Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Xalqaro festivallar > 2022 yilda hunarmandchilik yo‘nalishida rejalashtirilgan xalqaro festivallar, ko‘rgazma va tadbirlarga tayyorgarlik ishlari

2022 yilda hunarmandchilik yo‘nalishida rejalashtirilgan xalqaro festivallar, ko‘rgazma va tadbirlarga tayyorgarlik ishlari

2022 yilda hunarmandchilik yo‘nalishida rejalashtirilgan xalqaro festivallar, ko‘rgazma va tadbirlarga tayyorgarlik haqidagi ma’lumotni taqdim etamiz. 2022 yil 10 — 15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida II Xalqaro Hunarmandchilik festivali o‘tkaziladi. Festivalga iqtidorli hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb qilish maqsadida “Men Qo‘qonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat ko‘rgazma va ko‘rik-tanlov tashkil etiladi. Birinchi bosqich — tumanlar…

2022 yilda hunarmandchilik yo‘nalishida rejalashtirilgan xalqaro festivallar, ko‘rgazma va tadbirlarga tayyorgarlik haqidagi ma’lumotni taqdim etamiz.

2022 yil 10 — 15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida II Xalqaro Hunarmandchilik festivali o‘tkaziladi.

Festivalga iqtidorli hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb qilish maqsadida “Men Qo‘qonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat ko‘rgazma va ko‘rik-tanlov tashkil etiladi.

Birinchi bosqich — tumanlar (shaharlar) bo‘yicha 2022 yilning aprel oyida,

ikkinchi bosqich — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha 2022 yilning iyun oyida tashkil etiladi. 

Festival doirasida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marta sentyabr oyida Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.

Dastlabki Forum  va uning doirasida «An’anaviy kulolchilikni saqlash va uni rivojlantirish: muammo va yechimlar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 2022 yil sentyabr oyida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida II Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkaziladigan kunlari tashkil etiladi.

2022 yil 1 martgacha Forum rasmiy veb-sayti ishga tushiriladi, jumladan unda hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa esdalik sovg‘alari sotuvi tashkil etiladi.

Rishton tumanida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi logotipi uchun tanlov e’lon qilindi. Tanlovda professional reklama kompaniyalari, agentliklar bilan bir qatorda jismoniy shaxslar ham ishtirok etishi mumkin.

Eng yaxshi deb topilgan 3 ta variant festivalning tashkiliy qo‘mitasi e’tiboriga taqdim etiladi. Tanlovga taqdim qilingan materiallar 2022 yil 1 mart gacha qabul qilinadi. Tanlov shartlari bilan “Hunarmand” uyushmasining veb-sayti orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 29 apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-5093-son qaroriga asosan 2022 yildan boshlab har ikki yilda may oyida Buxoro shahrida Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali hamda uning doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, ko‘rik-tanlov, taqdimot va ko‘rgazmalar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 oktyabrdagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 629-son qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan barcha tashkiliy masalalarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xarita tasdiqlandi.

Festivalni mahalliy va xorijiy ishtirokchilarga ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish hamda yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida festival logotipi ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

“Hunarmand” uyushmasi, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi, Badiiy akademiya, Turizm va sport vazirligi, Buxoro viloyat hokimligi vakillaridan iborat hakamlar hay’ati tuzilib, festival logotipi uchun ijodiy tanlov e’lon qilindi. Ijodiy tanlovga 58 ta logotip loyihalari taqdim etilib, hakamlar hay’ati 5ta logotip loyihasini tanladi. Ushbu logotip loyihalarini ko‘rib chiqib, tasdiqlash uchun tashkiliy qo‘mitaga taqdim etildi.

Xalqaro Zardo‘zlik va zargarlik festivali

https://zarfestival.uz/ veb sayti ishlab chiqildi. Ushbu saytda festival haqidagi ma’lumotlarni olishingiz mumkin. Mazkur sayt orqali xorijda faoliyat olib borayotgan hunarmandlar ariza topshirishni boshladi. Bu bo‘yicha tashqi ishlar vazirligi bilan ish olib borilmoqda.

Festivalda ishtirok etadigan mahalliy ishtirokchi hunarmandlarning ro‘yxatlari va yig‘ma jild xujjatlari shakllantirildi .

Shu bilan birgalikda hunarmandchilikka oid kitob, albom, ustida ish olib borilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmog‘i vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda “Uzbek Jewellery Fair” zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.

Buxoro shahrida “Ipak va ziravorlar” an’anaviy xalqaro festivali ham o‘tkaziladi.

Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabr kuni “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan 2022 yildan boshlab “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida “Craft fair Uzbekistan” xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasi tashkil etiladi.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Sayilgoh ko‘chasida har yili mustaqillik bayrami arafasida «Toshkent suvenirlari» ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etiladi. 

 Yosh hunarmandlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va sog‘lom raqobatni yo‘lga qo‘yish maqsadida «Yosh hunarmandlar» festivalini o‘tkaziladi.

 Bunda, mazkur festivalning tuman va shahar hamda viloyat bosqichlarida saralangan yosh hunarmandlar ishtirokida respublika bosqichini Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yuksak darajada o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

2022 yil fevral oyida Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan “Hikmatlar olami” II xalqaro hattotlik festivalini o‘tkaziladi.

Author: Uyushma axborot xizmati