“Marg’ilon azaldan hunarmandlar shahri. Yaqinda bu yerda mohir usta Ibrohimjon Sultonov tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida Hunarmandlar markazi qurilib, foydalanishga topshirildi. 600 nafar usta faoliyat boshlab, 200 ortiq turdagi atlas va adras to’qish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Ular tomonidan 2 mingga yaqin xotin-qiz, yoshlar ishga jalb etildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
«Mening eng katta islohotim – har bir oilaning nuri bo’lgan onalarni, xotin-qizlarni rozi qilish. Sizlarning ko’zingizdagi ishonchni, umidni ko’rib baxtiyor insonman. Аyollarni qancha rozi qilsak, Yaratgan bizga kuch-qudrat, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik beradi. Butun dunyo pandemiya oqibatida katta qiyinchilikka uchrayapti. Hech kim ishonmagandi, shu sharoitda mana shunday korxonalar ishga tushira olamiz deb. Bu – Farg’onadagi o’zgarishlarning boshlanishi, qaldirg’ochi. Xudo xohlasa, natijalarimiz bundan ham yuqori bo’ladi», degan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev.
Ikki qavatli markazning quyi qavatida atlas, adras, shoyi, baxmal, beqasam matolar to’qiladi. Birinchi qavatdan tayyor mahsulotlar ko’rgazmasi, podium, chevarxona o’rin olgan. Bu yerdagi do’konda matoga gul chizish, bog’lash, davra, qad tayyorlash jarayonlari ko’rgazmali tarzda namoyish etiladi.
Binoning yuqori qavatida gilam sexi joylashgan. Bu yerda barcha mahsulotlar to’liq qo’l mehnati yordamida, 100 foiz toza ipakdan to’qiladi.
Hunarmand Ibrohimjon Sultonovning «Ismoiljon gilamlari» korxonasi mahsulotlari butun dunyoga mashhur.