Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Marg’ilon hunarmandlar yurti

Marg’ilon hunarmandlar yurti

Tarixdan ma’lumki ilk hunarlar, albatta, toshtaroshlik, zargarlik va yog’och buyumlar yasash hunaridir. Tamaddun bosqichlari jarayonida turli hunarlar birin-ketin paydo bo’la boshladi.
Hunarmandlarning bir joyda muqim yashashi Farg’onada shaharlarning paydo bo’lishiga turtki bo’ldi. Tabiatan qulay landshaftlar, suv manbalariga yaqin joylar va karvon o’tib turuvchi yo’llar bo’ylab dastlab hunarmandchilik mahallalari, keyinchalik shaharlar paydo bo’ldi.
Marg’ilon shahri azal-azaldan ipakchilar, hunarmandlar yurti deb ta’riflanadi. Shahar mamlakatimizning qadimgi tarixi, xalqimizning o’ziga xos va takrorlanmas madaniyati, urf-odatlari va an’analarini o’zida aks ettiruvchi maskandir. Marg’ilonda qadimiy hunarmandchilik maktablari, ayniqsa, ipakchilik maktabi saqlanib kelmoqda. Bugungi kunda Marg’ilon shahrida mingdan ortiq xonadon hunarmandchilik bilan shug’ullanadi. Rasmiy faoliyat yuritayotgan “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo’lganlar soni 527 nafarni tashkil etadi va ularning mingdan ortiq shogirdlari bor.
Marg’ilon shahrida hunarmandchilikning 17 ta turi bilan hunarmandlar faoliyat ko’rsatmoqda. Ularning asosiy yo’nalishlari – milliy matolar (adras, atlas ) va ulardan tikuvchilik buyumlar ishlab chiqarish, milliy poyabzal ishlab chiqarish, yog’ochsozlik, yog’och o’ymakorligi, do’ppido’zlik, to’nchilik, temirchilik, misgarlik hisoblanadi.
Shaharda “O’zbekipaksanoat” va “Hunarmand” uyushmalari xamkorligida eksport kilishga mo’ljallangan “SILK IKAT АND CARPET” MChJ tashkil etilib, ipak gilam va atlas- adras ishlab chikarish yo’lga qo’yilgan.
Mohir usta hunarmand Ibrohimjon Sultonov tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida Hunarmandlar markazi qurilib, foydalanishga topshirildi. 600 nafar usta faoliyat boshlab, 200 ortiq turdagi atlas va adras to’qish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Ular tomonidan 2 mingga yaqin xotin-qiz, yoshlar ishga jalb etildi.
Ikki qavatli markazning quyi qavatida atlas, adras, shoyi, baxmal, beqasam matolar to’qiladi. Birinchi qavatdan tayyor mahsulotlar ko’rgazmasi, podium, chevarxona o’rin olgan. Bu yerdagi do’konda matoga gul chizish, bog’lash, davra, qad tayyorlash jarayonlari ko’rgazmali tarzda namoyish etiladi.
Binoning yuqori qavatida gilam sexi joylashgan. Bu yerda barcha mahsulotlar to’liq qo’l mehnati yordamida, 100 foiz toza ipakdan to’qiladi.

Uyushma Аxborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati