Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Farg‘ona viloyati > Margʼilonda qoʼlda ipakli abr mato yoki ikat tayyorlash jarayoni anʼanaviy davom etmoqda

Margʼilonda qoʼlda ipakli abr mato yoki ikat tayyorlash jarayoni anʼanaviy davom etmoqda

Qoʼlda ipakli abr mato yoki ikat tayyorlash 37 tadan ortiq jarayondan iborat boʼlib, bularning barchasi qoʼlda bajariladi va faqat soʼngi toʼqish jarayoni qoʼl yoki mehanik dastgoh yordamida amalga oshiriladi.
Bir kunda usta hunarmand 10 metr mato toʼqisa, mehananik dastgoh 50-100 metr mato toʼqish imkonini beradi.Аlbatta, koʼrinib turganidek, ishlab chiqarishda bu jarayon mahsulotni tez fursatda toʼqish va isteʼmolchiga yetkazish imkonini beradi. Lekin qolgan 36 ta jarayon xamon qoʼlda bajariladi.
Hozirgi kunda Fargʼona vodiysining Margʼilon, Namangan va Qoʼqon shaharlarida ipakli va abrli matolar ishlab chiqarilayotgan boʼlib, bu jarayonda 20000 nafardan ortiq odam faoliyat olib boradi. Bu ipakni qayta ishlashdan mato tayyor boʼlishga qadar jarayonlarini qamrab oladi. Bunda adras, atlas, shoyi, aʼlobaxmal singari ipakli matolar asosan qoʼlda toʼqilsa, paxtadan tayyorlangan (x/b) adras matosi mexanik dastgohda toʼqib tugatiladi. Bunda koʼrinib turibdiki, hamma matolar ham mexanik dastgohda toʼqilmaydi.
Margʼilon Hunarmandchilikni rivojlantirish markazi 2016 yilda YuNESKOning nomoddiy madaniy merosni saqlash reestriga “Eng ilgʼor tajriba” yoʼnalishida Oʼrta Osiyoda yagona nomzod sifatida qiritilgan boʼlib, bu aynan ipakli va abrli matolar toʼqish koʼp asrlik anʼanasi toʼliq saqlanib qolganligi va kelajak avlodga “Usta-shogird” tizimida yetkazilish tajribasi butun jahonga namuna etib koʼrsatilgan.
2014 yildan boshlab har yilning sentyabrь oyida Margʼilon shahrida “Аtlas bayrami” xalqaro festivali oʼtkazilib kelinmoqda. Festivalь ipakli matolarga bagʼishlangan boʼlib, uning doirasida xalqaro konferentsiya ham oʼtkaziladi. Konferentsiya davomida xalqaro ekspertlarning Fargʼona vodiysida qoʼl toʼqimachiligi hunarining keng rivoj topganligi koʼp bor taʼkidlangan. Joriy yilning 10-15 sentyabr kunlari mazkur festivalь 5 marotaba oʼtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Hozirda Margʼilon shahriga Butunjahon Hunarmandlar Kengashining “Butunjahon Hunarmandlar shahri” maqomini olish uchun oʼz nomzodnomasini aynan ipakli va abrli matolar toʼqish yoʼnalishida topshirish boʼyicha ishlar boshlab yuborilgan. Bu ham albatta, Margʼilon hamda Fargʼona vodiysining boshqa shaharlarida qoʼlda toʼqish hunarining yuksak darajada rivojlanganini namuna sifatida dunyoga koʼrsatadi.
2017 yil 17 noyabrda qabul qilingan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmonida “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga 42 ta imtiyoz berilgan.
Jumladan, hunarmandlar qatʼiy belgilangan soliqdan ozod etilgan,yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasiga sugʼurta badali toʼlovidan ozod etilgan, qishloq joylarda roʼyxatdan oʼtgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar oʼz faoliyatining dastlabki 2 yili mobaynida byudjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasiga belgilangan sugʼurta badalining 50%ini toʼlashadi. Hunarmandlarga oʼz mahsulotlarini eksport qilishdantushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, shu jumladan, bank hisob varaqlaridan chet el valyutasini naqd shaklda yechib olish huquqi berildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-4539-sonli qarori hunarmandchilikni rivojlanishida yana bir tarixiy hujjat boʼldi. Qarorga koʼra, Xalq amaliy sanʼati ustalarining Milliy katalogi tashkil etildi, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reestrini joriy etishi belgilandi. Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda Toshkent shahrida xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilik mahsulotlari koʼrgazma zallari va galereyalarini tashkil etish belgilandi. Yirik savdo majmualari va dehqon bozorlari hududlarida alohida “hunarmandlar rastalari”ni tashkil etilishi, 2020 yil yakuniga qadar tashabbuskorlarni jalb qilgan holda Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tuman va shaharlarida milliy hunarmandchilikning barcha yoʼnalishlarini oʼzida mujassam etadigan zamonaviy “hunarmandlar bozori” tashkil etilishi belgilangan.
Qaror eʼlon qilingandan oldin Fargʼona viloyatida faoliyat olib borayotgan dexqon bozorlari va savdo majmualarida 359 ta savdo rastalari mavjud boʼlgan boʼlsa, 2020 yil 28 yanvarь xolatiga 807 taga yetdi va 448 nafar hunarmandlarga hunarmandchilik mahsulotlarini sotish imkoniyati yaratildi.
Аytish lozimki, oʼtgan 2019 yilning 27 dekabrь kuni Fargʼona shahrida «Gold city» zargarlar markazi ishga tushirildi. Markazda 100 nafarga yaqin zargarlar oʼz mahsulotlarini namoyish qilishlari hamda bir vaqtni oʼzida mahsulotni yasash jarayonlari uchun ham sharoit yaratildi.
2020 yilning mart oyida Margʼilon shahrida “Hunarmandlar bozori” ishga tushiriladi. “Qurilish ashyo sifat serviz” MChJ tomonidan umumiy qiymati 10 mlrdlik soʼm qiymatida ishga tushirilayotgan ikki qavatlik bozorda 200 nafar hunarmandlar oʼz mahsulotlarini sotish imkoniyati yaratiladi. Bu esa Margʼilon shahriga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlarga anʼanaviy hunarmandchilik mahsulotlaridan esdalik sovgʼalar sotib olish imkoniyati boʼladi.
Oʼzbekiston Respublikasi
“Hunarmand” uyushmasi Аxborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati