XATTOTLIK SAN’ATI USTASI

Habibulloh Solih O‘rta Osiyoda ajdodlar kashf etgan, Qur’onni ko‘chirishda qo‘llaniladigan nasx, buyruq va farmonlarni yozishda ishlatiladigan tavqe, maktubga xos riqo va boshqa xat uslublarini mukammal egallagan mohir xattotdir. Ismoil maxdum Sottiyev, Abdug‘afur Razzoqov (Buxoriy) uning xattotlik yo‘nalishida ustozlaridir. Qolaversa, bobosi Domla Solih Karimov Buxoro amirligida xattot kotiblardan bo‘lgan.
Qur’oni Karimning Usmon nusxafini yetti marta ko‘chirgan xattot Habibulloh Solih nafaqat kitobotchi xattotlar balki, islom olamida ham taniqli shaxs hisoblanadi. Uning kolleksiyasida hozir ham o‘zi tomonidan ko‘chirilgan bir necha Qur’oni Karim nusxalari bo‘lib, ayrim sahifalari tilla yordamida zeb berib ishlangan.
(Xattotlik arabcha – “husnixat yozuvchi” degan ma’noni bildirib, yozuv (xat) san’ati, kitob ko‘chirish hamda me’moriy inshootlar, badiiy buyumlarning kitoblarini yaratish kasbini anglatadi. Yozuvning paydo bo‘lishi natijasida yuzaga kelgan.)
Habibulloh Solih ko‘plab xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan tanlovlarda qatnashgan. U 1996 yili Istanbulda o‘tkazilgan Xalqaro xattotlar bellashuvida kuchli o‘nlikdan o‘rin olgan. Shuningdek, 1999 yili Pokistonning Lahor shahrida o‘tkazilgan II Xalqaro xattotlar festivalining 2-o‘rin sovrindori, “Parvin qalam” unvoni sohibidir. Habibulloh Solih 2002 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Mohir xattot va ulamo Habibulloh Solih 1998 yildan e’tiboran Uzbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi a’zosidir. U mazkur akademiyaning kumush medali bilan taqdirlangan. 2001-2003 yillarda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutida ishlagan. U mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi TIUda ilmiy xodim, o‘qituvchi, universitet manbalar xazinasida xattot bo‘lib ishlab kelgan.
2017 yilda Quvayt davlatining Al-Quvayt shahrida O‘zbekiston madaniyat kunlarining ochilish marosimi hamda ko‘rgazma tashkil etildi.
Ko‘rgazmada asosan:
Xalq hunarmandchiligi va amaliy san’ati buyumlari, xattotlik, yog‘och o‘ymakorligi, miniatyura, kandakorlik, kashtachilik, atlas va adras matolari namoyishi ham o‘tkazilgan.
Ko‘rgazmaning har bir bo‘limi, ayniqsa, xattotlik hamda xalq hunarmandchilik buyumlari, O‘zbekiston madaniy merosi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Masalan, xattot Habibullo Solih mehmonlar ishtirokida O‘zbekistonda saqlanayotgan muborak Usmon Mushafining birinchi sahifasini (Fotiha surasi) xattotlik san’ati asosida yozib berdi, ushbu yozilgan san’at asarini esdalik sovg‘a sifatida Ali Husayn al-Yuhaga taqdim etilgan.
Tadbirda Quvayt madaniyat, san’at va adabiyot milliy kengashi bosh kotibi Ali Husayn al-Yuha (vazir maqomida) va kengash vakillari, shuningdek, Quvaytdagi O‘zbekistonning Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom A’loyev hamda elchixona xodimlari qatnashgan edi.
Yillar davomida yurtimizdagi ko‘plab tarixiy obidalarga yozilgan bitiklarni tiklashda jonbozlik ko‘rsatgan Habibulloh Solih hozir ham doimiy izlanishda. «Xattotdan yuksak mahorat, bilim va ko‘nikmadan tashqari, sabr-toqatli bo‘lish ham taqozo etiladi» – deydi u. Vaholanki, bugungi yoshlar smart olamga ko‘proq ko‘ngil qo‘ygan, virtual hayotda kezilmaydigan odamlar kamdan kam uchraydi. Shunga qaramasdan, xattotlik san’ati kabi mashaqqatli faoliyatni boshidan tutayotganlar ham ko‘p deydi xattot.

 

Oldingi Pokistonda o’tkazilayotgan «EXPO LAHORE» tadbirida o’zbekistonlik hunarmandlar ham ishtirok etmoqda

Fikringizni qoldiring

Toshkent sh. Doʼmbirobod koʼchasi, 74-uy, 100185

Dushanba, Juma,
9:00-18:00

Yangiliklarga a'zo bo'lish

© 2024-2025 Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanganda havola ko‘rsatilishi shart.