Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Gʻijduvon an’anaviy kashtachiligi

Gʻijduvon an’anaviy kashtachiligi

Barakayeva Mustabshira Barakotovna- kashtado‘z-usta. 1929 yil 1 sentyabrda Buxoro viloyati Gʻijduvon shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Yoshligidan kashtado‘zlik sir-asrorlarini onasi  Vohidova Muqaddam ayadan o‘rgangan. 11 nafar farzandning onasi- “Qahramon ona” medali, “Mehnat faxriysi” unvoni sohibi. Faxriy hunarmand, kashtado‘z-usta Mustabshira aya Barakayeva qizi Mavlyuda Narzullayeva va kelini Gulbahor Narzullayevalar bilan birgalikda hozirgi kunga qadar Gʻijduvon shahridagi 100…

Barakayeva Mustabshira Barakotovna- kashtado‘z-usta. 1929 yil 1 sentyabrda Buxoro viloyati Gʻijduvon shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Yoshligidan kashtado‘zlik sir-asrorlarini onasi  Vohidova Muqaddam ayadan o‘rgangan. 11 nafar farzandning onasi- “Qahramon ona” medali, “Mehnat faxriysi” unvoni sohibi. Faxriy hunarmand, kashtado‘z-usta Mustabshira aya Barakayeva qizi Mavlyuda Narzullayeva va kelini Gulbahor Narzullayevalar bilan birgalikda hozirgi kunga qadar Gʻijduvon shahridagi 100 dan ortiq ayol-qizlarga an’anaviy kashta tikish sirlarini o‘rgatishdi.  Uning qizlari va kelinlari ham ushbu hunarni puxta egallashgan. Qizlaridan Mavlyuda Narzullayeva va kelinlaridan Gulbahor Narzullayeva kashtaning ipak iplarini o‘simlik, ildiz, gul, meva va sabzavotlardan tayyorlangan tabiiy bo‘yoqlarga bo‘yash bo‘yicha malakali mutaxassislar.

Narzullayeva Mavlyuda Ibodullayevna 1959 yil 25 sentyabrda Buxoro viloyati Gʻijduvon shahrida hunarmand oilasida tug‘ilgan. 1977-1981 yillarda  Toshkent Xalq xo‘jaligi institutini bitirgan. 1997 yildan hozirgi kunga qadar Gʻijduvon an’anaviy kashtachiligini  davom ettirib kelmoqda. 1999 yilda “Hunarmand” uyumasiga a’zo bo‘lgan.

Narzullayeva Gulbahor Maxmudovna 1964 yil 16 martda Buxoro viloyati Gʻijduvon shahrida hunarmand oilasida tug‘ilgan. 1984-1987 yillarda  33-sonli Buxoro shahar texnikumini bitirgan. 1997 yildan hozirgi kunga qadar Gʻijduvon an’anaviy kashtachiligini  davom ettirib kelmoqda.

Gʻijduvon an’anaviy kashtachilik maktabining boshqa maktablardan farqli tomoni shundaki, bu yerda  2 xil tikish uslublari: yo‘rma va bosma qo‘llaniladi. Gʻijduvon kashtalarida mamlakatimiz va butunjahon miqyosidagi muzey to‘plamlarida saqlanayotgan so‘zana naqshlari  nusxalari ko‘rish mumkin. Aynan qadimgi, XIX-XX asrlarga tegishli kashtachilik namunalarining nusxalarini yaratish va shu asosida an’analarni davom ettirish-Gʻijduvon usta-hunarmandlarining asosiy maqsadlaridan biridir. Bizga ma’lumki, qadimdan qizlar o‘z seplari uchun 10-15 dona kashta namunalarini tikishgan. Shuning uchun ular 5-6 yoshidan boshlab kashtachilik hunarini puxta egallay boshlashgan. Manbalarga ko‘ra, ba’zan so‘zanalar turmushga chiqqan qiz va ona o‘rtasidagi sirli maktub bo‘lib ham xizmat qilgan. Har bir so‘zanaga razm solib qaralganda, naqsh elementlarining o‘z ma’nosiga ega ekanligini anglash qiyin emas. Aynan “anor”, “bodom”, “tumor”, “qalampir”, “qush”, “qo‘chqorak” kabi ramziy naqshlar o‘zining chuqur falsafiy ma’nolariga ega. Masalan, “anor”- muhabbat va serfarzandlik ramzi bo‘lsa, “tumor”- yomon ko‘z va nazardan saqlovchi unsur bo‘lib xizmat qilgan. “Qo‘chqorak” esa- kuch-qudrat ramzi bo‘lgan. Shu kabi har bir naqsh bir-biriga bog‘lanib, bir butun voqea mazmun-mohiyatini keltirib chiqargan. Gʻijduvon kashtalarida “Rafidagul”, “Kordi-osh”, “Gardish”, “Hayot daraxti”, “Guli anor”, “Bodomi”, “Chor chiroq” kabi naqshlarni tez-tez uchratish mumkin.

Narzullayevlar oilasi hozirgi kunga qadar, an’anaviy kashtachilik bo‘yicha  100 ga yaqin xalqaro ko‘rgazma va tanlovlarda muvafaqqiyatli ishtirok etib kelmoqda. “Usto Ibodullo Narzullayev nomidagi Milliy kulolchilik muzeyi” qoshida kashtachilik ustoxonasi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda har bir mehmon so‘zananing yaratilish jarayonini to‘liq ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Muzey majmuasi xalqaro sayyohlik dasturiga ham kiritilgan. Narzullayevlar sulolasining asarlaridan namunalar respublika va xorijiy davlatlar muzeylari va shaxsiy to‘plamlarda saqlanadi.

Author: Uyushma axborot xizmati