Samarqand kashtachiligi: Barmoqlarda yaralayotgan mo’jiza

Mavluda Hamdamova kashtado‘zlik faoliyatini onasi Narzi Nizomovadan o‘rganib, o‘zi 1978 yildan buyon mustaqil faoliyat yuritib kelmoqda. U faoliyatini Urgut tumanining Gʻo‘s qishlog‘ida boshlab, bugungi kunda Samarqand shahridagi “Samarqand hunarmandlar markazi”da ustaxona tashkil qilib, kashtachilik sohasi ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda, 18 nafar ayolni doimiy ish bilan ta’minlagan.

M.Hamdamova faoliyatining muhim tomoni shundaki, u Urgut tumanida birinchi bo‘lib kashtachilik sohasini uy yumushi, ayollar ermagidan amaliy san’at va kasb darajasiga olib chiqdi. 2010 yilda Samarqand shahrining Toshkent ko‘chasida kashtachilik buyumlari bilan savdo qiluvchi do‘kon ochdi. Hunarmand ayol bu faoliyati bilan o‘nlab ayollarni ish bilan ta’minlab, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishdi.

M.Hamdamova uyidagi ustaxonasiga o‘zbek xalq amaliy san’ati shaydolari bo‘lgan chet ellik sayyohlarni chorlab, Gʻo‘s qishlog‘ini turizm maskanlaridan biriga aylantirdi. XX asrda kashtalar asosan fabrikada ishlab chiqarilgan matolarda, kimyoviy bo‘yoqlar bilan ranglangan iplar bilan tikilardi. M.Xamdamova esa qadimiy an’analarni qayta tikladi. Buning uchun Urgutning turli qishloq va mahallarini kezib, kashtachilikda qadim zamonlarda ishlatilgan naqsh turlarini chuqur o‘rgandi. Bu izlanishlari samarasida badiiy kashtalarning “bosma”, “yo‘rma” va “chinni xayol” choklardan foydalanish uslublarini qayta o‘zlashtirildi. Natijada kashtalar qo‘lda to‘qilgan bo‘z, adras va shoyi gazlamalarda tikilishi yo‘lga qo‘yildi. U iplarni bo‘yashda tabiiy ranglar ishlatilishni tatbiq qildi hamda bu naqshlar yana kashtachilik buyumlariga qo‘llaniladigan bo‘ldi.

M.Hamdamova an’anaviy uslubda devorga osiladigan yirik bezak buyumlari: so‘zana, palak, gulko‘rpa, taxmonga tutiladigan pardalar, joypo‘sh, zardevor, bo‘g‘joma, ro‘yjolar, shuningdek oynaxalta, choyxalta, belbog‘, yostiqchalar to‘qishni keng yo‘lga qo‘ydi.

U hayoti va faoliyatini shu madaniy merosni saqlash, qayta tiklash, uni umumjahon madaniy merosining bir qismi sifatida dunyoga mashhur qilishga bag‘ishlamoqda.
2013 yil “Tashabbus-2013” ko‘rik-tanlovining Urgut tuman bosqichida 1-o‘rinni, viloyat bosqichida 1-o‘rinni egalladi. Hunarmand ayol ko‘plab ko‘rgazma va festivallarda o‘zi tayyorlagan mahsulotlari bilan ishtirok etib keladi.

U fidoyiligi, jonkuyarligi bilan hamkasblari, viloyat hunarmandlari jamoatchiligi o‘rtasida hurmat qozongan. M.Hamdamova oilali, to‘rta farzandning onasi, 2010 yildan boshlab Respublika “Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi a’zosi.

Oldingi Shahrixon milliy pichoqsozlik maktabining yetuk vakili

Fikringizni qoldiring

Toshkent sh. Doʼmbirobod koʼchasi, 74-uy, 100185

Dushanba, Juma,
9:00-18:00

Yangiliklarga a'zo bo'lish

© 2024-2025 Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanganda havola ko‘rsatilishi shart.