Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > “ATLAS BAYRAMI” MILLIY MATOLAR FESTIVALI

“ATLAS BAYRAMI” MILLIY MATOLAR FESTIVALI

Ma’lumki, joriy yilning 20-22 oktyabr kunlari Marg‘ilonda “Atlas bayrami” beshinchi milliy matolar festivali bo‘lib o‘tadi. Farg‘ona viloyati hokimligi, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “Hunarmand” uyushmasi, Marg‘ilon shahar hokimligi tomonidan boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda tashkil etiladigan ushbu festival Marg‘ilon ipakchiligining dovrug‘ini dunyoga tanitishda, hunar va san’atga mehri baland insonlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishida muhim o‘rin tutishi…

Ma’lumki, joriy yilning 20-22 oktyabr kunlari Marg‘ilonda “Atlas bayrami” beshinchi milliy matolar festivali bo‘lib o‘tadi.

Farg‘ona viloyati hokimligi, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “Hunarmand” uyushmasi, Marg‘ilon shahar hokimligi tomonidan boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda tashkil etiladigan ushbu festival Marg‘ilon ipakchiligining dovrug‘ini dunyoga tanitishda, hunar va san’atga mehri baland insonlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishida muhim o‘rin tutishi bilan ahamiyatlidir.

Kuni kecha YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi boshchiligidagi taniqli mutaxassislar va ekspertlardan iborat delegasiya Marg‘ilon shahriga yetib keldi. Mehmonlarni viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov hamda shahar hokimi Adham Ziyavitdinovlar qarshi olib, festivalning asosiy tadbirlari o‘tkaziladigan Ijodkorlar bog‘i maydoni, Hunarmandlar markazi, Erkin Vohidov nomidagi Ijod maktabi hamda Raqamli texnologiyalar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirdilar.

Tashrif davomida mehmonlar festival dasturi doirasida o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy konferensiyani tashkil etish bo‘yicha FarDU professor o‘qituvchilari bilan kelishib olishdi.

Ushbu festivalda Marg‘ilonga Butunjahon hunarmandlar kengashi qarori bilan Hunarmandlar shahri maqomi berilishi kutilmoqda.

  1. – “Atlas bayrami“ festivali milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda ham keng targ‘ib qilish, usta hunarmandlar bilan tajriba almashish, mamlakatda turizmni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda, -deydi YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi xonim.

Festivalda Rossiya, Xitoy, Ispaniya, Fransiya, Mongoliya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarning ustalari, rassomlari, soha mutaxassislari ishtirok etadi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilda festival dasturi sezilarli ravishda kengaytirilgan. Unda butun O‘zbekistondan ishtirok etadigan hunarmandlar o‘z mahoratini namoyish etadi.

Yosh hunarmandlar uchun taniqli ustalar ishtirokida an’anaviy kashtado‘zlik, tabiiy bo‘yash, liboslar dizayni bo‘yicha mahorat saboqlari tashkil etiladi.

Author: Uyushma axborot xizmati