Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > “Devel Eco Group” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan loyiha natijasida barpo etilgan “Tungi mobil bozor” tantanali ravishda foydalanishga topshirildi

“Devel Eco Group” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan loyiha natijasida barpo etilgan “Tungi mobil bozor” tantanali ravishda foydalanishga topshirildi

Buxoro viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratishda turizm asosiy drayver sohalardan biri hisoblanadi. Shu bois hududda turizm xizmatlarini oshirish va shu maqsadda turizm ob’yektlarining infratuzilmasini tubdan yaxshilash, xususan, “turizm ko‘chalari”ni tashkil etish hamda ichki va chet ellik sayyohlarni viloyatning boy moddiy va nomoddiy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish choralarini ko‘rilmoqda. Sayyohlik maskanlarining infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turistik…

Buxoro viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratishda turizm asosiy drayver sohalardan biri hisoblanadi. Shu bois hududda turizm xizmatlarini oshirish va shu maqsadda turizm ob’yektlarining infratuzilmasini tubdan yaxshilash, xususan, “turizm ko‘chalari”ni tashkil etish hamda ichki va chet ellik sayyohlarni viloyatning boy moddiy va nomoddiy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish choralarini ko‘rilmoqda. Sayyohlik maskanlarining infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turistik yo‘nalishlar va mahsulotlarni joriy qilib, sohadagi ilg‘or xorijiy tajribani tatbiq etishga e’tibor qaratilmoqda.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq turizm va unga yondosh infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishida Buxoro shahri M.Iqbol ko‘chasida “Sahid Zarafshon” mehmonxonasiga tutash hududda sayyohlarga tunu kun xizmat ko‘rsatuvchi “Tungi mobil bozor” tashkil etish vazifasi belgilangan. Bugun “Devel Eco Group” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan loyiha natijasida barpo etilgan “Tungi mobil bozor” tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Qayd etish joizki, maskandagi har bir inshoot Buxoro, Toshkent, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarining ramziy darvozalari maketi ko‘rinishida qurilgan. O‘zbek milliy taomlarini tayyorlaydigan umumiy ovqatlanish shoxobchalari, suvenirlar sotiladigan do‘konlar, hunarmandchilik rastalari – barchasi bu yerga kelganlarning havasini orttiradi. Bu yerga tematik uslubdagi yoritish moslamalari o‘rnatilgan. Milliy uslubda barpo qilingan, savdo-sotiq qilish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yo‘lga qo‘yilgan maskan Buxoro shahri aholisi va mehmonlari bilan gavjum bo‘ldi. Tadbirda folklor jamoalarning sahnalashtirilgan tomoshalari namoyish qilindi.

Author: Uyushma axborot xizmati