"Hunarmand" uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Xalqaro festival tantanali yurish bilan boshlandi

Xalqaro festival tantanali yurish bilan boshlandi

“Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” va “Milliy kashtado‘zlik san’ati” festivali boshlandi. Festival xorijiy hamda mahalliy mehmonlarning “Labi hovuz” majmuasidan “Ark” qo‘rg‘onigacha bo‘lgan masofada tantanali yurishi bilan boshlandi. Festival doirasida bir qator tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Jumladan, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, festivalni o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanlari, “Bukhara Fashion days” moda haftaligi, xalq sayllari, qo‘g‘irchoqbozlik…

“Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” va “Milliy kashtado‘zlik san’ati” festivali boshlandi.

Festival xorijiy hamda mahalliy mehmonlarning “Labi hovuz” majmuasidan “Ark” qo‘rg‘onigacha bo‘lgan masofada tantanali yurishi bilan boshlandi.

Festival doirasida bir qator tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Jumladan, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, festivalni o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanlari, “Bukhara Fashion days” moda haftaligi, xalq sayllari, qo‘g‘irchoqbozlik va dorbozlar tomoshalari, viloyatlar folklor jamoalari va madaniyat boshqarmalari konsert dasturlari, osh tanlovlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahorat darslari, “O‘zbekiston zargarlik va zardo‘zlik san’ati” va “Zardo‘zlik san’ati” nomli kitoblar taqdimoti, Buxoro shahridagi mavjud mashhur zardo‘z va zargarlar ustaxonalariga ekskursiyalar uyushtiriladi.

Festivalga turli go‘shalardan ko‘plab hunarmandlar tashrif buyurgan. Ular uchun bu tadbir o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini ham o‘tamoqda. Chunki ana shunday anjumanlarda kasb mahorati ko‘zga yaqqol tashlanadi, bozordagi talab o‘rganiladi, zarur saboqlar chiqariladi.

Festival nizomiga ko‘ra, mahalliy va xorijiy hunarmandlar o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi. Ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining mahoratini yetti kishidan iborat tarkibdagi xalqaro hay’at baholab boradi. Xalqaro hay’at tarkibiga yuqori malakali mutaxassislar, taniqli san’at va madaniyat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, amaliyotchilar, shuningdek, ishtirokchi davlatlardan tegishli sohalarning namoyandalari kiritilgan.

Zarif Komilov, 
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA