Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Mahorat darslari > Gʻijduvonda Narzullayevlar oilasi tomonidan tashkil etilgan uy-muzeyi haqida

Gʻijduvonda Narzullayevlar oilasi tomonidan tashkil etilgan uy-muzeyi haqida

Gʻijduvonda bir paytlar mashhur bo‘lgan sopolsoz usta Ibodulla Narzullayevning farzandi Alisher Narzullayev sulolaning oltinchi avlod vakili sifatida kulolchilik san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. U Prezident sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovida g‘alaba qozongan. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Joriy yilning, 13-aprel kuni viloyat hokimi Botir Zaripov Gʻijduvonda Narzullayevlar oilasi tomonidan…

Gʻijduvonda bir paytlar mashhur bo‘lgan sopolsoz usta Ibodulla Narzullayevning farzandi Alisher Narzullayev sulolaning oltinchi avlod vakili sifatida kulolchilik san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. U Prezident sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovida g‘alaba qozongan. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Joriy yilning, 13-aprel kuni viloyat hokimi Botir Zaripov Gʻijduvonda Narzullayevlar oilasi tomonidan tashkil etilgan sopolchilik haqida hikoya qiluvchi uy-muzey, O‘zbekiston xalq ustasi Alisher Narzullayevning kulolchilik ustaxonasida ham bo‘ldi.

Viloyat rahbari xalq amaliy san’atining qadimiy an’anasini ardoqlab kelayotgan oilaviy sulola faoliyati bilan yana bir bor yaqindan tanishdi. 20 sotixdan ortiq maydonni egallagan hovli, unda tabiiy va milliy an’analar uslubida kulollar uchun yaratilgan muhit, ta’bir joiz bo‘lsa, oddiy gil tuproqdan san’at asari bunyod qilish mahoratiga oid bir necha bosqichli ish jarayoni hech kimni befarq qoldirmaydi. Balki shu bois milliy hunarmandchiligimizning yorqin namunasi bo‘lmish bu dargoh mehmonlar, xorijiy sayyohlar bilan doimo gavjumdir.

Ushbu majmuada kulolchilik muzeyi, ko‘rgazma zali, amaliy san’atning kulolchilik, kashtachilik va gilam to‘qimachiligi yo‘nalishlari bo‘yicha ustaxonalari, milliy taomlarimiz taqdim etiladigan oshxona, mehmonlar uchun mo‘ljallangan mahorat darslari o‘tish xonalari va mehmonxona mavjud. Bu yerda mashhur xalq ustasi viloyat rahbariga kulolchilik ustaxonasi, an’anaviy kulolchilik, kashtachilik va gilam to‘qimachiligining yaratilish tarixi haqida batafsil ma’lumot berdi. Ishlab chiqarish, rang-bo‘yoq tayyorlash sex va o‘choqlari, qolaversa, boy tarixiy ashyolariga ega uy muzeyi, unda qadrli bo‘lgan osori-atiqalar bilan tanishtirdi.

Author: Uyushma axborot xizmati