MATBUOT ANJUMANI O’TKAZILDI

O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida “2024-yil hunarmandchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar  va 2025-yil rejalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida “Hunarmand” uyushmasi raisi R.Mirzaaxmedov, mas’ul rahbar va xodimlar, hunarmandlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizdagi usta-hunarmandlar soni 7 barobarga, shogirdlar soni 9 barobarga ko‘payib, sohada band bo‘lganlar 230 ming nafarni tashkil etmoqda. Ularning aksariyati mashhur sulola davomchilari bo‘lib, sohaning qadimiy an’analarini zamonaviy uslublar bilan uyg‘unlashtirgan holda rivojlanishiga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Amaliy san’at turlarini qayta tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida dastlab amalda bo‘lgan 25 ta hunar turlari soni 34 taga, bugunga kelib esa 43 taga ko‘paydi.

Uyushma a’zolari va kam ta’minlangan hamda ishsiz, shuningdek nogironligi bo‘lgan jami 19,4 ming nafar fuqarolarga 18,3 mlrd.so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.

O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixona va vakolatxonalari ko‘magida MDH, Yevropa va AQSH davlatlariga hunarmandchilikning kulolchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamchilik va qo‘lda gazlama to‘qish yo‘nalishlari bo‘yicha 2024-yilda jami 15.2 mln. AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi.

Hunarmandlarning xalq amaliy san’ati milliy katalogiga faxriy va xalqaro ko‘rgazma hamda tanlovlarda g‘olib bo‘lgan 261 nafar hunarmandlar kiritildi. Shuningdek, 2,6 mingdan ortiq hunarmandlar turizm reyestriga kiritilib, ushbu soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Jahonda madaniyat va turizm sohasida mamlakat imidjini oshirish, ijtimoiy, madaniy sohalarda xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida respublika hududida jami 15 ta xalqaro, 1 993 ta mahalliy tadbirlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, o‘tgan uch yilda 21 ta xorijiy davlatda 37 ta festival, ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etilib, unda 541 nafar hunarmand ishtiroki ta’minlandi.

Yana bir muhim yo‘nalishlardan biri xalq hunarmandchiligi va ijodiy an’analar keng rivojlangan shahar va tumanlarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tashkil etilganligidir.

Bugunga kelib, respublikaning 14 ta hududida umumiy maydoni 58,3 gektarga teng jami 77 ta hunarmandchilik markazlari qurilib, ularda 4,7 ming nafar (shundan, 1,8 ming hunarmand, 2,8 ming shogird) hunarmand va ularning shogirdlari faoliyat yuritib kelmoqda.

Respublikaning chekka hududlarida 29 ta qisqa muddatli bepul o‘quv kurslari tashkil etilib, ularda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 306 nafar xotin-qiz usta-shogird an’anasi asosida hunar o‘rgandi.

Shuningdek, “Jazoni ijro etish muassasalari”da ham mahkumlarga usta-shogird an’analari asosida hunar o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda, mazkur muassasalarda uyushma tomonidan 805 ta o‘quv kurslari tashkil etilib, unda 14,1 ming nafar mahkumga hunar o‘rgatildi hamda Uyushmaning maxsus sertifikatlari taqdim etildi.

Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan 2025 yilda bir qator  maqsad va vazifalar amalga oshirilishi  rejalashtirilgan. Jumladan, Uyushmaga a’zo hunarmandlar soni 29 ming nafarga yetkaziladi.

Usta-shogird an’analarini rivojlantirish orqali jami 50 ming nafar ish o‘rinlari yaratiladi, shundan, usta-hunarmandlar – 10,0 ming nafar, shogirdlar – 40,0 ming nafarni tashkil etadi.

Uyushma a’zolari va kam ta’minlangan hamda ishsiz, shuningdek nogironligi bo‘lgan jami 5 ming nafar fuqarolarga 29,3 mlrd.so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Vazirlik, idora va mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda 6 ta xalqaro, 22 ta respublika va 158 ta viloyat miqiyosida ko‘rgazma-tadbir, yarmarka va festivallar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari bilan hamkorlikda xorijda jami 12 ta ko‘rgazma, festival va savdo-yarmarkalar tashkil etilib, unda 160 nafar hunarmandlar ishtiroki ta’minlanadi.

Respublikaning chekka hududlarida 28 ta qisqa muddatli bepul o‘quv kurslari tashkil etilib, ularda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 350 nafar xotin-qiz usta-shogird an’anasi asosida hunarga o‘qitiladi.

Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda 388 ta o‘quv kurslari tashkil etilib, unda 8,4 ming nafar mahkumga hunar o‘rgatiladi.

2025 yilda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ishsiz ayollarning bandligini ta’minlash dasturiga asosan «Hunarmand» uyushmasi tomonidan respublika miqyosida 12 402 nafar hunarmandlarga 96 307 nafar xotin-qizlar hunar o‘rganishi uchun biriktiriladi.

Matubot anjumani davomida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

“Hunarmand” uyushmasi Axborot xizmati

Oldingi Uyushma raisi «Duty Free» hududida tashkil etilgan hunarmandchilik mahsulotlari savdo do‘koni faoliyatini ko‘zdan kechirdi

Fikringizni qoldiring

Toshkent sh. Doʼmbirobod koʼchasi, 74-uy, 100185

Dushanba, Juma,
9:00-18:00

Yangiliklarga a'zo bo'lish

© 2024-2025 Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanganda havola ko‘rsatilishi shart.