Raxmatxo‘ja Alixo‘jayev XVII asr oxiri XVIII asr boshlarida Shahrixon pichoqchilik san’atiga asos solgan pichoqchi usta Ismoilxo‘ja sulolasining 7 avlod davomchisi. Raxmatxo‘ja Alixo‘jayev an’anaviy pichoqchilik xunarini otasi an’anaviy pichoqchi usta Ubaydullayev Alixo‘jadan o‘rganib, avlodlaridan saqlanib kelgan mahoratni va zamonaviy usullarni uyg‘unlashtirgan holda o‘z ijodiy namunalari: qilich, pichoq, xanjar, qaychi hamda ularning tig‘i va dastalariga bezak berib o‘z ijodini boyitib kelmoqda.
R.Alixo‘jayev bugungi O‘zbek milliy pichoqsozlik san’atining eng yirik va nufuzli markazlaridan biri 200 yillik tarix an’anasiga ega Shahrixon milliy pichoqsozlik maktabining yetuk vakili va amaliy sardori. Ustaning an’anaviy va betakror sayqal berilgan “Kumush sarbasta”, Brig sarbasta”, “Suqma”, “Chilmixa” dastali “Qayqi”, “Qozoqcha”, “Tolbargi” va boshqa turdagi pichoqlari respublikadan tashqariga, qo‘shni respublikalarga, Yaponiya, Arabiston, Turkiya, Germaniya, Xindiston, Amerika kabi xorijiy davlatlarga xalqaro, badiiy ko‘rgazmalar, savdo yarmarkalari va xususiy savdogarlar orqali o‘zbek milliy pichoqchilik san’ati namunasi sifatida tarqalmoqda. “Eshon aka pichoqlari” nomi bilan elga mashhur bo‘lgan R.Alixo‘jayev pichoqlari bugungi yosh ustalar orasida yuksak did, beqiyos maxorat, kasbga muhabbat hamda buyuk qadriyatlar ramzi bo‘lib qolmoqda.
R.Alixo‘jayev qadimiy ota-bobolar an’anasini saqlab qolgan holda dastasi tabiiy qo‘tos va kiyik shoxlaridan, ilik suyaklaridan qoplab ularga sadaf ko‘zlari bilan sayqal berib Shaxrixon pichoqsozlik maktabi rivojiga ulkan xissa qo‘shib kelmoqda. “Tashabbus” ko‘rik tanlovlari Shaxrixon tumanining doimiy tashkilotchisi va O‘zbekiston Mustaqilligi bayram ko‘rgazma yarmarkalarining tashkilotchisi.
R.Alixo‘jayevning bosh shogirdi Sodiqjon Nematov “Tashabbus-2007” ko‘rik tanlovida 1-o‘rinni egallab oltin medal va Prezident sovrinini qo‘lga kiritib “Matiz” avtomashinasi bilan taqdirlangan.R.Alixo‘jayevning shogirdlari Mamirjon Sayidoxunov va Xabibullo Ustaxonovlar Ukraina poytaxti Kiyev shaxrida 2007 yilda o‘tkazilgan “Master klinok” ko‘rgazmasida ishtirok etib faxrli 2-o‘rinni egallash orqali O‘zbek milliy pichoqchilik san’atining dunyo tig‘ ustalari o‘rtasida o‘ziga xos o‘rni bor ekanligini isbot etishdi.R.Alixo‘jayevning Andijon xalq amaliy san’ati rivojiga qo‘shgan xissalari beqiyosdir.