Samarqand shahridagi «Hunarmandlar markazi»da Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
R.Mirzaahmedov dastlab mamlakatimizda hunarmandlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, ustalar erishayotgan yutuqlar, soha oldida turgan muammolar, shuningdek, Samarqand hunarmandchiligining salohiyati haqida fikr yuritdi. Xususan, Prezidentimizning 2023-yil 12-iyundagi “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosiga ko‘ra, hunarmandlarga yaratilgan bir qator imtiyozlar haqida so‘z yuritdi.
Tajribali hunarmandlar, akademik kulol va yosh ustalarning fikrlariga quloq tutdi.
Ta’kidlandiki, 2025-yil 1-yanvar holatiga viloyatda uyushma a’zolari 2500 nafardan ziyod bo‘lib, 2024 yilning o‘zida 1110 nafar hunarmand uyushmaga a’zo bo‘lgan. Yil davomida joylardagi hokim yordamchilari hamda “Mikrokreditbank” bo‘limlari tomonidan 117 nafar hunarmandga 2 milliard 213,1 million so‘m miqdorida kredit, shuningdek «Usta-shogird» an’anasi asosida maktab tashkil etgan hunarmandlarga shogird tayyorlash uchun subsidiyalar ajratilgan.
Natijada qo‘lda gilam to‘qish, zargarlik, milliy qo‘g‘irchoqlar, yog‘och va mis o‘ymakorligi, kulolchilik kabi o‘nlab hunar turlari kengaydi, qo‘lda tayyorlangan mahsulotlar soni oshdi, 6263 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, «Usta-shogird» maktabiga 2889 nafar shogird biriktirildi.
Yaratilgan imtiyozlar tufayli yil davomida tashkil etilgan 62 ta respublika va xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda 450 nafar hunarmand o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Buning natijasida hunarmandlarning chet mamlakatlarda ham kichik ustaxonalari yoki “master-klass” o‘tkazuvchi maydonchalari yaratildi.
Shundan so‘ng sayyor qabul boshlandi. Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan 50 nafardan ziyod hunarmandlar o‘zlarining sohaga oid murojaat, muammo va takliflarini bildirdi. Savollarga “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov va uyushmaning Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov javob qaytardi.
– Salkam yigirma yildan buyon misgarlik bilan shug‘ullanaman, – deya savol berdi Abdulla Saidov. – Mis xomashyosi bizda chet davlatlardagiga qaraganda nisbatan qimmat. Oqibatda mahsulotlarimizning tannarxi oshib ketyapti. Uning narxini tushirish yoki mahalliy mis xomashyolarini hunarmandlarga imtiyoz asosida yetkazib berish mumkinmi?
– Mahalla raislari ustaxonamizga kelib, o‘z hududida “Usta-shogird” asosida kichik mashg‘ulotlar o‘tkazish maktabi tashkil etish haqida iltimos qilishadi, – dedi Mansur Nurillayev. – Bunday ustaxona tashkil etishimiz uchun subsidiya ajratiladimi?
Sayyor qabulda shu kabi 20 dan ziyod savollar berildi. Rasuljon Mirzaahmedov savollarga batafsil javob berdi, ayrimlari bo‘yicha yuqori tashkilotlarga taklif bilan chiqishini bildirdi.
Uyushma raisi kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan bir necha hunarmandlarning ustaxonalarida bo‘lib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.