Sharipovlar oilasi azaldan qorako‘l terichilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Oila asoschisi Qodir bobo Sharipov yoshligidan terini oshlash sirlarini o‘rganib, o‘z mehnatkashligi va sabr-toqati bilan ushbu sohada o‘z maktabini yaratgan. U kishining izidan borib, bugun o‘g‘li Toyir Sharipov va nevaralari Nazir hamda Nodir hunarni davom ettirib, uni zamonaviy bosqichga olib chiqqanlar.
Oila bekasi Shaxzoda Fayzullayeva qorako‘l teri mahsulotlariga sayqal berish, yangicha andozalar tashabbusini qo‘lga olgan. Oilaviy ustaxonada 30 dan ortiq turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishadi. Bular orasida bosh kiyimlar, joynamoz, so‘zana, palto, kamzul, oyoq kiyimlari va boshqa ko‘plab qo‘y terisidan tayyorlanadigan milliy mahsulotlar bor. Ularning ishlov jarayoni esa o‘ziga xos: teri avval cho‘ponlardan olinadi, keyin esa oilaning o‘zi tomonidan oshlab, to tayyor mahsulotgacha yetkaziladi.
Ushbu faoliyat nafaqat hunarmandchilik, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Har yili, ayniqsa, kuz mavsumida (asosan oktyabr oylarida) ushbu ustaxonada 10 ga yaqin mahalliy aholi ish bilan ta’minlanadi. Har bir ishchi mavsum davomida o‘rtacha 6-7 million so‘m atrofida daromad oladi. Bu esa, mahalla iqtisodiy barqarorligiga ham xizmat qilmoqda.
Sharipovlar tayyorlagan mahsulotlar nafaqat O‘zbekiston bo‘ylab, balki xalqaro bozorlarda ham o‘z xaridorini topgan. Shu kungacha Turkiya va Rossiyaga eksport qilingan mahsulotlar, milliy hunarmandchilikning xorijiy bozorda ham qadrlanishini ko‘rsatadi.
Shofirkon tumanidagi bu kabi namunali oilaviy tadbirkorlar o‘z mehnati, sabr-toqati va san’atga bo‘lgan yondashuvi orqali hunarmandchilik merosini nafaqat saqlab qolmoqda, balki uni yanada rivojlantirmoqda.