Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan ajratilgan grant asosida “Hunarmand” uyushmasining “Ajdodlar merosi vorislar ardog‘ida. Usta-shogird an’analari barhayot” loyihasi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Bugun Respublika “Hunarmand” uyushmasida ushbu loyiha doirasida tashkil etilgan hunarmandchilik o‘quv-kurslarini tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi Toshkent shahar bo‘linmasi rahbari – Hayotxon Qo‘chqorova, Respublika «Hunarmand» uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaaxmedov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi Ijtimoiy muammolarni o‘rganish va tanlovlarni shaklantirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Dilbar Usmanova, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiatsiyasining Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Dilmurod Izzatov, Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi Toshkent shahar bo‘linmasi eksperti Mavluda Tadjiyevalar ishtirok etdi.
O‘tgan olti oy davomida loyiha doirasida hunarmandchilikning kashtachilik, zardo‘zlik, oddiy metallardan milliy uslubda taqinchoq yasash, hamda makrame va qo‘lda to‘qilgan buyumlar yo‘nalishlari bo‘yicha 100 nafardan ortiq ish bilan band bo‘lmagan, hunar o‘rganish istagida bo‘lgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar, shuningdek talaba yoshlar hunar o‘rgandi.
Bitiruvchilar orasidan 4 nafar xotin-qizlar hunarmand sifatida ro‘yxatdan o‘tib, o‘z faoliyatini boshladi. Shuningdek, qolgan xotin-qizlarning shogird sifatida bandligi ta’minlanib, guvohnomalar berildi.