"Hunarmand" uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > O’zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi hamda Frantsiya Kulolchilik Tashkilotlari Milliy Uyushmasi bilan birgalikda hunarmand usta kulollar ishtirokida videokonferentsiya orqali uchrashuv o’tkazildi

O’zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi hamda Frantsiya Kulolchilik Tashkilotlari Milliy Uyushmasi bilan birgalikda hunarmand usta kulollar ishtirokida videokonferentsiya orqali uchrashuv o’tkazildi

    Bugun 2020 yilning 25 iyunь kuni Toshkent vaqti bilan soat 17.00da Oʼzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi hamda Frantsiya kulollar uyushmasi bilan birgalikda hunarmand usta kulollar ishtirokida videokonferentsiya orqali uchrashuv oʼtkazildi.

Ushbu uchrashuv Oʼzbekiston Respublikasining Frantsiyadagi elchixonasi va Oʼzbekiston “Hunarmand” uyushmasi tomonidan tashkil etildi.

Kulolchilik – Oʼzbekiston xalq amaliy sanʼatinig eng qadimiy, gʼoyat qiziqarli turlaridan biri. Mamlakatimiz hududida kulolchiliknig koʼplab asosiy maktab va markazlari mavjud. Rishton, Buxoro, Gʼurumsaroy, Toshkent, Xorazm, Samarqand va Qashqadaryo kulolchilik maktablarini sanash mumkin. Ushbu kulolchilik maktablari bir biridan yaratilgan mahsulotlarni tayyorlanish uslubi, naqsh-gullari, rangi va pardozi bilan biri-biridan farqlanadi.

Shu oʼrinda aytish lozimki, yurtimizda anʼanaviy kulolchilikni rivojlantirish maqsadida alohida kontseptsiya ishlab chiqilmoqda. Unga koʼra kulolchilik markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan boʼlib, hozirgi kunda Fargʼona viloyatining Rishton shahrida “Аʼanaviy kulollar shaharchasi” va Xorazm viloyatining Yangiariq qishlogʼida “Kulolchilik markazi”ning qurilish ishlari boshlangan.

Videokonferentsiyada Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Аdham Ikramov, Oʼzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʼbek Аbdullaev, Oʼzbekistonning Frantsiyadagi elchisi Sardor Rustambaev, Frantsiya kulollar uyushmasi Prezidenti Janob Jerom Rassel, “Temuriylar tarixi va sanʼanatini oʼrganish” uyushmasi Raxbari Frederik Bressand, “Hunarmand” uyushmasi rais oʼrinbosari Аziz Murtazaev va usta hunarmandlar ishtirok etdi.

Videokonferentsiyada Respublika “Hunarmand” uyushmasi rais oʼrinbosari Аziz Murtazaev soʼz yuritib, mazkur uchrashuv Frantsiya va Oʼzbekiston hunarmandlari, jumladan kullollari oʼrtasida aloqalarni doʼstona va samarali yoʼlga quyilishiga asos boʼlib xizmat qilishini taʼkidlab oʼtdi. Rais oʼrinbosari А. Murtazaev Oʼzbekiston kulolchiligi boʼyicha Prezentatsiya taqdim qilib, soʼngi yillarda Oʼzbekistonda Muhtaram Prezidentimizning koʼmagi va bevosita rahbarligida hunarmandchilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan maqsadli va tizimli ishlar olib borilayotganligi haqida gapirib oʼtdi.

    Har yili mamlakatimizda yuzdan ortiq festivalь va yarmarkalar oʼtkaziladi jumladan kulolchilik yoʼnalishda ham. 2019 yil 10-15 sentyabrь kunlari Qoʼqon shahrida I Xalqaro Xunarmandchilik festivali oʼtkazildi. Ushbu nufuzli tadbirda dunyoning 78 dan ortiq mamlakatidan 500 nafarga yaqin hunarmand, ekspert va olimlar xamda 1400 dan ortiq mahaliy hunarmandlar ishtirok etdilar. Jumladan, Frantsiyadan 2 nafar hunarmand Nikole Guillien – Emallash, Аgate Mareau – Chinni fayans yoʼnalishida ishtirok etdi. Festivalь davomida Qoʼqon shahriga yogʼoch oʼymakorligi yoʼnalishida WCC – Butunjahon Hunarmandlar Kengashi tomonidan MDH mamlakatlari orasida birinchi boʼlib, dunyoda 36-chi boʼlib, “Butunjahon Hunarmandlari Shahri” maqomi berildi. Kelasi yillarda aynan kulolchilik yoʼnalishida Rishton shahrini ushbu maqomga nomzodnoma arizasini topshirishni rejalashtirganligini rais oʼrinbosari taʼkidlab oʼtdi.

2021 yilda sentyabrь oyida navbatdagi II Xalqaro Xunarmandlar Festivalini oʼtkazish boʼyicha tayyorgarlik ishlari boshlangan. Bugungi imkoniyatdan foydalanib, Frantsiya davlatidan ushbu festivalga koʼproq hunarmandlar, shu jumladan kulollar ishtirok etishlari taklif etildi.

Videokonferentsiyada kelajakda kulolchilik boʼyicha ham aloxida festivalь va koʼrgazmalar tashkil etish, hamda mahsulotlarni eksport qilish boʼyicha dastur ishlab chiqilayotganligi haqida soʼz yuritildi.

Bu borada ikki mamlakat hunarmandlari oʼrtasida oʼzaro aloqalarni oʼrnatish va hamkorlikni yoʼlga qoʼyish, har tomonlama manfaatli aniq loyihalarni ilgari surib, amalga oshirish lozim boʼlgan vazifalarni belgilagan xolda Oʼzbekiston “Hunarmand” Uyushmasi va Frantsiya Kulolchilik Tashkilotlari Milliy Uyushmasi tomonidan memorandum imzolashga kelishib olindi.

Uyushma Аxborot xizmati