Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Qo‘qonda II Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Qo‘qonda II Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Qo‘qon shahri joriy yilda II Xalqaro hunarmandchilik festivaliga mezbonlik qiladi. Ayni kunlarda bu yerda nufuzli tadbirga tayyorgarlik ishlari boshlangan bo‘lib, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Hunarmandlik barcha xalqlarga xos bo‘lgan madaniy meros hisoblanadi. Har bir ustaning buyum va mahsulotlari qalb qo‘ri va qo‘l mehnati bilan yaraladi. Farg‘onada hunarmandlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha besh mingdan ortiq…

Qo‘qon shahri joriy yilda II Xalqaro hunarmandchilik festivaliga mezbonlik qiladi.

Ayni kunlarda bu yerda nufuzli tadbirga tayyorgarlik ishlari boshlangan bo‘lib, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Hunarmandlik barcha xalqlarga xos bo‘lgan madaniy meros hisoblanadi. Har bir ustaning buyum va mahsulotlari qalb qo‘ri va qo‘l mehnati bilan yaraladi. Farg‘onada hunarmandlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha besh mingdan ortiq ustaxona faoliyat yuritmoqda. Qo‘qon hunarmandligi o‘ziga xos tarixi, uslub va an’analariga ega bo‘lib, bu yerda uning 30 ga yaqin turi keng rivojlangan. 2019 yil qadimiy shaharda Prezidentimiz tashabbusi bilan ilk bor xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkazildi. Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qo‘qon shahriga “Jahon hunarmandchilik shahri” maqomi berildi. Bu unvon 2014 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, shu kungacha unga 16 davlatning 36 shahri sazovor bo‘lgan. Qo‘qon shahri MDH mamlakatlari shaharlari orasida ichida birinchi bo‘lib shu qatordan joy oldi. Shuningdek, “Hunarmand” uyushmasi mazkur tashkilotga a’zo bo‘ldi. Mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish borasidagi sa’y–harakatlar samaradorligi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilganining belgisi bo‘ldi bu voqealar. O‘tgan yilda bu yerda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining turizm masalalari bo‘yicha vazirlari yig‘ilishida Qo‘qon shahri 2022 yilda turkiy dunyoning Turizm poytaxti deb e’lon qilindi.

– Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivali barcha xalqlarni birlashtiradigan do‘stlik va hamjihatlik bayrami bo‘ladi, – deydi Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov. – Festival va Turkiy Kengash davlatlari turizm vazirlari uchrashuvlariga tayyorgarlik doirasida alohida dastur ishlab chiqilib, 64 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Dastur doirasida tarixiy obidalarni ta’mirlash va restavrasiya qilish, ularga olib boradigan turizm marshrutlaridagi yo‘llarni ta’mirlash, tunggi yoritish tizimlari, suv, oqava, elektr tizimlarini yangilash nazarda tutilgan. Xususan, Adabiyot muzeyi oldidagi Istiqlol ko‘chasi, Muqimiy hujra muzeyi va Hamza uy muzeyiga olib boruvchi Taroqchilik ko‘chalari ta’mirlanadi. 15 ta ko‘chada qo‘shimcha illyuminasiyalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda Istiqlol, Sharof Rashidov ko‘chalarida 1 ming 900 metr uzunlikdagi yo‘llarni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, shu kunga qadar 2 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. Yangi Chorsu, Furqat ko‘chalarida 2000 metrdan ziyod elektr tizimlari yer ostiga olindi. 15 ta ko‘chada ziyorat turizmi ob’yektlarini rivojlantirish maqsadida 14 ta obida tanlab olinib, Yalong‘och ota, Qirq kokilli ota kabi ziyoratgohlarini ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.

Shaharning markaziy ko‘chalarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Ikki mingdan ziyod eman, lola, kashtan, oq qayin, hind sireni kabi daraxt va butalar ekilmoqda. Xudoyorxon o‘rdasi, Jome’ majmuasi, Norbo‘tabek, Dasturxonchi, Miyon Hazrat madrasalarini joriy ta’mirlash ishlari bajariladi. Dahmai Shahon maqbarasi Qo‘qon madaniy qo‘riqxonasi tarkibiga kiruvchi Tepaqo‘rg‘on majmuasida Ashurali Zohiriy muzeyini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash, hunarmandlar uchun munosib sharoit yaratish maqsadida hunarmandchilik mahsulotlarini onlayn savdosini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha seminar treninglar o‘tkazilmoqda. Qo‘qon hunarmandchiligini jahon bozoriga olib chiqish maqsadida xalqaro nufuzli kompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. AQSHning “Tuzmo” kompaniyasi II Xalqaro hunarmandchilik festivalida ishtirok etishga katta qiziqish bildirmoqda. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrining madaniyat va tarixi, turizm imkoniyatlari, xalqaro hunarmandlar festivali xususida ommaviy axborot vositalari orqali jahon hamjamiyati tanishtirib borilmoqda.

Festivalga iqtidorli hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb qilish maqsadida joylarda “Men Qo‘qonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat ko‘rgazma va ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi. Shuningdek, xorijiy hunarmandlar, soha olimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.

M. Sulaymonov, O‘zA
https://uza.uz/uz/posts/qoqonda-ii-halqaro-hunarmandchilik-festivaliga-tayyorgarlik-korilmoqda_343156

Author: Uyushma axborot xizmati