Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > O'zbekiston qahramonlari > O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi Noʻmon Obloqulov haqida

O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi Noʻmon Obloqulov haqida

«O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi», «Shuhrat» medali sohibi Noʻmon Obloqulov milliy hunarmandchilikning rivojlanishiga, uni kelgusi avlodga yetkazishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tajribali kulollardan biridir. Noʻmon Obloqulov 1964 yilda Urgut shahrida usta hunarmandlar oilasida tug‘ilgan. U yoshligidanoq otasi, urgutlik mashhur Abdullo kulol sulolasining yettinchi avlodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, jahonning 70 dan ortiq davlatlaridagi ko‘rgazmalar ishtirokchisi…

«O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi», «Shuhrat» medali sohibi Noʻmon Obloqulov milliy hunarmandchilikning rivojlanishiga, uni kelgusi avlodga yetkazishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tajribali kulollardan biridir. Noʻmon Obloqulov 1964 yilda Urgut shahrida usta hunarmandlar oilasida tug‘ilgan. U yoshligidanoq otasi, urgutlik mashhur Abdullo kulol sulolasining yettinchi avlodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, jahonning 70 dan ortiq davlatlaridagi ko‘rgazmalar ishtirokchisi Mahkam Obloqulovning ustaxonasidan chiqmas edi. O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq xalq amaliy san’atining eng qadimiy sohalaridan biri kulolchilik sirlarini mukammal o‘rganishga kirishdi.

Odatda kulollar 3 yo‘nalish bo‘yicha faoliyat yuritishadi, ko‘zagarlar-vertikal formali mahsulotlar ustalari, kosagarlar-gorizontal formali mahsulotlar ustalari va tandirsozlar.Numon aka o‘z mehnati orqasidan kulolchilikning shu uchala yo‘nalishi bo‘yicha ham faoliyat yuritadigan yetuk usta bo‘lib yetishdi. — Sopol buyumlar yasashda qoliplar, shablonlardan foydalanmayman, faqat oddiy charxda qo‘lda ijod qilaman, – deydi Noʻmon Obloqulov. – Balandligi 80 santimetrgacha bo‘lgan ko‘za va vazalar, diametri 70 santimetrdan ortiq bo‘lgan laganlar va 200 litrgacha bo‘lgan hajmli xumlarni tandir yasash uslubida bajaraman. Sopollarga sayqal berishda ham mahalliy xom ashyolar, oq tosh (kvars), mis va temirning kuydirilishidan olinadigan oksidlar yordamida bo‘yoq tayyorlayman. Bu mening uslubim,— deydi Noʻmon Obloqulov.

Noʻmon Obloqulov o‘zi yaratgan betakror sopol buyumlar bilan Yaponiya, AQSH, Fransiya, Gollandiya, Germaniya, Rossiya va boshqa ko‘plab xorijiy davlatlardagi ko‘rgazmalarda ishtirok etgan. 1997 yildan buyon «Hunarmand» uyushmasining a’zosi. Urgutlik kulollar sulolasining sakkizinchi avlodi Noʻmon Obloqulov aka yetti pusht ajdodlari shuhrat qozongan kulolchilik sirlarini sulolaning to‘qqizinchi avlodlari farzandlari Inomjon va Muhammadlarga o‘rgatib kelmoqda.

Ota kasbini ardoqlayotgan farzandlar ham Urgut kulolchilik maktabi shuhratini yanada ko‘tarish, boqiyligini ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqdalar. Noʻmon Obloqulov faoliyati davomida kulolchilikda qadimiy an’analarga rioya qilib, o‘ziga xos uslubdagi asarlar yaratgan. Ustaning asarlarida ko‘hna Afrosiyob shahri kulolchiligining ko‘zagarlik sohasi an’anasi yaqqol namoyon bo‘ladi. Badiiy idishlari o‘z shaklining alohida «o‘qilishi» bilan ajralib turadi. Ya’ni, u yasagan kulolchilik buyumlari yuqori bo‘yin-og‘iz qismi cho‘ziq va shaklan oxiriga yetkazilgan, nafis ko‘rinishda va turli bezaklar bilan ziynatlangan.

Author: Uyushma axborot xizmati