Oddiy soz tuproqdan mo‘jiza yaratayotganlar

Rishtonning kulolchilik mahsulotlari asrlar o‘tsa-da o‘z jozibasi bilan butun dunyoni rom etib kelmoqda. Xo‘sh, buning siri nimada ekan? Avvalo, bu sopol buyumlar ekologik toza. Rishtonlik hunarmandlar bezashda tabiiy mineral bo‘yoqlar va tog‘ o‘simliklarining kulidan qo‘lda tayyorlangan noyob “ishqor” siridan foydalanadi. Sopol mahsulotlarining xaridorbop bo‘lishi va dunyo brendiga aylanishida hududdagi soz tuproqning ahamiyati katta. Bu tuproqdan…

Rishtonning kulolchilik mahsulotlari asrlar o‘tsa-da o‘z jozibasi bilan butun dunyoni rom etib kelmoqda. Xo‘sh, buning siri nimada ekan? Avvalo, bu sopol buyumlar ekologik toza. Rishtonlik hunarmandlar bezashda tabiiy mineral bo‘yoqlar va tog‘ o‘simliklarining kulidan qo‘lda tayyorlangan noyob “ishqor” siridan foydalanadi. Sopol mahsulotlarining xaridorbop bo‘lishi va dunyo brendiga aylanishida hududdagi soz tuproqning ahamiyati katta. Bu tuproqdan tayyorlangan loy shakl berish osonligi, shiradorligi va olovga chidamliligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, mahsulotlar o‘zining dizayni, qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan farqlanadi.

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida kulolchilik bugungi kunda ham rivojlanib bormoqda. Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim yuk tashish nuqtasi bo‘lgan Rishton iqtisodiy va madaniy jihatdan nihoyatda tez rivojlana boshladi. Kulollar go‘zal jozibali sopol idishlar yaratdi, bu esa ushbu mahsulotlarni boshqa xalqlar va mintaqalarning sopol buyumlaridan ajratib turadi. Rishton kulolchilik buyumlari va miniaturalari chet ellik sayyohlar qiziqishini tortayotgani bu san’at namunalariga bo‘lgan talabni kundan-kun oshirmoqda. Rishtondagi qaysi bir kulolning ustaxonasida bo‘lmang, barchasi qo‘li-qo‘liga tegmay ishlayotganini ko‘rasiz.

Ibrohimjon Komilov, Bobojon Nishonov, Hakimjon Sattorov, Sharofiddin Yusupov, Alisher Nazirov, Rustamjon Usmonov singari mashhur kulollar yaratgan mahsulotlar barchani hayratga solib kelmoqda. Bugungi kunda kulolchilik yo‘nalishida 2 ming 435 ustalar faoliyat yuritmoqda. Ularning shogirdlari soni 6 ming 800 nafardan ziyod. Rishton kulolchilik namunalari ko‘rgazmasi ilk marta 1897-yili Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan. Bugungi kunda AQSh, Angliya, Norvegiya, Avstriya, Shvetsiya, Yaponiya, Germaniya, Gollandiya, Rossiyaning jahonga mashhur muzeylarida Rishton kulolchilik san’at asarlari saqlanadi.

Ilgari rishtonlik kulollar o‘z uyida, tor ustaxonalarda ishlar edi. Xorijlik turistlar uchun sharoit yo‘q edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2021-yilda Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik markazi qurilib, kulollar ixtiyoriga berildi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 17-noyabrdagi farmonidan keyin hunarmandchilikni rivojlantirish va hunarmandlar uchun keng imkoniyatlar yaratila boshlandi. Mazkur farmonga muvofiq, Rishtonda ham kulolchilik yo‘nalishida markaz bunyod etildi. Bu yerda 20 ta ikki qavatli kulollar xonadoni, Rishton tarixi muzeyi, bank xizmatlari markazi bunyod etilgan. Uylarning birinchi qavatida ustaxona va savdo do‘koni joylashgan, ikkinchi qavatda hunarmandlar oilasi yashaydi. Xonadonlarda 6 o‘rinli mehmonxona ham mavjud. Chet ellik sayyohlar bu yerda yashab, kulollarning ishi bilan tanishishi mumkin.

Kulolchilik mahsulotlari Birlashgan Arab Amirliklari, Chexiya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Mazkur markaz xorijlik sayyohlarning “tashrif qog‘ozi”ga aylangan. Endilikda bunday markazlar faoliyati yanada ko‘paymoqda. Hunarmandchilik an’analari rivojlangan “Qalaynov”, “To‘raobod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham muzey va hunarmandlar markazlari tashkil etildi. Usta-kulol Shokirjon Ahmadjonov imkoniyatlardan foydalanib kulolchilik klasterini tashkil etdi. Qiymati 10 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha ishga tushirilgach 30 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, hududdagi 3 ming nafar aholi kasanachilik asosida ishga jalb etildi. –Hunar tufayli dunyoning ko‘plab shaharlarini ko‘rdim, – deydi Sh. Ahmadjonov. – Shu bilan birga xorijliklarning o‘zi ustaxonamizga kelib kulolchilik faoliyati bilan tanishmoqda. Ayni paytda klasterning har bir a’zosi mehnatiga qarab oyiga o‘rtacha 2-4 million so‘mgacha daromadga ega bo‘lmoqda.

Rishtonlik yana bir usta-kulol Alisher Robilov yashash xonadonida tashkil etgan ustaxonasida 12 nafar shogirdi birga sara kulolchilik mahsulotlarini tayyorlab, Rossiyaga eksport qilmoqda. Hududdagi “Sher and Temur chinnilari”, “Binafsha billur chinni buyumlari”, “Plate gold”, “Firdavs best ceramic” singari oilaviy korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan kulolchilik mahsulotlariga bezak berish, qolip, sopol mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida mingdan ziyod ish o‘rinlari tashkil qilindi.

O‘ttiz yil avval qadim Rishton tumanini istiqbolli turizm hududi sifatida hech kim bilmasdi. Bugunga kelib, bu boradagi fikr va qarashlar o‘zgardi. Endilikda kulollar yurtiga uzoq-aqindan kelayotgan sayyohlar safi ko‘payib bormoqda. Bu bejiz emas, albatta. Mamlakatimizda bo‘lganidek, tumanda turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish, tarixiy obidalar, milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati namunalarini kengaytirish va targ‘ib qilish bilan bog‘liq zarur sharoitlar yaratishga bo‘lgan e’tibor oshdi. Xalqimizning buyuk o‘tmishi, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy hunarmandchilik an’analari, insoniy qadriyatlari haqida yaqindan bilish istagida bo‘lgan sayyohlar safi ortib bormoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, shu yilning o‘zida ichki va tashqi turizm yo‘nalishlarida 2 million 645 mingdan ortiq mehmonlar kelgan. Ularning 500 mingdan ortig‘ini xorijiy sayyohlar tashkil qiladi. Bu yerda turizmning yangi turlari – ekoturizm, agroturizm, etnoturizm, sport turizmi, qishloq turizmi va tibbiyot turizmi singari yo‘nalishlarni tashkil etish borasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Rossiya, Italiya, Fransiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Koreya, Ukraina, Latviya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani turizm salohiyatini yanada kengaytirish imkoniyatini bermoqda. Shu kunga qadar 2 ta zamonaviy mehmonxona, 1 ta xostel, 40 dan ortiq oilaviy mehmon uylari tashkil etildi.

 Tahlillarga ko‘ra, oilaviy mehmon uylariga bo‘lgan talab kundan-kunga ortib bormoqda. Sayyohlar hashamatli mehmonxonalarda emas, o‘zbekona jihozlangan oddiy xonadonlarda yashashni afzal ko‘rmoqda. Chunki ular xalqimizning kundalik turmushi, urf-odatlari, oilaviy an’analari haqida ko‘proq bilishni istaydi. Mehmonxona uylarda zarur darajada sifatli xizmat ko‘rsatish, tozalikka alohida e’tibor berish, turistlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan. “Oltin vodiy” uch kunlik sayohat dasturi ishlab chiqilgan. “Oq yer” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ish boshlagan “Chinor plyus 2020” kulolchilik va turizm markazi ana shunday istiqbolli loyihalardan biri.

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi Islomjon Ortiqov tashabbusi bilan ishga tushirilgan majmua kulolchilik, mehmonxona va xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab olgan. Yangi markazning o‘ziga xos jihati – bu yerga kelgan sayyohlar oddiy soz tuproqdan mo‘’jiza yaratayotgan kulollar mehnat faoliyati, mashhur Cho‘ng‘ara guruchida “palovxon to‘ra” tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishish, bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega. Bu yerga umumiy qiymati 55 milliard so‘m bo‘lgan investitsiya yo‘naltirildi, mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Ellik o‘rinli zamonaviy mehmonxona yil davomida 9 ming nafardan ortiq turistlarga xizmat ko‘rsatadi.

Joriy yilning 21-23 sentabr kunlari Qo‘qon shahrida II xalqaro hunarmandchilik festivali va unga uyg‘un holda Rishton tumanida xalqaro kulolchilik forumi o‘tkaziladi. Shu bois usta-kulollar maskanida nufuzli tadbirga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Jahon hunarmandlari rishtonlik kulollarning ish jarayoni bilan tanishib, turli qiziqarli dasturlarning guvohi bo‘lishadi. Siz ham bir Rishtonga keling, bejirim va hayratli mahsulotlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring.

Author: Uyushma axborot xizmati