Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi a’zosi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sana’t arbobi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sovrindori, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Akademigi Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasining oltin medalibilan taqdirlangan xalq amaliy san’ati ustasi, hunarmand kulol Yusupov Sharofiddin Isomidinovichning bugun tavallud topgan kuni.
Rishtonlik usta kulol Sh.Yusupov milliy va an’anaviy kulolchiligimizni rivojlantirishga katta hissa qoʻshib kelayotgan mamlakatimizdagi ishbilarmon, tashabbuskor va taniqli ustalardan biridir.
Respublikada birinchi boʻlib Rishton an’anaviy badiiy kulolchilik buyumlarini shakl tamoyillari bilan birga oʻziga xos naqsh-nigoralari bilan bezatish uslubini oʻz ijodida qoʻllab kelmoqda.
Hozirgacha hunarmand tomonidan 10 mingdan ortiq mualliflik asarlari yaratilgan.
Shu bilan birgalikda unutilib ketilayotgan san’at yoʻnalishlaridan biri boʻlgan “Ishqorli sir” san’atini hozirgi davrda ham keng qoʻllanish asoslarini takomillashtirmoqda. Shu yoʻnalishda Rishtonda yagona “Usta-shogird” maktabida yoshlarga an’anaviy-moviy kulolchilik sirlarini oʻrgatmoqda.
Sh.Yusupovning asarlari doimo horijiy va Respublikamizda oʻtadigan qator badiiy koʻrgazmalarda namoyish qilinib, yuqori oʻrinlarga munosib koʻrilib kelinmoqda. Moviy-feruza ranglar bilan bezatilgan naqsh-nigoralari “Chor gul”, “Anor”, “Parizogʻ”, “Sitora” kabi asarlarida chinnipazlik usulida uygʻunlashgan holda oʻz aksini topgan.
Oʻz tashabbusi bilan istiqomat qilayotgan xonadonida 1997-yilda muzey ustaxona tashkil qilib, badiiy va an’anaviy kulolchilik yoʻnalishida oʻz asarlarini moʻy qalam bilan naqshinkorlik uslubida ijod qilib keladi.
Sh.Yusupov ijodida millatimizning buyuk va qadimiy tarixi hamda xalq amaliy san’atining nodir nusxalarini avaylab asrab avloddan-avlodga yetkazishda Respublika usta-kulollari orasida munosib oʻringa ega. Shuningdek, milliy hunarmandchilik asosida yaratilgan “Sarshuyak”, “Guldon”, “Mevadon”, “Dastshu”, “Shokosa”, “Dugusha”, “Murgʻoba” kabi noyob mahsulotlar ustaning ijod jarayonida muhim oʻrin tutadi.
2018-2020-yillarda ustaning ijodiy qirralari yanada koʻrkam namoyon boʻlib, qator nufuzli koʻrgazmalarda ishtirok etib, mutaxassislarda katta taasurotlar qoldirdi.
Respublikamizdagi mavjud tarixiy va yangi obidalarni bezatishda ham “Koshinpazlik” san’ati namunalarini yetkazib berish ustida ham keng koʻlamda bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda.
Hozirgacha ustaning ijodiy ustaxonasiga dunyoning koʻplab mamlakatlaridan jumladan: Amerika, Angliya, Germaniya, Yaponiya, Fransiya, Avstriya, Italiya, Ispaniya, Rossiya, Latviya kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan, shuningdek, Respublikada yashayotgan koʻplab san’at ihlosmandlari va yoshlar hunarmand tomonidan yaratilgan san’at namunalarini katta qiziqish bilan tomosha qilishmoqdalar.
1991-yildan to hozirgi kungacha oʻz ustaxonasida yosh shogirdlarga kasb sirlaridan saboq berib kelmoqda. Uning shogirdlari hozirda Respublika va jahon miqiyosidagi konkurslar va koʻrik-tanlovlarda yuqori natijalarga erishmoqda.