Do‘ppi tikdim ipaklari tillodan

Marg‘ilon qadimdan hunarmandlar shahri va ota-bobolardan meros milliy qadriyatlar bugungi kunda ham o‘zgacha mehr hamda ishtiyoq bilan davom ettirilmoqda.

Ta’bir joiz bo‘lsa, Marg‘ilonda bolalarning tanglayi biror-bir hunar bilan ko‘tariladi. Shu bois shahardagi har bir mahalla u yoki bu hunar turiga ixtisoslashgan. Ammo ipakchilar shahrida har bir oila bekasi do‘ppi, to‘n, qiyiq tikishni bolalikdan o‘rganadi va ushbu an’ana avloddan-avlodga o‘tishi ta’minlanadi.

“Terak tagi” MFY ahli do‘ppido‘zlik bilan tanilgan. Bugungi kunda mahallaning qo‘li va qalbi gul chevarlari tomonidan tikiladigan do‘ppilar Farg‘ona vodiysi, butun mamlakatimiz bo‘ylab yetkazib berilmoqda.

Bu hunar buvimdan onamga meros bo‘lgan bo‘lsa, men do‘ppido‘zlikda uchinchi avlodman, — deydi ushbu mahallada istiqomat qiluvchi do‘ppido‘z Nasibaxon Mamajonova. — Hozirgi kunda Feruzaxon sulolaning to‘rtinchi avlodi vakili sifatida ishimizni davom ettirayotganidan behad mamnunman.

Aytish joiz, keyingi yillarda do‘ppido‘zlikda “Ustoz-shogird” an’anasi keng rivojlanib, Nasibaxon opa mahalladagi 20 nafardan ziyod qizlarga mazkur hunarni o‘rgatdi. Do‘ppido‘zlikda 40 yillik tajribaga ega bo‘lib, bir haftada 20 ta do‘ppi tikadi. Bu hunar orqali bir oylik o‘rtacha daromadi 4-5 million so‘mni tashkil etadi.

Marg‘ilon do‘ppisining har bir gul va bezagida milliy qadriyatlarimiz, o‘zbek ayolining orzu-umidlari aks etadi, — deydi Nasibaxon opa. — Xususan, qalampirnusxa, oy ko‘rinishi, turli gullar orqali tinchlik, farzand kutayotgan ona, sharqona latofat timsoli singari ramzlar ifodalanadi.

E’tiborlisi, davr talabi va ehtiyojini inobatga olib, do‘ppido‘zlikda ham innovatsiyalar keng qo‘llanmoqda. Misol uchun, bugungi kunda qo‘l mehnati, tikuv mashinasida tayyorlanadigan, turli mavsumga xos bo‘lgan kattalar hamda bolalar uchun tikilgan do‘ppilarni uchratish mumkin.

Ayni paytda marg‘ilonlik do‘ppido‘zlar tikayotgan o‘nlab turdagi mahsulotlar mamlakatimiz bo‘ylab yetkazib berilmoqda.

Botir MADIYOROV / “Xalq so‘zi”

Oldingi Hunarmandlar uchun naqd pulsiz to‘lov tizimlari: Click, Payme va Yangi bank ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi

Fikringizni qoldiring

Toshkent sh. Doʼmbirobod koʼchasi, 74-uy, 100185

Dushanba, Juma,
9:00-18:00

Yangiliklarga a'zo bo'lish

© 2024-2025 Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanganda havola ko‘rsatilishi shart.