘k, qizil va yashil kabi o‘ziga xos rangligini ta’kidlaydi.

Ana shunday matolardan tikilgan kiyimlar Sug‘d, Toxariston va Markaziy Osiyoning boshqa viloyatlaridagi saroy hamda qo‘rg‘onlarning devoriy rasmlarida aks ettirilgan qabul va bayram manzaralarida keng namoyish etilgan. Ular milodiy 6-8 asrlarga taalluqlidir. Jumladan, Afrosiyobda ochilgan devoriy suratlarda ulug‘ zotlar kiyimlari bezaklarining nihoyatda xilma xilligini ko‘rish mumkin.

O‘rtasiga uchar otlar, qo‘ylar, afsonaviy mahluqlar (muqaddasi uchar itlar), tovuslar va hokazolar tasviri tushirilgan doiralar tarzidagi bezaklar ana shu kiyimlar uchun xos. Shunday kiyim tikadigan ustaxonalar barcha yirik shaharlarda bo‘lgan, arxeologlar ochgan ustaxona xarobalari, ishlab chiqarish anjomlari shundan dalolat beradi.

«Bayt at-Turaz» Buxoro qal’asining sharqiy darvozasida joylashgan bo‘lib, u yerda X-XI asrlarda endi uncha qimmatbaho bo‘lmagan ipak va paxtadan to‘qilgan matolar ishlab chiqarilgan to‘qimachilik korxonasi bo‘lgan. Chunki vaqtlar o‘tib hunarmandlar bozorbop va paxta bilan to‘qilgan matolarni ishlab chiqarishga o‘tgandilar.

 “Boburnoma”da ta’kidlanganidek, “Samarqandning yana bir matoi qirmizi mahmaldurkim, atrof va javonibga eltarlar”. Bobur davrida uning takomillashgan turlari Samarqandda mashhur bo‘lgan.

 Arxeologik qazishmalar natijasida Shimoliy Kavkazda shunga o‘xshash mato parchalari topilgan. O‘n to‘rtinchi va o‘n oltinchi asrlarda Zandaniychi matosi paxtadan ishlab chiqarilgani uchun ham xaridorgir bo‘lgan. Zandaniychi matosi o‘rta asrlarda Gʻarbiy Yevropa shaharlarida, shu jumladan Boltiqbo‘yi mamlakatida fuqarolar uchun eng arzon, tabiiy va sevimli import matolardan biri hisoblanardi. XVII asrda Rossiyada O‘rta Osiyodan keladigan barcha matolar «Zenden» nomi bilan mashhur bo‘lgan.

Bundan taxminan uch asr oldin ham Bugungi Buxoro viloyati  Peshku tumanida joylashgan Zandona qishlog‘ida deyarli bir yarim ming yil davomida butun dunyoga eng mashhur mato – zandonachi matosi to‘qilgan.

Zandonachi– murakkab gulli badiiy bezakli mato bo‘lib,VII-asrdan ipak, X-asrdan ip gazlama sifatida shuhrat qozongan. 

Zandonachi jonli mavjudotlar tasviri (IX-asrgacha, ya’ni islomiy dunyoqarash kirib kelguniga qadar), keyinchalik o‘simliksimon va handasiy naqshlar bilan bezatilgan.

Buxoroning Narshax qishlog‘idan bo‘lgan mashhur tarixchi Abu Bakr Muhammad ibn Ja’faran – Narshaxiy (286 (899) yili tug‘ilgan va 348 (959— 960) yili vafot etgan) o‘zining 943—944yillarda arab tilida yozgan “Buxoro tarixi” asarida  Sharqda parcha bilan teng qimmatga ega bo‘lgan ip gazlamalar qatorida Zandonachini ham tilga olgan. 

Narshaxiy bergan ma’lumotga ko‘ra, Zandonachi Eron,  Vizantiya, Suriyava boshqa mamlakatlarga ko‘plab sotilgan. Bu to‘g‘risida ko‘plab tarixiy qo‘lyozmalardan ham bilish mumkin.

Zandonachi qishlog‘ida to‘qilgan matodan o‘sha davrdagi eng rivojlangan mamlakatlar saroy zodagonlari va podshohlar o‘zlariga liboslar tiktirishgan, qimmatbaho mato sifatida yuqori narxda sotib olingan.

Sidirg‘a Zandonachi Rossiyada mashhur bo‘lgan, rus manbalarida XVI asrda «zenden» deb yuritilgan. X-asrarab manbalariga ko‘ra, Buxoro yaqinidagi (hozirgi Peshku tumani hududida) Zandona va uning atrofidagi qishloqlarda tayyorlangan, nomi shundan. Zandonachidan kiyimlar, bezak buyumlar choyshab, yopqich va boshqalar tayyorlangan. 

Zandonachi namunalari Belgiya (Yun, Lyej shahri soborlari), Fransiya (Nansi shahri), Rossiya (Moskvadagi Qurol aslahalar palatasi, Ermitaj), AQSH (Nyu-York) va dunyoning boshqa ko‘plab muzeylarida eng nodir eksponat sifatida saqlanmoqda.

Belgiyadagi namunada bitilgan so‘g‘d tilida yozuvlar uning Zandona qishlog‘ida tayyorlanganligini aniq tasdiqlash imkonini berdi.

Author: Uyushma axborot xizmati