ASRLARGA TENG RISHTALAR

Umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi bo‘lgan xalq amaliy san’ati dunyodagi har bir xalq hayotida, uning turmush tarzi va qadriyatlari rivojida alohida o‘rin tutadi. Shu ma’noda, bu nodir san’at xalqning aql-zakovati, noyob iste’dodi va azaliy qadriyatlarini bamisoli ko‘zgudek o‘zida yorqin aks ettiradi.
Sharqu Gʻarbni bog‘lovchi ko‘prik – Buyuk Ipak yo‘lida madaniyatlar birlashgan maskanlardan biri O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida o‘ziga xos hunarmandchilik maktablari shakllanib, avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda, xususan yog‘och o‘ymakorligi, ganchkorlik, kulolchilik, to‘qimachilik, zardo‘zlik, sozgarlik, kandakorlik, zargarlik va boshqa shakllarining har biri necha ming yillik tarixga, o‘ziga xos ijodiy maktab va an’analariga, atoqli namoyandalariga ega.
O‘zbekistonlik ustalar tomonidan tayyorlangan ko‘plab badiiy hunarmandchilik va amaliy san’at mahsulotlari bugungi kungacha dunyoning mashhur muzeylarida saqlanishi ularning jahon xalqlari tarixida naqadar buyuk ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Bu noyob san’atning ko‘plab yo‘nalishlarida samarali faoliyat ko‘rsatgan va ularning izdoshlari bo‘lgan iste’dodli hunarmandlar doimo el-yurtning hurmat-ehtiromiga sazovor bo‘lib, «usta», «ustazoda» degan sharafli nomlar bilan e’zozlanishi albatta bejiz emas.
O‘zbekistonda ana shu boy madaniy merosni asrab-avaylash, rivojlantirish, bu borada tarixiy an’analarni izchil davom ettirib kelayotgan mohir ustalarning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tegishli farmon va qarorlar qabul qilinib, ularga yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilgan hamda ularni qo‘llab-quvvatlaydigan, huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, o‘z safida minglab zahmatkash hunarmandlarni birlashtirgan “Hunarmand” uyushmasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
2022-2024-yillarda mamlakatimizdagi usta-hunarmandlar soni 7 barobarga, shogirdlar soni 9 barobarga ko‘payib, sohada band bo‘lganlar 230 ming nafarni tashkil etmoqda. Ularning aksariyati mashhur sulola davomchilari bo‘lib, sohaning qadimiy an’analarini zamonaviy uslublar bilan uyg‘unlashtirgan holda rivojlanishiga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Amaliy san’at turlarini qayta tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida dastlab amalda bo‘lgan 25 ta hunar turlari soni 34 taga, bugunga kelib esa 43 taga ko‘paydi.
Hunarmandlarga imtiyoz va preferensiyalar berilishi natijasida 83,4 mingta hunarmand uyushma a’zoligiga qabul qilindi.Quvonarlisi, o‘tgan davr mobaynida uyushmaga a’zo hunarmandlardan 47 nafari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixona va vakolatxonalari ko‘magida MDH, Yevropa va AQSH davlatlariga hunarmandchilikning kulolchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamchilik va qo‘lda gazlama to‘qish yo‘nalishlari bo‘yicha jami 40 mln. AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi.
Hunarmandlarning xalq amaliy san’ati milliy katalogiga faxriy va xalqaro ko‘rgazma hamda tanlovlarda g‘olib bo‘lgan 261 nafar hunarmandlar kiritildi. Shuningdek, 2,6 mingdan ortiq hunarmandlar turizm reyestriga kiritilib, ushbu soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Jahonda madaniyat va turizm sohasida mamlakat imidjini oshirish, ijtimoiy, madaniy sohalarda xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida respublika hududida jami 15 ta xalqaro, 1 993 ta mahalliy tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, 2022 yilda Buxoro shahrida o‘tkazilgan Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalida 58 mamlakatdan 211 nafar xorijlik, 700 nafar mahalliy, 2023 yilda o‘tkazilgan II Xalqaro hunarmandchilik festivalida 70 davlatdan 260 nafar xorijlik, 950 nafar mahalliy, shu bilan birga, festival doirasida tashkil etilgan Xalqaro kulolchilik forumida 30 ta mamlakatdan 80 nafar xorijlik, 140 nafar mahalliy hunarmand ishtirok etdi.
Bundan tashqari, o‘tgan uch yilda 21 ta xorijiy davlatda 37 ta festival, ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etilib, unda 541 nafar hunarmand ishtiroki ta’minlandi.

        Jahon hunarmandchilik Kengashining 2019 yilning 23 iyulidagi qaroriga ko‘ra, Qo‘qon shahriga yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha Hunarmandchilik shahri maqomi berildi. Shuningdek,undan so‘ng, Hunarmandchilik shahri maqomi Buxoro hamda Marg‘ilon shaharlariga ham berildi. Xalkaro tashkilotning bunday e’tirofi yurtimizda hunarmandchilik qadimdan boy an’analar asosida rivojlanib kelayotganligini ko‘rsatadi. 2020 yilda Butunjahon Hunarmandlar Kengashi – Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasining 2021-2024 yillar Prezidentiligini O‘zbekistonga topshirildi. Ushbu xalqaro tashkilotning Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasi bo‘yicha ofisini O‘zbekistonga olib kelinishi va nufuzli tadbirlarini O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va mavqeini oshirishga xizmat qildi albatta.
Birinchi “Xalqaro hunarmandchilik festivali”ga tashrif buyurgan Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyni, Turkmaniston Respublikasi Madaniyat vaziri Atageldi Ashurovich Shamiradov, Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vaziri Asxat Razdukovich Oralovni, Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Altunbek Askarovich Maksutovni,Eron davlati turizm va hunarmandchilik vaziri o‘rinbosari Mayam Jelali,Malayziya janubiy Kuching shahar meri Ve Xong Sengni bundan tashqari, Amerika Qo‘shma shtatlari Santa Fe International Folk Art Market ijrochi direktori Suzanne Sagg, Fransiyalik «A.S.I.E.» Jamiyati Prezidenti Philipe Bursaltni, Hindistonlik O‘zbekistonning Hindistondagi turizm elchisi Ritu Beri shuningdek, YUNESKOning yuqori martabali vakillari hamda Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo-Tinch okeani, Amerika va Afrika mintaqalari bo‘yicha rahbarlari, dunyoning 70 ta davlatidan 260 dan ziyod mohir hunarmand, taniqli madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etganligini alohida qayd etish mumkin.
Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyoda, balki butun jahonda jadal taraqqiy etib borayotgan davlat. O‘zbekiston va Malayziya xalqlari o‘rtasidagi umumiy din, mushtarak urf-odat va qadriyatlarga asoslangan azaldan yaqin aloqalar bo‘lgan. Bugungi kunda O‘zbekiston-Malayziya munosabatlari mustahkamlanib, ko‘p qirrali hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim 2024 yil 17-19 may kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Malayziya Hukumati rahbari Samarqand va Buxoro shaharlariga ham tashrif buyurib, xalqimizning boy madaniy-tarixiy va ma’naviy merosi bilan tanishdi.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Buxoroga tashrifi chog‘ida Buxoro gilamchilik markazida bo‘ldi. Martabali mehmon bu yerda ipakdan to‘qilayotgan turli hajmdagi gilamlarning to‘qilish jarayonini kuzatdi va gilamdo‘zlarning qo‘l mehnati bilan yaralayotgan mehnat mahsulidan hayratda ekanini yashirmadi. — Qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Nafis va go‘zal gilamlarning to‘qilish jarayonini kuzatish kishiga zavq bag‘ishlaydi. Hayratdaman,— deydi Bosh vazir janoblari.
Darhaqiqat, O‘zbekiston hunarmandchiligi qadimiy tarixi va tabiiy manzaralari kabi juda boy va xilma-xil. U turli halqlarning madaniy an’analarini qorishmalarini o‘z ichiga oladi. O‘zbek xalqining an’analarga boy madaniyati va hunarmandchiligi ko‘p asrlar davomida rivojlanib, sharqona madaniyatlardan o‘ziga xos va noyob xususiyatlari bilan farq qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini rivojlantirish, soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu kompleks chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda hunarmandchilik sohasi yanada kengayib boraveradi.

Oldingi O’zbekistonlik hunarmandlar Mashxad shahridagi hunarmandlar bilan o’zaro tajriba almashmoqdalar

Fikringizni qoldiring

Toshkent sh. Doʼmbirobod koʼchasi, 74-uy, 100185

Dushanba, Juma,
9:00-18:00

Yangiliklarga a'zo bo'lish

© 2024-2025 Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanganda havola ko‘rsatilishi shart.