Qo‘qon shahrida ikkinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivalida 70 dan ortiq mamlakatdan ustazoda hunarmandlar, xalq amaliy san’ati ustalari, mutaxassislar, faxriy mehmonlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etishdi. Madaniyat vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi va Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan festivalda yurtimizning barcha hududlaridan mingga yaqin hunarmandlar qatnashib, mahsulotlarini namoyish etdi.
Festival doirasida ishtirokchilarning tantanali yurishlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, “An’anaviy badiiy hunarmandchilikni saqlash va rivojlantirish sohasida jahon amaliyoti” mavzusida ilmiy konferensiya, xalqaro va o‘zbekistonlik hunarmand-dizaynerlar ishtirokidagi modalar namoyishi, xalq sayillari, “O‘zbekiston hunarmandchiligi” kitob-albomi taqdimoti o‘tkazildi.