“Hunarmand” uyushmasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC- ARR) ning 38-Bosh Assambleyasida onlayn ishtirok etadi

Press-reliz 2020 yilning 4-6 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC- ARR) ning 38-Bosh Assambleyasida onlayn ishtirok etadi. Anjumanda 34ta mamlakatdan 80 dan ortiq delegatlar qatnashadi. Jumladan, Jahon Hunarmandlar Kengashi Prezidenti Rozi Grinliz, tashkilotning Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasi Prezidenti Gada Qaddumi, Boshqaruv Kegashi a’zolari…

Press-reliz

2020 yilning 4-6 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC- ARR) ning 38-Bosh Assambleyasida onlayn ishtirok etadi.

Anjumanda 34ta mamlakatdan 80 dan ortiq delegatlar qatnashadi. Jumladan, Jahon Hunarmandlar Kengashi Prezidenti Rozi Grinliz, tashkilotning Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasi Prezidenti Gada Qaddumi, Boshqaruv Kegashi a’zolari hamda a’zo mamlakatlar milliy tashkilotlari ishtirok etadi.

Tadbir dasturi 3 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, Assambleya yig‘ilishida asosiy masala Jahon Hunarmandlar Kengashi – Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasining 2021-2024 yillar Prezidentiligini O‘zbekistonga topshirishni ratifikasiya qilish, Boshqaruv Kengashi yig‘ilishini o‘tkazish, Xalqaro Simpozium hamda hunarmandlar ishtirokida ko‘rgazma tashkil etishdan iborat.

Ushbu xalqaro tashkilotning Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasi bo‘yicha ofisini O‘zbekistonga olib kelish va nufuzli tadbirlarini yurtimizda o‘tkazish mamlakatimizda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va mavqeini oshirishga xizmat qiladi.

2020 yilning 4 dekabr kuni O‘zbekiston Savdo sanoat palatasi binosida Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC- ARR) ning 38-Bosh Assambleyasida bo‘lib o‘tadi unda O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi onlayn ishtirok etadi.

Anjuman Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC- ARR) ning Prezidenti doktor Gada Xijavi-Kaddumining qutlovi bilan ochiladi, Assambleya kun tartibidagi masalalar muhokama qilinadi va hunarmandchilik sohasini rivojlantirish uchun dasturlar tasdiqlanadi, 2019-2020 yilgi tashkilot faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlar eshitiladi.

Shundan so‘ng, Jahon Hunarmandlar Kengashi – Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasining 2021-2024 yillar Prezidentiligini O‘zbekistonga topshirish ratifikasiya qilinadi

Anjumanda yurtimizda hunarmandchilikka berilayotgan e’tibor va uni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar sohaga oid xalqaro tashkilot va ekspetlar tomonidan alohida e’tirof etiladi. Ayniqsa, 2019 yil 10 -15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivalining o‘tkazilgani xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda turli xalqlar o‘rtasida tajriba almashish, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, madaniy aloqalarni xalqaro miqyosda kengaytirish, hunarmandchilik an’analari va maktablarini saqlash va qayta tiklashga zamin bo‘lganligi alohida ta’kidlab o‘tiladi.

2020 yilning 5 dekabr kuni soat 11.00da Yoshlar ijod saroyi binosida Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC-ARR) ning 38-Bosh Assambleyasi doirasida tashkil etilgan mahalliy hunarmandlar hamda xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari virtual ko‘rgazmasi tantanali ochilish marosimi boshlanadi. Tadbirni Jahon Hunarmandlar Kengashi – Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasining 2021-2024 yillarga saylangan Prezidenti kirish so‘zi bilan ochib beradi va kirish so‘zida O‘zbekison Respublikasi “Hunarmand” uyushmasining bunday nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lishi juda quvonchli voqea bo‘lganligi ta’kidlaydi. Qadimdan hunarmandchilik va amaliy san’at rivojlangan O‘rta Osiyo xalqlari, shu jumladan O‘zbekiston ham jahon xalqlari madaniyati rivojiga sezilarli hissa qo‘shib kelgan deb bemalol ayta olamiz. Bugun dunyoning ko‘plab muzeylarida saqlanayotgan osori-atiqalarimiz, amaliy san’at namunalari barchamizning ko‘zimizni quvontirishi shubhasiz. Ushbu madaniyat an’analarini munosib davom ettirish, uni asrab avaylash va kelajak avlodga munosib ravishda yetkazish barchamizning, sizu bizning oldimizda turgan muhim vazifadir. Mazkur tashkilotga a’zo bo‘lgan barcha xalqlar va davlatlarni ushbu yagona istak birlashtirib turishi ta’kidlanadi.

Shundan so‘ng, Tashkilotning O‘rta Osiyo va Tinch Okeani mintaqasiga 2017-2020 yillarda Prezidentlik qilib kelayotgan doktor Gada Xijavi-Kaddumining qutlov ma’ruzasi, O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayevning ma’ruzasi tinglanadi. Ma’ruzada bugungi kunda O‘zbekistonda milliy hunarmandchilikning 34 yo‘nalishi bo‘yicha 30 000 dan ortiq hunarmandlar faoliyat ko‘rsatayotgani,O‘zbekiston kelajakda tashkilotning faol a’zosi sifatida a’zo davlatlar bilan madaniy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, o‘zbek hunarmandlarining xorijiy davlatlardagi ko‘rgazmalarda faol ishtirok etishi, qo‘llab-quvvatlanishi alohida qayd etiladi.

Ko‘rgazma zalida ramziy lenta kesish marosimi o‘tkaziladi va xalqaro ko‘rgazmaning rasman ochilganligi e’lon qilinadi. Onlayn ko‘rgazmada pandemiya paytida yaratilgan hunarmandchilik mahsulotlari tanlovining taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. Gʻoliblarni hudud vise-prezidentlari e’lon qiladi va ularga oldindan jo‘natilgan g‘oliblik sertifikati va esdalik sovg‘alarini kuzatuvchilarga namoyish etadi. Gʻoliblarning yaratgan mahsulotlarining videosi ham namoyish etiladi. Bundan tashqari, pandemiya paytida mamlkatlarda davlat tomonidan hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hunarmandchilik markazlari xususan, Rishton va O‘zbekistonning boshqa mintaqalarida yangi hunarmandchilik markazlari haqida videolavhalar namoyish etiladi.

2020 yilning 6 dekabr kuni soat 11.30da Yoshlar ijod saroyi binosida Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC- ARR) ning 38-Bosh Assambleyasi doirasida “young crafters.uz ” nomli yosh hunarmandlarning onlayn ko‘rik tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarining taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. Unda yurtimizning barcha hududlaridan 14 nafar yosh hunarmandlar o‘z hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etadi. Gʻoliblar O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasining sertifikati va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Barcha tadbirlarni Zoom dasturi orqali va ijtimoiy tarmoqlarda jonli kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi
“Hunarmand” uyushmasi
Axborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati