Hunarmand uyushmasi > Yangiliklar > Yangiliklar > Buxoro Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivaliga chorlaydi

Buxoro Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivaliga chorlaydi

O‘tmishda qadimiy ipak yo‘lida joylashgan Buxoroga kelgan tujjoru sayyohlar e’tiborini nafaqat ko‘hna me’moriy obidalar, balki hunarmandchilik mahsulotlari bozori ham o‘ziga jalb etgan. Xususan, zardo‘zu va zargar qo‘l mehnati namunalari o‘z usuli va rang-barangligi bilan xorijliklarni maftun etgani moziydan ma’lum. Hozirda ham xorijda Buxoro deganda, yuqorida tilga olingan osori atiqalar, albatta, tilga olinadi.  Mustaqillik yillarida mazkur…

O‘tmishda qadimiy ipak yo‘lida joylashgan Buxoroga kelgan tujjoru sayyohlar e’tiborini nafaqat ko‘hna me’moriy obidalar, balki hunarmandchilik mahsulotlari bozori ham o‘ziga jalb etgan. Xususan, zardo‘zu va zargar qo‘l mehnati namunalari o‘z usuli va rang-barangligi bilan xorijliklarni maftun etgani moziydan ma’lum. Hozirda ham xorijda Buxoro deganda, yuqorida tilga olingan osori atiqalar, albatta, tilga olinadi.

 Mustaqillik yillarida mazkur san’at yo‘nalishlarini milliy qadriyat sifatida rivojlantirish diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Prezidentimizning 2021 yil 29 aprelda qabul qilingan “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ham bunga dalil.

 Muxbirimiz respublika “Hunarmand” uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Akbar MUHAMEDOVga davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qaror ijrosi, xalqaro anjumanga tayyorgarlikning borishi xususida qator savollar bilan murojaat qildi.  

 – Akbar Axmedovich, har ikki yilda o‘tadigan xalqaro festivalning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?  

 – Nufuzli anjuman xalq amaliy san’atining zardo‘zlik va zargarlik an’analarini rivojlantirish, ularning noyob usullarini targ‘ib etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy- gumanitar aloqalarni kuchaytirish, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasbiy an’analar va hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash hamda mintaqaning turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida o‘tkaziladi.   

 Uning vazifalari doirasi yanada keng. Milliy hunarmandchilikning zardo‘zlik va zargarlik yo‘nalishida mehnat qilib, soha rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan tajribali, iste’dodli hunarmandlarni aniqlash, ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish, uning noyob hamda yo‘qolib borayotgan namunalarini saqlash, qayta tiklash, hududlarda zardo‘zlik va zargarlikni jadal rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarga o‘rgatish, yangi ish o‘rinlari yaratish shular sirasiga kiradi. 

 Shuningdek, zardo‘zlik va zargarlik namunalarini milliy brend sifatida xalqaro miqyosga olib chiqish, xalqimizning milliy madaniyati an’analarini namoyish etish orqali sayyohlarni jalb qilish, festivalni jahon miqyosida keng tanitish va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish tadbirning muhim vazifalaridan.

Bundan tashqari, festival zardo‘zlik va zargarlik namunalarining keng taqdimoti, har bir hudud tarixi, hayot tarzi, hunarmandchilik maktabi an’analarini aks ettiruvchi hunarmandlar shaharchalari maketlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, hunarmand-dizaynerlar yaratgan mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish, xalq sayillari, folklor va dorbozlik jamoalari, askiyachi va qiziqchilarning teatrlashgan tomoshalarini, san’at vakillarining konsert dasturlarini, usta-hunarmandlarning mahorat darslarini, rassomlar xiyoboni, ekskursiya marshrutlarini tashkil etish masalalarini qamrab oladi.

   – Buxoro an’anaviy “Ipak va ziravorlar” xalqaro festivalini o‘tkazishda katta tajribaga ega. “Zardo‘zlar va zargarlar”ni tashkil etishda ham bu tajribaga murojaat qilinadimi? Yana bir savol. Yangi festivalga qanday hozirlik ko‘rildi? 

   – Milliy qadriyatimizlardan biri – hunarmandchilikni rivojlantirishda qaratilgan “Ipak va ziravorlar” festivali sayyohlarni jalb qilishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Uni o‘tkazishda kattagina tajriba to‘plandi. Uning dasturidagi qator tadbirlar ilk bor tashkil etilayotgan xalqaro “Zardo‘zlik va zargarlik festivali”dan ham o‘rin olgan. Ammo ta’kidlash kerakki, yangi anjuman salohiyati va nufuzi bilan ajralib turadi. Jahonda unga qiziqish katta. Festivalga dunyoning 20 ga yaqin mamlakatidan 130 nafar zargar va zardo‘z ustalar, ko‘plab rasmiylar qatnashishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tadbirga viloyatimiz va respublikamizning qator hududlari soha vakillari hisoblangan 250 nafar hunarmand o‘z mahsulotini namoyish etadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, mustaqillikdan keyin, xususan, keyingi yillarda mamlakatimiz rahbariyatining hunarmandchilikni turli imtiyozlar bilan qo‘llab-quvvatlashi tufayli Buxoro viloyatida zardo‘z va zargarlar soni ikki barobarga oshdi. Ularning ko‘pchiligi yoshlar. Umuman, soha bandlikni ta’minlashga ham xizmat qilmoqda. 

 Endi festivalga tayyorgarlik xususida. Ma’lumki, Buxoro viloyati hokimligi, Investisiya va tashqi savdo vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, respublika Savdo-sanoat palatasi, “O‘zbekzargarsanoat” va “Hunarmand” uyushmalari mazkur tadbir tashkilotchilari sifatida belgilangan. Ular bir yildan ziyod vaqt mobaynida yirik anjumanga ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi” asosida ko‘lamli ishlarni amalga oshirdilar.

   – Xalqaro festival dasturidan qanday tadbirlar o‘rin olgan?

   – Anjuman dasturi keng va rang-barang. Festival 21 may kuni ertalab Nodir devonbegi madarasasidan Ark qal’asigacha bo‘lgan 1,2 kilometr masofani o‘z ichiga olgan hudud bo‘ylab hunarmandlarning bayramona yurishi balan boshlanadi. Bir necha kun davom etadigan mahalliy va xorijiy hunarmandlar mahsulotlari savdo ko‘rgazmalari shahrimiz va uning mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otishi aniq. Bu tadbir o‘tadigan Ark qal’asi hududi oldidagi bog‘ maydonida savdo ayvonlari barpo etilyapti. Shu yerda “Kashtado‘zlik – milliy qadriyat, moziyga nazar” nomli milliy ko‘rgazma ham tashkil etiladi. Ta’kidlash o‘rinli, mazkur ko‘rgazma yurtimiz, xususan, Buxoroda ham kashtachilik uzoq tarixga egaligining e’tirofidir.

 Aynan shu bog‘da “Kinofotofond” agentligi tomonidan yaratilgan zardo‘zlik va zargarlik tarixiga oid videofilm ham namoyish etiladi.

 Tadbirning birinchi kuni oqshomida festival Ark qal’asi maydonida rasman ochiladi. Unda teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etiladi.

 Festival kunlari Labi hovuz, Nodir devonbegi madrasasi, Timi Adullaxon, Toqi sarrofon, Toqi telpakfurushon, Toqi zargaron hududlari bo‘ylab Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Xorazm zardo‘zlik va zargarlik maktablari hamda mahalliy va xorijiy kashtado‘z usta hunarmandlarining mahorat darslari bo‘lib o‘tadi.

 Shuningdek, Buxoro zardo‘zlik maktabi ham ochiladi. Festival doirasida Ko‘kaldosh madrasasida tashkil etiladigan mahalliy va xorijiy dizayner hamda hunarmandlar ishtirokidagi “Bukhara Fashon days” maxsus modalar namoyishi ko‘pchilikni qiziqtirishi, shubhasiz.

 Bundan tashqari, tadbir dasturiga muvofiq, yosh hunarmandlar ko‘rgazmasi, Buxoro shahridagi mashhur zardo‘zlik va zargarlar ustaxonalariga ekskursiyalar, “Har bir xonadonga – kashta durdonasi” chellenji o‘tkaziladi.

 Festival kunlari ko‘hna Ark qal’asining kunchiqar tomoniga albatta keling. Bu yerda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri madaniyat muassasalari tomonidan tashkil etiladigan xalq sayillari, qo‘g‘irchoqbozlik, dorbozlar va folklor-etnografik jamoalarning badiiy chiqishlari, shuningdek, usta oshpazlar ishtirokidagi osh tanlovlari o‘tkaziladi.

“Sahid Zarafshon” mehmonxonasi ham soha mutaxasislari va olimlar bilan gavjum bo‘ladi. Unda “An’anaviy zardo‘zlik, zargarlik va kashtado‘zlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi. Shuningdek, “O‘zbekiston zargarlik va zardo‘zlik san’ati”, “Zargarlik san’ati” kitoblari taqdimoti ham o‘tkaziladi.

 24 may oqshomida Ark qal’asi old maydonida Xalqaro “Zardo‘zlik va zargarlik” festivali nihoyasiga yetadi. Uning tantanali yopilish marosimida tadbir g‘oliblari taqdirlanadi va estrada, an’anaviy qo‘shiq ijrochilari ishtirokida galakonsert namoyish etiladi.

Suhbatdosh:
Erkin YODGOROV,
Buxoronoma” muxbiri

Author: Uyushma axborot xizmati