Xattotlik

Xattotlik arabcha – husnixat yozuvchi degan maʼnoni bildirib, yozuv (xat) sanʼati, kitob koʼchirish hamda meʼmoriy inshootlar, badiiy buyumlarning kitobalarini yaratish kasbini anglatadi. Yozuvning paydo boʼlishi natijasida yuzaga kelgan. Аyniqsa, arab yozuvining keng tarqalishi tufayli Xattotlikning rivojlanishi jadallashdi. Sharqda, jumladan, Oʼrta Osiyoda kitob bosish vujudga kelguniga qadar qoʼlyozma kitob tayyorlash, ularning nusxalarini koʼpaytirish (matn koʼchirish) bilan xattotlar shugʼullangan. Xattotlar saroylarda, ayrim amaldorlar huzurida guruh boʼlib ishlagan. Xattotlik sanʼatiga bagʼishlangan koʼplab risolalar 10 xil asosiy xat uslublari (nasx, kufiy, muhaqqaq, nastaʼliq, suls, tavqe, taʼliq, devoniy, riqo, riqʼiy) mavjudligi haqida darak beradi.
Oʼrta Osiyoda arab yozuvlari tarqalguniga qadar turli yozuv usullari boʼlgan (masalan, cugʼdiy, urxun-enisey (qadimiy turkiy xoqon yozuvlari) va boshqalar). Qadimiy yozuvlardan boʼlgan kufiy yozuvi koʼpgina meʼmoriy va boshqa yodgorlik obidalarining bezagida saqlanib qolgan.
Mustaqillik yillariga kelib kitobat sanʼati bir guruh xattotlarimiz tomonidan qayta tiklandi.

 

 

Uyushma Аxborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati