Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Fotoreportajlar > Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalining gʻolib va sovrindorlari aniqlandi

Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalining gʻolib va sovrindorlari aniqlandi

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoroda zardoʻzlik va zargarlikni yanada rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targʻib etish, shuningdek, ushbu yoʻnalishlarda oʻzaro tajriba almashish orqali xalqlar oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash hamda mintaqaning turizm salohiyatini yanada oshirish kabi maqsadlar koʻzda tutilgan xalqaro festival boʻlib oʻtdi. Prezidentimizning…

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoroda zardoʻzlik va zargarlikni yanada rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targʻib etish, shuningdek, ushbu yoʻnalishlarda oʻzaro tajriba almashish orqali xalqlar oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash hamda mintaqaning turizm salohiyatini yanada oshirish kabi maqsadlar koʻzda tutilgan xalqaro festival boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning 2021-yilning 29-aprelida qabul qilingan “Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bu galgi anjumanga jahonning 42 davlatidan 123 nafar mehmon, shuningdek, dizaynerlar, olim va tadqiqotchilar, qator zargarlik korxonalari vakillari ishtirok etishdi.Festival va uning doirasidagi rang – barang tadbirlarda 4,5 ming nafarga yaqin xorijiy sayyoh, 15 mingdan ziyod mahalliy mehmon qatnashdi.

— Mazkur festivalda qatnashganimizdan benihoya mamnunmiz, — deydi Turkiyaning “Gemetis” kompaniyasi asoschisi Mustafo Erjan Oʻzgur. — Oʻzbekistonda zargarlik sanoatini rivojlantirish uchun juda katta salohiyat mavjud. Buxoro viloyati rahbarlari bilan uchrashuvda shu yoʻnalishda oʻzaro tajriba almashish, hamkorlik qilish yuzasidan fikrlashib oldik.

— Ushbu festival men uchun esda qolarli kechdi, — deydi yana bir suhbatdoshimiz, surxondaryolik Oʻroltosh Xurramova. — Zardoʻzlik va kashtachilikni uygʻunlashtirib xattotlik sanʼati yoʻnalishida ijod qilib kelyapman. Tajribali hunarmandlarning mahorat darslarida qatnashdim. Yangi gʻoyalar tugʻildi. Termizdagi afgʻon fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida toʻgarak rahbariman. Bu yerda oʻrganganlarim ish faoliyatimda ham asqatadi, albatta.

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro davlat universitetida “Anʼanaviy zardoʻzlik va zargarlik sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida oʻtkazilgan xalqaro ilmiy – amaliy anjuman ham ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Unda Butunjahon hunarmandlar Kengashi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi prezidenti A. Murtazoyev, Dong Xva milliy universiteti (Tayvan faxriy professori Yu Yao Van, Boshqirdiston respublikasi (Rossiya Federatsiyasi) “Agidel” badiiy hunarmandchilik davlat unitar korxonasi bosh direktori Guzel Karimova, OʻzFA akademigi A. Hakimov va boshqalar zardoʻzlik hamda zargarlik sohasida toʻplangan boy tajriba, ularning dunyo xalqlari hayotida tutgan oʻrni, yechimini kutayotgan masalalar haqida atroflicha fikr-mulohaza yuritdilar.

Anjumanda taʼkidlanganidek, yurtimizda xalq amaliy sanʼati kirib bormagan mahallaning oʻzi yoʻq. Ayni paytda “Hunarmand” uyushmasi aʼzolarining soni 25 ming nafardan ziyod. Shogirdlari esa 65 ming nafardir. Uyushma aʼzolarining salmoqli qismini zardoʻz va zargarlar tashkil etadi. Mazkur dalillar xalq amaliy sanʼatining bu ikki yoʻnalishi avloddan avlodga oʻtib, sayqal topib kelayotganini anglatadi. Binobarin, anʼanalarni yangi bosqichga olib chiqish, ish oʻrinlari yaratish dolzarb masala sanaladi.

— “Dunyoda bir nafar ayol qolganida ham zardoʻzu zargarga ish topiladi”, degan naql bor, — deydi Buxoro zardoʻzlik maktabi dargʻalaridan biri, Oʻzbekiston xalq ustasi Baxshulla Jumayev. — Xalq amaliy sanʼatining bu ikki yoʻnalishi sayqal topadiki, zavolga aslo yuz tutmaydi. Hunarning siru sinoati shunda. Xalqaro festival sabab dunyoning mana man degan hunarmandlari, sanʼatshunoslari Buxoroda jam boʻlgani ham koʻp narsadan darak beradi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Darvoqe, festival nizomiga muvofiq, xorijiy va mahalliy hunarmandlar oʻrtasida koʻrik-tanlov ham oʻtkazildi. Festival mukofot jamgʻarmasi 44 ming AQSH dollaridan iborat boʻldi. Malakali mutaxassislar, taniqli sanʼat va madaniyat arboblari, olim, tadqiqotchilar, amaliyotchilar, ishtirokchi davlatlar vakillaridan iborat xalqaro hakamlar hayʼati tomonidan “Eng yaxshi zargarlik tashkiloti”, “Eng yaxshi zardoʻzlik tashkiloti”, “Eng yaxshi zargar”, “Eng yaxshi zardoʻz” kabi jami 12 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblar nomi aniqlandi. Gʻoliblar qatorida mezbonlar vakili Saodat Yodgorova, Gulchehra Hamidova (Samarqand), Bobir Dinmuhammedov (Toshkent), Maqsud Ubaydullayev (Fargʻona) kabi xalq amaliy sanʼati ustalari, shuningdek, Eron, Tailand, Italiya, Bolgariya singari qator davlatlar vakillarini koʻrish mumkin.

Ark qoʻrgʻoni oldida salkam ikki ming nafar tomoshabinga moʻljallab barpo etilgan, qush parvozi balandligidan qaralsa tilla zirak shaklini eslatuvchi koʻchma amfiteatrda gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi konsert dasturi toʻplanganlarga xush kayfiyat ulashdi.
https://xs.uz/uz/post/khalqaro-zardozlik-va-zargarlik-festivalining-golib-va-sovrindorlari-aniqlandi

Author: Uyushma axborot xizmati