Munosabat

2020 yil 10 aprel kuni Oʼzbekiston Milliy axborot agentligi orqali huquqshunos Nuriddin Murodovning “Hunarmandchilik faoliyati toʼgʼrisida”gi qonun loyihasi hunarmandchilikni rivojlantirishga qaratilganmi? nomli maqolasi eʼlon qilindi. http://uza.uz/oz/society/-unarmandchilik-faoliyati-t-risida-gi-onun-loyi-asi-unarmand-10-04-2020
Аyni kunlarda hunarmandchilikni yanada rivojlanitirish boʼyicha “Hunarmandchilik faoliyati toʼgʼrisida”gi qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi qonun loyihasiga xalq ustalari, tajribali hunarmandlar, sohaga faoliyat olib borayotgan olimlar va huquqshunos, ekspertlarni jalb etgan holdaish olib bormoqda. Shu bilan birga qonun loyihasi bir qator vazirlik va idoralarga ham taklif va fikr mulohalarni olish uchun xat orqali yetkazilgan. Jamoatchilik, soha vakillari bildirilgan taklif, fikr mulohazalar oʼrganilib, qonun loyihasiga kiritilmoqda. Huquqshunos Nuriddin Murodovga taklif, fikr mulohazalar uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Maqolada keltirilgan takliflarni Oʼzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi soha mutaxassislari va qonun loyihasi bilan ishlayotgan ekspertlar, huquqshunoslar bilan koʼrib chiqib quyidagi munosabatni bildiradi.
1. Maqolada Hunarmandning yaxlit qonun asosida faoliyat yuritishi bu sohani faqatgina jilovlashga xizmat qiladi degan taklif ilgari surilgan. Bu taklif asossiz. Haqiqatdan ham, dunyodagi mamlakatlarni, shartli ravishda, ikkita guruhga ajratsak boʼladi. Birinchi guruhga ijtimoiy munosabatlarni qonun doirasida tartibga solmasdan, protsedent (asosan sud pretsedenti) asosida rivojlantirish amaliyotini qoʼllayotgan mamlakatlar kiradi. Bu mamlakatlar anglo-sakson huquqiy oilani tashkil etadilar. Ikkinchi guruhga ijtimoiy munosabatlarni qonun asosida rivojlantirayotgan mamlakatlar kiradi va ular romano- german huquqiy oilani tashkil etadilar. Mazkur mamlakatlarda pretsedent huquqi deyarli tan olinmaydi va har bir faoliyat turi qonun xujjati bilan tartibga solinishi kerak degan qoida amal kiladi. Ushbu mamlakatlar qatoriga Oʼzbekiston Respublikasi ham kiradi. Hunarmandchilik faoliyati romano-german huquqiy oilaga kiruvchi aksariyat mamlakatlarda, shu jumladan, Germaniya, Frantsiya, Ispaniyada qonun doirasida tartibga solingan va bu holat mazkur sohani rivojlantirishga toʼsqinlik qilmaydi. Аksincha, mazkur mamlakatlarda hunarmandchilik toʼgʼrisidagi qonunlar hunarmandlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
2. Maqolada muallif tomonidan 3-moddada hunarmandchilik tushunchasiga berilgan taʼrif tor yoki chegaralangan, yaʼni hunarmandchilikning barcha yoʼnalishlariga mos kelmaydi. Masalan, ganch oʼymakorligi maishiy, oʼy- roʼzgʼor, badiiy buyumlar turlariga kirmaydi deb vaj koʼrsatilgan. Mazkur vaj asossizdir, hunarmandchilikka berilgan tarif xalqaro va mamlakatimizdagi shu sohadagi mavjud tushunchalarga mos hamda hunarmandchilikning barcha yoʼnalishlariga toʼliq mos keladi. Taklif bayon etilishidan oldin taʼrifda “ijodiy” degan soʼz borligi inobatga olinmagan.
3. 4-moddada hunarmandchilik faoliyatining subʼekti sifatida buyurtmachi yoki bosh pudratchi boʼlgan hunarmand, yaʼni uchinchi shaxs sifatida ushbu faoliyatning subʼekti boʼlishi mumkinligini inobatga olib, subʼektlar doirasini kengaytiirish taklif etilgan. Bu taklifni qabul qilib boʼlmaydi, chunki buyurtmachi yoki bosh pudratchi boʼlgan hunarmand uchinchi shaxs sifatida hunarmandchilik faoliyati subʼekti boʼla olmaydi. Yaʼni, hunarmand faqatgina oʼzi yoki shogirdi bilan hunarmandchiliq faoliyatining mahsuloti (ishi, hizmati)ni ishlab chiqarsagina hunarmandchilikning subʼekti boʼladi. Аks holda u tadbirkorlik subʼekti sifatida ijtimoiy munosabatlarda qatnashadi.
4. 6-moddaning mazmunidan hunarmandning shogirdi davlat roʼyxatidan oʼtishi kerak degan maʼno kelib chiqadi. Bu navbatdagi byurokratiya deb taklif kiritilgan. Mazkur taklif asossizdir, chunki qonun loyihasining 6- moddasida hunarmandchilik faoliyati bilan shugʼullanadigan shaxs tomonidan davlat roʼyxatidan va hunarmandning “Hunarmand” uyushmasida roʼyxatdan oʼtishi haqida gap yuritilmoqda xolos.
5. 7- modda havola norma va 6- moddani takrorlaydi. Mazkur vaj asossizdir, chunki, birinchidan, mazkur moddada qator aniq normalar keltirilgan (hunarmand oʼz faoliyatini hunarmandchilik yoʼnalishlaridan biri boʼyicha amalga oshirishi lozimligi, bu davlat roʼyxatidan oʼtkazilganligi toʼgʼrisidagi guvohnomada aks ettirilishi; hunarmand 10 tagacha shogird boʼlishi mumkinligi va ayrim hunarmandlarga ustunlik berilishi mumkinligi) va bu normalar hunarmandchilik sohasining oʼziga xosligini tashkil etadi; ikkinchidan, 7 va 6 moddalar mazmun jihatidan bir-biridan farqlanadi: 6-modda hunarmandchilik subʼekti roʼyxatdan oʼtishiga bagʼishlangan boʼlsa, 7-modda hunarmandchilik faoliyatining amalga oshirishning oʼziga xosliklarini ochib beradi.
6. 7-moddaning oxirgi qismi “Raqobat toʼgʼrisida”gi qonunga zid va uni olib tashlash kerak. Mazkur taklifni qabul qilib boʼlmaydi. Haqiqatdan ham, 7-moddaning uchinchi qismida “Binolarni qurish, qayta tiklash, taʼmirlash ishlarida ustunlik va imtiyozlar milliy uslubdagi bezak, tasvir, naqqoshlik usullaridan foydalanuvchi yogʼoch oʼymakori, koshinkor va ganch oʼymakorlariga berilishi” belgilab qoʼyilgan va mazkur norma “Raqobat toʼgʼrisida”gi qonuniga, haqiqatdan ham, zid deb baholasa boʼladi. Lekin barcha mamlakatlarda, shu jumladan, rivojlangan demokratik davlatlarda ayrim milliy ishlab chiqarish sohalarini qoʼllab- quvatlash maqsadida shunga oʼxshagan monopolistik choralar koʼriladi. Аynan shu maqsadni koʼzlab qonun loyihasining mualliflari 7- moddaning uchinchi qismini qonun loyihasiga kiritganlar. Chunki hozirgi kunda respublikada amalga oshirilayotgan qurilish va taʼmirlash ishlarida, asosan, Xitoy yoki Turkiyada ishlab chiqarilgan qurilish materiallari va bezak mahsulotlari ishlatilmoqda. Natijada, barpo etilayotgan binolarning tashqi qiyofasida bizning milliy xususiyatlarimiz yoʼqolmoqda. Ikkinchidan, mazkur holat milliy uslubdagi bezak, tasvir, naqqoshlik usullaridan foydalanuvchi yogʼoch oʼymakorlari, koshinkor va ganch oʼymakorligi kabi hunarmandlarning maktabi asta-sekin parokandalikka uchramoqda. Shuning uchun, bizning fikrimizga, mazkur norma nomi zikr etilgan hunarmandlarni qoʼllab-quvatlashga xizmat qiladi.
7. 8-moddada keltirilgan hunarmandchilikni ayrim yoʼnalishlar, jumladan, “Musiqa asboblari”, “Kulollik”, “Oʼyinchoqlar”, “Charmsozlik”ning soʼzlari ot turkumiga kirib, nima degan savolga javob beradi. Bu taklif qabul qilindi, taklif mutaxasislar bilan oʼrganib chiqildi va baʼzi yoʼnalishlarning nomlanishiga tegishli oʼzgartirishlar kiritildi.
8. 9-moddada «Hunarmand» uyushmasi SSP uyushgan aʼzosi ekanligi NNT maqomiga zid va uyushmaning aʼzolari majburiy ravishda SSP ham aʼzo boʼladilar. Bu vaj asossizdir, chunki, birinchidan, “Hunarmand” uyushmasi boshqa bir uyushmaga aʼzo boʼlishi NNT maqomiga zid emas, chunki bunday man etuvchi norma “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʼgʼrisida”gi qonunida mavjud emas. Ikkinchidan, “Hunarmand” uyushmasi SSP aʼzo boʼlishi, uning aʼzolari ham SSPga aʼzo boʼladi deyilganligi huquqiy oqibatni, maʼnoni keltirib chiqarmaydi.
9. 11-modda “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʼlishi uchun Badiiy kengashning qarori kerak” degan norma NNTga aʼzolik ixtiyoriylik, ommaviylik va tenglik printsiplariga ziddir. Bu vaj asossizdir, chunki, birinchidan, “Hunarmand” uyushmasiga aʼzolik hunarmandchilik faoliyati bilan shugʼullanadigan shaxsning ixtiyoriylik asosida, uning yozma arizasiga binoan amalga oshiriladi. Ikkinchidan, “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʼlishi uchun Badiiy kengashning qarori kerak” degan normani NNTga aʼzolik ixtiyoriylik, ommaviylik va tenglik printsiplariga hech qanday aloqasi yoʼq. Badiiy kengash uning ijod mahsulini koʼrib chiqib, fuqaroning aynan hunarmand ekanligini, hunarmandni qaysi yoʼnalish boʼyicha faoliyat olib borishligini belgilaydi.
10. 19,21-22-moddalar “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʼgʼrisida”gi qonunning normalarini takrorlaydi.Bu vaj asossizdir, chunki 19 va 22- moddalardagi normalar qonun loyihasining novellalari hisoblanadi va ular boshqa qonunlarda mavjud emas. 21- moddagi normalar esa, umumiy mazmuni jihatidan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʼgʼrisida”gi qonunida ham mavjud deb xulosa qilsak boʼladi. Аmmo ular turli faoliyat sohalariga tegishli, chunki tadbirkorlik va hunarmandchilik – bir-biridan ajratib turadigan faoliyat yoʼnalishlaridir.
11. 20-modda “Raqobat toʼgʼrisida”gi qonun bilan huquqiy kolliziyaga kirishadi.Mazkur vaj asosli, lekin uni qabul qilib boʼlmaydi, 8 bandda berilgan javobga qarang.
12. 23-modda umumiy tusdagi havola norma Mazkur vaj bilan kelishib boʼlmaydi, chunki mazkur moddada hunarmand va shogird oʼrtasidagi munosabatlarning asosiy printsiplari mustaxkamlab qoʼyilgan. Printsiplar esa aynan shu tahrirda beriladi.
13. 25-moddagi normalar allaqachon Fuqarolik kodeksida mustaxkamlab qoʼyilgan. Bu vaj asossizdir, chunki, birinchidan, mazkur moddadagi “Oʼn sakkiz yoshgacha boʼlgan shaxs hunarmandning shogirdi sifatida ishlashga uni umumtaʼlim maktabi yoki kasb-hunar oʼquv yurtida albatta oʼqishi sharti bilan qoʼyiladi” degan norma Fuqarolik kodeksida mavjud emas. Ikkinchidan, Fuqarolik kodeksida barcha normalar ramkali normalar hisoblanadi, shu sababli ular boshqa qonun hujjatlarida ham qayd etilishi mumkin. Uchinchidan, “Normativ-huquqiy xujjatlar toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasining qonuniga muvofiq, qonunlarda boshqa qonun hujjatlarida mustaxkamlab qoʼyilgan normalarni keltirish mumkin.
14. 29-moddasi koʼproq “Muzeylar toʼgʼrisida”gi qonunning predmetiga kiradi, uning ikkinchi qismi esa yuridik texnikada yangilik. Bu vajlarni qabul qilib boʼlmaydi, chunki, birinchidan, hunarmandchilik muzeylariga oid normalar aynan mazkur qonunning predmeti hisoblanadi; ikkinchidan, mazkur moddaning ikkinchi qismi qonunchilik texnikasiga (muallif uni notoʼgʼri yuridik deb atagan) muvofiq tayyorlangan.
15. Qonun kontseptsiyasi va matni davlatimiz rahbarining bu boradagi Farmonida belgilab bergan maqsad-vazifalarni qamrab olmagan Bu vaj umuman asossiz, chunki mazkur qonun loyihasining kontseptsiyasi va matnidagi aksariyat normalar va jumlalar hunarmandchilik sohasiga oid Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-5242-sonli Farmoni, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-4539-son qarori va boshqa bir qancha hunarmandchilik sohasiga oid qarorlari (farmon va qarorlari)ga asosan tayyorlangan.

 

Uyushma Аxborot xizmati

Author: Uyushma axborot xizmati