Jayhun Qo‘g‘irchoq teatri Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro «KukArt 2025» qo‘g‘irchoq va sintetik teatrlar festivalida munosib ishtirok etib, festival laureati va kumush diplom sohibi bo‘ldi.
Festival dunyo bo‘ylab turli xalqlarning qo‘g‘irchoq an’analarini bir joyda jamlagan bo‘lib, unda rus Petrushkasi, meksikancha ma’naviy obrazlar, o‘zbek milliy qahramonlari bir sahnada mujassamlashdi.
Teatr rahbari, xalq amaliy san’ati ustasi Mansur Quryazov nafaqat teatr namoyishlari, balki amaliy san’at va xalqona qo‘g‘irchoqlar ko‘rgazmasi bilan ham faol ishtirok etdi.
Festival doirasida Rossiyaning Birinchi telekanali tomonidan teatr va Mansur Quryazov faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus lavha efirga uzatildi.
Shuningdek, Rossiya etnografik muzeyida xalqaro etnolog Olima Tatyana xonim bilan uchrashuv tashkil etildi. Suhbatda Markaziy Osiyo qo‘g‘irchoqbozlik san’ati tarixi muhokama qilindi. Suhbat yakunida, «Ashshadaroz» etnoqo‘g‘irchog‘i muzeyga esdalik sovg‘a sifatida topshirildi.
Bu kabi yutuqlar O‘zbekistonning teatr va hunarmandchilik sohalari xalqaro maydonda muvaffaqiyatli namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi.