Rasmiy bayonot

2021 yil 26 fevral kuni Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida “Asliddin Kamalov” profili egasi tomonidan “Zulfiyachidan navbat Mard o‘g‘lonchiga” — “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindorining firibgarliklari”, 2 mart kuni “Mard o‘g‘lon”chi ishi bo‘yicha barcha izlar tozalanyapti lekin huquq-targ‘ibot idoralari negadir jim” nomli postlar e’lon qilingan. Mazkur postlarning umumiy  mazmunidan ko‘rinishicha, profil egasi Asliddin Kamalov “Hunarmand” uyushmasining Shofirkon…

2021 yil 26 fevral kuni Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida “Asliddin Kamalov” profili egasi tomonidan “Zulfiyachidan navbat Mard o‘g‘lonchiga” — “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindorining firibgarliklari”, 2 mart kuni “Mard o‘g‘lon”chi ishi bo‘yicha barcha izlar tozalanyapti lekin huquq-targ‘ibot idoralari negadir jim” nomli postlar e’lon qilingan.

Mazkur postlarning umumiy  mazmunidan ko‘rinishicha, profil egasi Asliddin Kamalov “Hunarmand” uyushmasining Shofirkon tuman bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tgan uyushma a’zosi Xaydarov Muxammad Shamsiddin o‘g‘lining harakatlari qonun buzilish holatlari  mavjud deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, uning fikricha, M.Xaydarovning jinoiy harakatlarida uyushmaning Buxoro viloyati boshqarmasining qo‘li bor bo‘lib, mazkur holatdan Respublika “Hunarmand” uyushmasidagi ba’zi shaxslar ham xabardor.

Shuningdek, postda qayd etilishicha, fuqaro Asliddin Kamalovga, soxta hunarmandlar borligi to‘g‘risida ma’lumotlar yetib kelganligi va unga “Hunarmand” uyushmasidan ro‘yxatdan o‘tgan uyushma a’zolari to‘g‘risida ma’lumot taqdim etilmagani haqida ham e’tiroz bildirgan.

Birinchidan, “Hunarmand” uyushmasi nodavlat-notijorat tashkilot sifatida, O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunining 7-moddasiga asosan, o‘z a’zolari va qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalashi hamda himoya qiladi, biroq uyushma a’zosining shaxsiy hayotiga aralashmaydi va nazorat qilmaydi.

Ikkinchidan, M.Xaydarov noqonuniy harakatlarida uyushmaning Buxoro viloyat boshqarmasining qo‘li borligi va mazkur holatdan Respublika “Hunarmand” uyushmasidagi ba’zi shaxslar ham xabardor ekanligi bo‘yicha A.Kamalovda holatni isbotlovchi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi dalillar mavjud emasligi sababli, A.Kamalovning xarakatlarini shaxsni va tashkilot(yuridik shaxs)ni ishchanlik obro‘yini to‘kishga harakat qilishdan boshqa narsa emas, deb hisoblaymiz.

Jinoyat kodeksining 3-moddasiga ko‘ra, ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi, kodeksning asosiy prinsiplaridan biri hisoblanadi. Ya’ni A.Kamalovda yuqoridagi holatni tasdiqlovchi faktlar mavjud bo‘lsa, amaldagi qonunchilik tartibida tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilinishi maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 29-moddasida har kim o‘zi istagan axborotni olish huquqiga ega ekanligi belgilangan bo‘lib, mazkur normada ma’lumot olish huquqiga egaligi nazarda tutilmagan.

Mamlakatimizda hunarmandchilik sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar hamda amalga oshirilayotgan islohotlardan xalqimizni muntazam xabardor qilish, ochiqlikni ta’minlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasining rasmiy sayti, internetdagi ijtimoiy sahifalarida sohaga oid axborotlar ochiq, shafof yetkaziladi.

Shuningdek, 2018 yil 1 iyundan boshlab “Hunarmand” uyushmasi a’zolarining elektron bazasi joriy etilgan. Shu kundan boshlab Uyushmaga a’zo bo‘lish istagi bor fuqarolarni onlayn tarzda a’zo qilish tartibi o‘rnatilgan. Shakllangan elektron bazada hunarmandlar haqida ma’lumotlar (uyushma bilan tuzilgan shartnoma, pasport, STIR ma’lumotlari, anketa, ariza va Badiiy Kengash xulosasi, a’zo bo‘lish uchun to‘langan yillik a’zolik badali,) jamlanadi. Hunarmandlarga a’zoligi to‘g‘risida QR-kodli guvohnoma beriladi. 2018 yilda Davlat soliq qo‘mitasi hamda “Hunarmand” uyushmasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro ma’lumot almashish to‘g‘risidagi bitimga asosan, elektron hujjat almashish tizimlarini integrasiya qilish yo‘lga qo‘yilgan.

“Hunarmand” uyushmasiga rasman murojaat qilinganda o‘z vaqtida murojaatga javob beriladi. Shuningdek, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunda ma’lumotlarni talab qilib olish huquqi bo‘lmagan shaxslarga ma’lumot taqdim etish mumkinligi belgilanmagan.

To‘rtinchidan, A.Kamalovga soxta hunarmandlar to‘g‘risida ma’lumotlar yetib kelgan bo‘lsa, ushbu ma’lumotlar uyushmaga taqdim etilishi va uyushmaning mas’ul xodimi tomonidan tekshirib chiqilishi maqsadga muvofiq.

Ta’kidlash joizki, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda (40-modda) shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatishda ifodalagan harakatlarni amalga oshirishga nisbatan javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi
“Hunarmand” uyushmasi
Axborot xizmati