Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Toshkent viloyati > Jazoni ijro etish muassasasida o‘quvchilarga sertifikatlar topshirildi

Jazoni ijro etish muassasasida o‘quvchilarga sertifikatlar topshirildi

Olmaliq shahridagi 14-sonli Jazoni ijro etish muassasasida usta-shogird an’anasi asosida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mahkumlarni kasb-hunarga tayyorlash o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarga sertifikatlar topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-yanvardagi PQ-4138-son “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning mehnat bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosidagi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi «Hunarmand» uyushmasining 2019-yil 25-fevraldagi 14-son qaroriga muvofiq ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni kasb-hunarga o‘rgatish orqali kelgusida jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlash, ularning mehnat bilan bandligini ta’minlash, iqtidorli mahkumlarni aniqlash, ularning kelajakda usta-hunarmand bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Toshkent, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro viloyati hududida joylashgan 40 ta Jazoni ijro etish muassasasida mahkumlarni usta-shogird an’anasi asosida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga tayyorlash kurslari tashkil etildi. Qaror ijrosini ta’minlash borasida «Hunarmand» uyushmasi tajribali usta-hunarmandlarni jalb etgan holda mazkur kurslarni tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Jumladan, Olmaliq shahridagi 14-sonli Jazoni ijro etish muassasasida hunarmandchilikning yog‘och o‘ymakorligi, novdalardan buyumlar to‘qish, mualliflik mebellarini tayyorlash, poyafzal tayyorlash, gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlar tayyorlash, metalldan yasalgan buyumlar faoliyat turlari bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitildi.
O‘quv dasturlariga asosan, o‘quv mashg‘ulotlari tugatilganligi munosabati bilan usta-shogird an’analari asosida hunar o‘rgangan yoshlarga uyushmaning maxsus sertifikatlari topshirildi.

Uyushma Axborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati