Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o’tkazilgan davra suhbatida Hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar tinglandi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2-binosining majlislar zalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Hunarmandchilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari, “Hunarmand” uyushmasi mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar tomonidan ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholini hunarmandchilik faoliyatiga keng jalb etish, hunarmandchilik sohasida bandlikni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, sohaga doir Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida ham hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ustuvor vazifa o‘rin olgan.
Tadbirda so‘nggi yillarda sohada bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar bilan birga, ayrim masalalar ham borligi, jumladan, Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida joylashgan “Avg‘onbog‘” madrasasi hamda “Obixona va minora” majmuasi ta’mirtalab holatga kelib qolgani, jamoatchilik tomonidan “Avg‘onbog‘” madrasasini “Hunarmandlar uyi” sifatida faoliyat yuritishi taklif etilayotgani qayd etildi.

Ushbu sa’y-harakatlar natijasida milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’ati rivojlanishi, bu orqali xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini to‘liq saqlab qolish, aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalarni hunarmandchilikka keng jalb etish, ularni bandligini ta’minlash mumkinligi aytib o‘tildi.
Deputatlar Xorazm viloyatida joylashgan “Yangiariq kulolchilik markazi” va boshqa hunarmandchilik ob’yektlari faoliyati o‘rganilganida, xomashyo yetishmovchiligi, mahsulotlar uchun ichki va tashqi bozorda marketing, logistika va savdo kanallari yetarli emasligi, raqobatbardosh savdo platformalari, onlayn do‘konlar va ko‘rgazmalarda ishtirok etish imkoniyatlari kamligi va infratuzilma bilan bog‘liq ayrim muammolar borligi aniqlanganini ta’kidladilar.

Qizg‘in bahs-munozaralar davomida ta’mirtalab holatga kelib qolgan tarixiy ob’yektlarning binolarini ta’mirlash, ularni hunarmandlar markazlariga aylantirish, hunarmandlarga imtiyozli shartlarda kredit berish orqali yangi asbob-uskunalar, xomashyo va ishlab chiqarish jihozlarini xarid qilish hamda yangi ishlab chiqarish syexlari, ustaxonalar tashkil etish bo‘yicha bir qator takliflar berildi.

Tadbir yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

  

Oldingi “Ajdodlar merosi vorislar ardog‘ida. Usta-shogird an’analari barhayot” loyihasi muvaffaqiyatli yakunlandi

Fikringizni qoldiring

Toshkent sh. Doʼmbirobod koʼchasi, 74-uy, 100185

Dushanba, Juma,
9:00-18:00

Yangiliklarga a'zo bo'lish

© 2024-2025 Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanganda havola ko‘rsatilishi shart.