TA’ZIYA

O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi, Rishton kulolchilik maktabining yettinchi avlodi vakili Sharofiddin Yusupovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Sharofiddin Isomiddinovich Yusupov kulol, sulola davomchisi, zamonaviy rishton kulollik maktabining yirik vakili.Yoshligidan otasi usta Isomiddin Yusupov (1884—1959) bilan yonmayon ishlab, rishtonlik usta Musa va g‘urumsaroylik usta Hakimga shogird tushib hunar o‘rgangan, ayniqsa, usta Ibrohim Komilov rishton kulollik maktabiga xos bo‘lgan tabiiy xom ashyodan ishqorli sir tayyorlashni puxta egallagan. 1963-yildan Rishton keramika zavodida kulol, usta (1978—80 yillarda bosh rassom), 1974-78-yillarda Qo‘qon shahrida ishqorli sirni sanoatga tatbiq etish bo‘yicha o‘tkazilgan tajribalarda qatnashgan.
Sharofiddin Yusupov rishton kulollik maktabi an’analarini ijodiy o‘zlashtirdi va rivojlantirdi, uni yangi mujassamotlar, ranglar uyg‘unligi, ramziy belgilar va boshqalar xususiyatlar bilan boyitdi.
U yaratgan lagan, ko‘za, kosa, shokosa va boshqalar sopol buyumlarida «chorbarg», «bodomgul», «anorgul» va boshqalar tasvirlarni, oq (sut rang) zaminda yashilmoviy, jigarrangbinafsha rang, yashilko‘k uyg‘unligidagi rang koloritini qo‘llaydi. U yaratgan sirkori bezaklar zamonaviy me’morlikda keng qo‘llanadi.
Yusupov asarlari bilan respublika va xorijiy ko‘rgazmalarda qatnashgan. Asarlaridan namunalar respublika va xorijiy davlatlar muzeylari va shaxsiy to‘plamlarda saqlanadi.
Samimiy, mehribon, jonkuyar inson, hunarmandchilik sohasidagi yetuk namoyonda Sharofiddin Yusupovning yorqin xotirasi uning shogirdlari, hamkasblari, do‘stlari va yaqinlari, uni yaqindan bilgan barcha insonlarning qalbida abadiy qoladi. Alloh taolo marhumning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr bersin.

Chuqur hamdardlik bilan, O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi jamoasi

Oldingi AMALIY-SEMINAR O‘TKAZILDI

Fikringizni qoldiring

Toshkent sh. Doʼmbirobod koʼchasi, 74-uy, 100185

Dushanba, Juma,
9:00-18:00

Yangiliklarga a'zo bo'lish

© 2024-2025 Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanganda havola ko‘rsatilishi shart.