Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Uchtepa tumanidagi hunarmandlar murojaatlari e’tiborda

Uchtepa tumanidagi hunarmandlar murojaatlari e’tiborda

Rasmiy munosabat! 2023 yilning 24 noyabr kuni “Milliy” telekanali “Millar” ko‘rsatuvi orqali “Hunarmandlar ko‘chada qoladimi”- degan mazmundagi videomaterial e’lon qilindi. Videomaterialda Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan manzilda to‘satdan ko‘pqavatli uylarning qurilishi boshlangani, mutasaddilar ustalarga “Foziltepa” ko‘chasida qurilayotgan ko‘pqavatli uylarning birinchi qavatidan joy berilishini aytishgani, biroq ustaxona hali ham berilmayotgani haqida so‘z borgan. O‘zbekiston…

Rasmiy munosabat!

2023 yilning 24 noyabr kuni “Milliy” telekanali “Millar” ko‘rsatuvi orqali “Hunarmandlar ko‘chada qoladimi”- degan mazmundagi videomaterial e’lon qilindi. Videomaterialda Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan manzilda to‘satdan ko‘pqavatli uylarning qurilishi boshlangani, mutasaddilar ustalarga “Foziltepa” ko‘chasida qurilayotgan ko‘pqavatli uylarning birinchi qavatidan joy berilishini aytishgani, biroq ustaxona hali ham berilmayotgani haqida so‘z borgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-avgustdagi PF-5511-sonli Farmoni, Respublika Ishchi guruhining 29.07.2019 yildagi 4-sonli bayoni hamda Toshkent shahar hokimligi va «TURON MEROS» MCHJ o‘rtasida tuzilgan 11.11.2019 yildagi 397-sonli investitsiya shartnomasiga asosan, «TURON MEROS» MCHJga Uchtepa tumani, Foziltepa ko‘chasi, 178-uy manzilida 1,5 gektar maydonda «Hunarmandlar maskani»  loyihasini qurish uchun Toshkent shahar hokimining 16.06.2020 yildagi «Yer uchastkasini zahiralash va investisiya shartnomasida ko‘rsatilgan talablarni bajarish haqida»gi 546-sonli qarori qabul qilingan.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimining 2021 yil 1 iyundagi 650-sonli qarori bilan  «TURON MEROS» MCHJga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan manzilda «Hunarmandlar maskani»ni qurish uchun 1,5 gektarli yer uchastkasi doimiy foydalanishga ajratib berilgan. Toshkent shaxar Qurilish bosh boshqarmasi Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 08.01.2021 da 5467 –sonli xulosasi berilgan. Mazkur manzilda barpo etiladigan “Hunarmandlar maskani” 50 nafar hunarmandlar ish faoliyatini yuritish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, shundan 32nafari sobiq Uchtepa tumani Uyg‘ur 467-uy manzilda faoliyat yuritayotgan hunarmandlarga ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 25 nafar hunarmandlar ish joyiga muxtoj. Uchtepa tumani Uyg‘ur 467-uy manzilda ko‘p qavatli uylar qurilayotganligi hamda Foziltepa ko‘chasi, 178-uy manzildagi “Hunarmandlar maskani” qurilish ishlari bitkuniga qadar 25 nafar hunarmandlar vaqtinchalik Uchtepa tumani Ko‘kcha-Oqtepa mahallasi Jamshid 78-uy manziliga ko‘chirib o‘tkazilgan.

Ushbu videomaterialda qilingan murojaatdan Respublika “Hunarmand” uyushmasining xabari bor, shu o‘rinda aytish kerakki, mazkur masala yuzasidan 2022 yilning iyul oyida “Hunarmand” uyushmasi raisi U.Abdullayev Uchtepa tumanida faoliyat olib borayotgan hunarmandlar ustaxonalariga borib, hunarmandlar bilan uchrashgandi, ular bilan suhbatlashib, murojaatlarini, muammolarini tinglab o‘rgangan edi. 2022 yil 5 avgust kuni “Hunarmand” uyushmasi vakolati doirasida 01-05/1092-son xat bilan Uchtepa tumani hokimligi va Toshkent shahar hokimligiga ushbu masala yuzasidan murojaat qilgan. Xatda Toshkent shahrida hunarmandchilikni yanada rivojlantirish maqsadida bir guruh hunarmandlar uchun Uchtepa tumani Foziltepa ko‘chasi 178-uy manzilda “Hunarmandlar markazi”barpo etish uchun Toshkent shahar hokimining qaroriga muvofiq 1,5 gektar yer uchastkasini “Turon Meros” ma’sulyati cheklangan jamiyatiga ajratib berilganligi, shunga asosan investisiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganligi va “Turon Meros” ma’sulyati cheklangan jamiyati ta’sischilari hamda hunarmandlar o‘rtasida ko‘plab zidddiyatlar kelib chiqqayotganligi bayon etilgan va Uchtepa tumani Foziltepa ko‘chasi 178-uy manzilda qurilayotgan “Hunarmandlar markazi”ning qurilish ishlarini nazoratga olinishi so‘ralgan.

2022 yil ishchi guruh tuzilib, 2 dekabr kuni murojaatni joyiga borib o‘rganilib, hunarmandlar bilan yana bir bor suhbatlashilgan. Shuningdek, “Hunarmand” uyushmasining Toshkent shahar boshqarmasi 2022 yilning 3 yanvar kuni Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga “Turon Meros” MCHJ tomonidan qurilayotgan “Hunarmandlar markazi”ni  haqiqatdan ham loyiha-xujjatlari asosida qurilayotganligiga aniqlik kiritishda amaliy yordam so‘rab TSH-01-02-26-sonli xat bilan murojaat etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Toshkent shahar Qurilish Bosh boshqarmasi 2022 yil 14 fevral kuni 02-08-05/176 sonli javob xatida Uchtepa tumani, Foziltepa ko‘chasi, 178-uy manzilida “Hunarmandlar markazi” qurish eskiz loyihasi jo‘natilagan bo‘lib, jo‘natilgan eskiz loyihada ko‘p qavatli turar-joy binosi loyihasi ko‘rsatilganligi sababli, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2022 yil 20 yanvardagi 44658487-sonli ariza raqami bilan rad etilganligi bildirgan.

“Hunarmand” uyushmasi tomonidan hunarmandlarning murojaatlari e’tiborda. Uchtepa tumani Foziltepa ko‘chasi 178-uy manzilda qurilayotgan “Hunarmandlar markazi”ning qurilishi borasida o‘z vakolat doirasida tegishli tashkilotlarga murojaat etadi.
“Hunarmand” uyushmasi Axborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati