Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Oʼzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasida hunarmandlar bilan uchrashuv oʼtkazildi

Oʼzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasida hunarmandlar bilan uchrashuv oʼtkazildi

2020 yil 20 fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasida joriy yilning 1-16 fevral kunlari Hindistonning Xaryana shtatida oʼtkazilgan “Suraj Kund Mela” hunarmandlar festivalida ishtirok etgan hunarmandlar bilan uchrashuv oʼtkazildi.
Uchrashuvda Oʼzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi rahbar va xodimlari, festivalda ishtirok etgan hunarmandlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yigʼilishda soʼzga chiqqanlar, jahondagi eng yirik hunarmandchilik festivali — «Surajkund Mela» 34-marta Hindistonning Haryana shtatida boʼlib oʼtganligini taʼkidlab, unda jahonning 60 mamlakatidan milliondan ortiq mehmonlar ishtirok etganligini qayd etdi. Bu yil festivalda Oʼzbekiston sherik-davlat qilib tanlab olingan. Sherik davlatga festival amaliy hunarmadchilik, milliy sanʼatdagi yutuqlar, folklor va turistik jozibadorlikni keng namoyish etish imkoniyati yaratildi. Oʼzbekistonning Hindistondagi turizm boʼyicha elchisi Ritu Beri festival doirasida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi.
“Surajkund Mela” 34-Xalqaro Hunarmandchilik festivalining ochilish marosimida Hindiston Prezidenti Ram Nath Kovind ishtirok etdi. Hindiston Prezidenti Oʼzbekiston pavilyonida oʼzbek hunarmandlarining mahsulotlari bilan tanishdi. Yirik festivalda hunarmandlarimiz festivalda tashrif buyurgan har bir tomoshabinga oʼzbek hunarmandchik anʼanalari, avloddan-avlodga saqlanib kelayotgan hunarmandchilik maktablari va oʼzlarining hunarmandchilik mahsulotlari haqida gapirib berishdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, ushbu festival madaniy-gumanitar sohadagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, Oʼzbekiston va Hindiston oʼrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, shuningdek, oʼzbek hunarmandlarining mahsulotlari va respublikaning sayyohlik imkoniyatlarini jahon bozorida ommalashtirishga oʼz hissasini qoʼshadi.
Yigʼilishda festivalda ishtirok etgan 23 nafar hunarmandlar festival xaqidagi taassurotlari hamda oʼz mahsulotlariga tashrif buyuruvchilar tomonidan qanchalik qiziqish boʼlganligi toʼgʼrisida soʼzlab berdilar. Va xukumatimiz tomonidan ularnining ishtirok etishlari uchun yaratib berilgan imkoniyat va sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdilar.
“Suraj Kund Mela” 34-Xalqaro Hunarmandchilik festivalida ishtirok etgan Navoiy viloyati Nurota tumanida kashtachilik yoʼnalishida faoliyat olib borayotgan kashtadoʼz Feruza Аmonova va Fargʼona viloyati Margʼilon shahrida qoʼlda gazlamalar toʼqish yoʼnalishida faoliyat olib borayotgan Yusufjon Mamayusupov festival kubogini qoʼlga kiritdilar.
Yigʼilish yakunida hunarmandlarga festivalda faol ishtiroki uchun Uyushma tomonidan sertifikatlar topshirildi.
Yigʼilishda jurnalistlar oʼzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Uyushma Аxborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati