Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Xalqaro festivallar > Buxoroda xalqaro festival boshlandi

Buxoroda xalqaro festival boshlandi

Ko‘hna va boqiy Buxoroda o‘tkazilayotgan “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” va “Milliy kashtado‘zlik san’ati” festivaliga Butunjahon Hunarmandlar Kengashi Prezidenti Saad- al- Kaddumi tashrif buyurdi. Martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida karnay-surnay sadolari, buxorocha mehmonnavozlik bilan shahar hokimi Jamol Nosirov kutib oldi. Shuningdek Toshkent-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan parvozda xorijiy hunarmandlar bilan birga O‘zbekiston xalq artistlari, poytaxtlik jurnalist…

Ko‘hna va boqiy Buxoroda o‘tkazilayotgan “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” va “Milliy kashtado‘zlik san’ati” festivaliga Butunjahon Hunarmandlar Kengashi Prezidenti Saad- al- Kaddumi tashrif buyurdi.

Martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida karnay-surnay sadolari, buxorocha mehmonnavozlik bilan shahar hokimi Jamol Nosirov kutib oldi.

Shuningdek Toshkent-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan parvozda xorijiy hunarmandlar bilan birga O‘zbekiston xalq artistlari, poytaxtlik jurnalist va blogerlar ham kelishdi.

Festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini yanada kengroq namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda turli xalqlar o‘rtasida tajriba almashish, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iboratdir.

Xalqaro miqyosdagi mazkur tadbirning Buxoro shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu shahar qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari, ayniqsa, zardo‘zlik va zargarlik yuksak darajada taraqqiy etgan.

“Ustoz-shogird” an’analari, hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. bugungi kunda ham Buxoro shahrida hunarmandchilik an’analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, ipak gilamchilik, kulolchilik, kandakorlik, zardo‘zlik, zargarlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarmandchilikning ko‘plab turlari ravnaq topmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA

Author: Uyushma axborot xizmati